12:07 / 24.02.2023
6685

2022 yilda ko‘p kvartirali uylardagi qonunbuzilish holatlari uchun 6 mlrd so‘mlik jarimalar rasmiylashtirilgan 

8213 ta ko‘p kvartirali uylarda 11 778 ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan. 2022 yilda ko‘p kvartirali uylarda eng ko‘p qonunbuzilishlar tutash yer uchastkasida noqonuniy qurilmalar qurish holatlari bilan bog‘liq.  

Foto: Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi

2022 yil davomida 8213 ta ko‘p kvartirali uylarni o‘rganish natijasida 11 778 ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Bu haqda Kun.uzʼga Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi ma’lumot berdi.  

O‘tgan yili ko‘p kvartirali uylarda aniqlangan qonunbuzilish holatlari tarkibi quyidagicha: 

* Tutash yer uchastkasida noqonuniy qurilmalar qurish holatlari – 5 786 ta (4101 tasi bartaraf etilgan);  

* Umumiy foydalanishdagi joylarni egallab olish holatlari –  

4 024 ta (3639 tasi bartaraf etilgan); 

* To‘siq konstruksiyalari buzilishiga oid holatlar –  1365 ta (280 tasi bartaraf etilgan);  

* Uyning tayanch konstruksiyalari buzilishiga oid holatlar –  603 ta (125 tasi bartaraf etilgan);  

Vazirlikning ma’lum qilishicha, aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan berilgan majburiy ko‘rsatmalarga asosan jami 6 798 tasi bartaraf etilgan.

“Qolgan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha Uy-joy fondi inspeksiyasi tomonidan jami 2 576 ta 6 mlrd so‘mlik  ma’muriy jarimalar rasmiylashtirildi”, – deyiladi rasmiy izohda.  

Ma’lumot uchun, 2023 yil 1 yanvardan boshlab ma’muriy islohotlar doirasida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi birlashtirildi. Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi Ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi hamda Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi, shuningdek, Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi negizida QUXV huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi tashkil etildi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahridagi yangi qurilgan ko‘p qavatli uylardan birining devorlari yorilib ketgani xabar qilingan edi. Keyinchalik ko‘p qavatli uyni qurgan va sotgan shaxslar qamoqda ekani ma’lum bo‘ldi.

Avvalroq, Yangihayot tumanida mulkdorlar ko‘p qavatli uyning tom qismidan noqonuniy ravishda uy qurib olgani aniqlangandi.

Top