14:59 / 18.02.2023
9460

Berbok Germaniya hamkorlarini Kiyevga Leopard tanklari yetkazib berishga chaqirdi

Ukrainaga Leopard jangovar tanklarini yetkazib berishda Germaniyadan tashqari boshqa davlatlar ham ishtirok etishi kerak, «bu haqiqatan ham insonlar hayotini saqlab qolishi mumkin», dedi Germaniya tashqi ishlar vaziri.

Foto: AFP

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok ittifoqchilarni Germaniyaga ergashishga va Ukrainani Leopard asosiy jangovar tanklari bilan ta’minlashga chaqirdi. «Biz Ukraina o‘zini himoya qilishi va insonlar hayotini saqlab qolishi uchun birgalikda harakat qilishimiz kerak, shuning uchun yetkazib beriladigan modelga o‘xshashi bor boshqa hamkor davlatlarni bunday tanklar bilan ta’minlashga qat’iy chaqiramiz», dedi Berbok juma, 17 fevral kuni Germaniyaning Bayerischer Rundfunk ommaviy media kompaniyasiga bergan intervyusida.

Germaniya tashqi ishlar vazirining so‘zlariga ko‘ra, ayrim davlatlar allaqachon Ukrainaga Leopard tanklarini yetkazib berishni va’da qilgan. «Ammo bizga bunda ishtirok etadigan boshqa davlatlar ham kerak, bu haqiqatan ham insonlar hayotini saqlab qolishi mumkin», dedi Berbok.

Germaniya kansleri Olaf Shols ikkilanishlardan so‘ng 25 yanvar kuni o‘z mamlakatining Ukrainaga Bundesver zaxiralaridan 14 ta Leopard 2 A6 tankini yuborish niyatini rasman tasdiqladi. Berlin, shuningdek, boshqa davlatlarga tanklarni Ukraina Qurolli kuchlariga reeksport qilishga ruxsat berdi.

Sholsning so‘zlariga ko‘ra, vazifa Ukraina uchun zudlik bilan ikkita tank batalonini yig‘ishdir, bu nemis harbiy talqiniga ko‘ra, 90 ga yaqin jangovar texnikani, Ukrainada esa - 60 tani tashkil etadi. Keyinchalik Germaniya hukumati «batalon» tanklarni yetkazib beradigan mamlakat mezonlaridan kelib chiqib hisoblanishiga aniqlik kiritdi. 

Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius shu hafta boshida G‘arb davlatlari Ukraina Qurolli kuchlariga hozircha faqat yarim batalon Leopard 2 A6'ni jo‘natishi mumkinligini aytdi. U Germaniya hukumati va’da qilgan 14 ta tank va Portugaliyadan uchta tankni o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, Polsha Ukrainaga bitta Leopard 2 A4 batalonini yuboradi.

Shvetsiya rasmiylari hali ham Kiyevga Leopard tanklarini yetkazib bera oladimi yoki yo‘qmi va qancha hajmda taqdim eta oladi, shu masalani tekshirish bilan band. Niderlandiya, Pistoriusning so‘zlariga ko‘ra, faqat tanklar uchun o‘q-dorilar yetkazib berishda ishtirok etadi, Daniya esa faqat o‘z ishtiroki variantlarini ko‘rib chiqmoqda.

Top