10:24 / 23.02.2023
8042

Onlayn ariza berishdan kompozit xizmatgacha: 6 yil ichida FHDYo tizimida nimalar o‘zgardi?

2017–2022-yillarda fuqarolar idorama idora sarson bo‘lishining oldini olish, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish tizimidagi davlat xizmatlarini qulaylashtirishga qaratilgan bir qator o‘zgarishlar amalga oshirildi.

Kompozit davlat xizmatlari

Ilgari yurtdoshlarimiz farzandli bo‘lgach, FHDYo bo‘limlari eshiklarida sarg‘ayar, uzundan uzoq navbatlar kamlik qilganiday chaqaloqqa guvohnoma olish uchun xodimlarning qosh-qovog‘iga qarab muomala qilishga majbur bo‘lishardi.

Qolaversa, ko‘rsatiladigan xizmatlar preyskuranti ommadan sir tutilgani bois bir xil xizmat uchun turli joyda har xil to‘lov undirilardi. Ilgari birov bilib, birov bilmay qoladigan bunday ishlar ijtimoiy tarmoqlar ommalashgani ortidan fosh bo‘la boshladi.

2020 yildan tug‘ilish bilan bog‘liq barcha davlat xizmatlari umumlashtirildi, ya’ni kompozit xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.

Tug‘ilish bilan bog‘liq barcha davlat xizmatlari Foto: Adliya vazirligi

Bunda birgina ariza yuborish orqali 6 ta xizmatdan foydalanish mumkin bo‘ladi:

  • tug‘uruqxonadan bola tug‘ilganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma berish;
  • FHDYo bo‘limida bola tug‘ilganligini qayd qilish;
  • bolani otasi yoki onasining doimiy yashash manziliga ro‘yxatga qo‘yish;
  • farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa pulini olish;
  • poliklinikaga ro‘yxatga qo‘yish;
  • bolani maktabgacha ta’lim muassasasiga navbatga qo‘yish.

Kompozit davlat xizmatlari ko‘rsatilishining yo‘lga qo‘yilishi bilan 15 dan ortiq hujjat qisqarib, 4 ta idoraga borishga, fuqarolarning eshikma-eshik sarg‘ayib yurishlariga barham berildi. Bu esa Toshkentda yashayotgan viloyatliklarga o‘nga yaqin hujjatlarni poytaxtning o‘zida olish imkonini berdi.

2023 yilning 1 yanvaridan boshlab esa tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani olish uchun FHDYoga borish talab etilmaydigan bo‘ldi, tug‘uruqxonaning o‘zida tug‘ilganlik haqidagi guvohnomaga tenglashtiriladigan QR-kodli ma’lumotnomani olish mumkin. Hozircha Toshkentda joriy etilgan bu tartib 1 iyundan boshlab butun respublika hududida tatbiq qilinadi.

Eksterritorial tamoyil

Ilgari fuqarolar nikohdan o‘tish, pasport yoki haydovchilik guvohnomasi olish yoki qator hujjatlarni rasmiylashtirish uchun ishxonasining yonginasidagi yoki o‘ziga qulay lokatsiyadagi joyga emas, balki doimiy ro‘yxatda turgan manzildagi idoralarga borishga majbur bo‘lishar, bu esa ularning ham vaqti, ham naqdi ortiqcha sarf bo‘lishiga olib kelardi.

2019 yil davlat xizmatlarini olishning eksterritorial tamoyili bu – fuqarolar doimiy (vaqtincha) ro‘yxatdan o‘tgan joyidan va yuridik shaxslar pochta manzilidan (joylashgan yeridan) qat’i nazar, istalgan hududdagi Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilish imkoniyati yaratildi.

Keyinchalik eski haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish, DXMlarda abituriyentlardan hujjat qabul qilish, fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari (FHDYo) haqidagi (tug‘ilish, nikoh, nikohdan ajralish, o‘lim, yolg‘iz ona, otalikni belgilash, ma’lumotlar mavjud yoki mavjud emasligi haqida va boshqa) ma’lumotnomalarni berish yo‘lga qo‘yildi.

Prezident farmoni asosida 2021 yil 1 martdan boshlab 7 ta turdagi fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida ko‘rikdan o‘tish va transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish eksterritorial tamoyil bo‘yicha amalga oshirilishi joriy etildi.

Shuningdek, 2021 yildan avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ularga davlat raqami belgilarini berish,  Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyatlar markazlarida bittadan ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limlarida eksterritoriallik tamoyili asosida amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yildi.

Adliya vazirligi axborot xizmatiga ko‘ra, ayni paytda O‘zbekistonning barcha hududlarida jami 208 ta DXM ishlab turibdi. Ularda 261 turdagi davlat xizmatlari fuqaroning yashash joyidan qat’i nazar, ya’ni eksterritorial tamoyil asosida taqdim etiladi.

Onlayn xizmatlar

Ilgari FHDYo tizimidagi xizmatlardan faqatgina oflayn, ya’ni idoraga shaxsan borib foydalanish mumkin bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunda juda ko‘plab xizmatlar raqamlashtirilgan.

Jumladan, Yagona portal orqali nikohga kirish haqida ariza berish tartibi joriy etildi. To‘g‘ri, bu nikohni onlayn rasmiylashtirishni anglatmaydi, Oila kodeksiga ko‘ra bu mumkin emas. Ammo masofadan ariza berish imkoni yaratilgani fuqarolar uchun qulaylik bo‘layotganini e’tirof etish kerak.

Umuman, tizimda elektronlashtirish, raqamlashtirish jadal sur’atlarda davom etmoqda. Bugungi kunda adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i sifatida faoliyat yuritayotgan No‘’mon Muhammadiyev 2021 yilda Kun.uz’ga bergan intervyusida [o‘shanda u Davlat xizmatlari agentligi direktori o‘rinbosari edi – tahr.] FHDYo sohasida 60 milliondan ortiq qog‘oz ko‘rinishidagi arxiv hujjatlari elektronlashtirilgani, ayni paytda boshqa idoralarning arxivdagi hujjatlarini raqamlashtirish bo‘yicha katta ish olib borilayotganini ma’lum qilgandi.

FHDYo axborot tizimida 8 mlndan ortiq oilaning tarkibi shakllantirilgan bo‘lib, bu Yagona portalda fuqarolarga o‘zining oila tarkibini ko‘rish imkonini beryapti. Natijada 27 turdagi xizmatlar kompozit (bitta ariza orqali bir nechta xizmat ko‘rsatish) tarzda ko‘rsatilmoqda.

Adliya vazirligining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, bugungi kunda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 380 ta davlat xizmatidan onlayn foydalanish mumkin.

Aftidan raqamlashtirish jarayoni faqat shular bilangina chegaralanib qolmaydi. Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan 2023 yilgi davlat dasturi loyihasida DXMlar va my.gov.uz portali orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari ulushini 73 foizga yetkazish, to‘lovlar miqdorini kamaytirish ko‘zda tutilgan.

Xususan, 2023 yilda yana 200 ta davlat xizmatini davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilishi belgilangan.

Top