21:53 / 25.02.2023
20228

“Sifatli yo sifatsiz OTMni bozor aniqlashi kerak, davlat emas” - professor Azamat Akbarov bilan suhbat

Bitiruvchilari yetarlicha ish topolmagan nodavlat OTMlar yopilishi haqidagi bayonot va talabalarni odobiga qarab toifalarga ajratish topshirig‘i oliy ta’limdagi muammolar yechilmasdan, yana xaspo‘shlanishi to‘g‘risidagi xavotirlarni kuchaytirdi. Kun.uz muxbiri bu borada ta’lim bo‘yicha ekspert Azamat Akbarov bilan suhbatlashdi.

“Silk Road Research Academy” ijrochi direktori, professor Azamat Akbarov bitiruvchilarning ishga kirish ko‘rsatkichi pastligi avvalo davlat oliygohlarida boshlanganini qayd etdi.

“Aslida bunday qarorga kelinishiga sabab bo‘lgan muammolar bugun yoki kecha chiqqani yo‘q, davlat universitetlaridagi bor muammolar xususiy universitetlarga transformatsiya bo‘lib o‘tdi, xolos”, – deydi suhbatdoshimiz.

“2019 yilda bor-yo‘g‘i 2 dona xususiy universitet bo‘lib, qolgani davlat OTM hisoblangan. Ya’ni o‘sha yilda ham bu muammolar har bir universitetga tegishli bo‘lgan. Davlat universitetlari ishlab chiqarishdan uzilgan, talabalar olgan ko‘nikmalari bilan bozorda raqobatbardosh kadrga aylanmagani tufayli ishsizlar soni ko‘paygan. Bu yerda hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalarni xususiy universitetlarga tashlab, ishsizlar soni va sifatsiz ta’limga ularni aybdor deb topish bu – xuddiki pora bilan tushgan shifokorni ishdan olib, butun tizimdagi poraxo‘rlikka shu shifokor sababchi deb, aybni o‘sha xodimga ag‘darish bilan teng. Bu – muammoga yechim emas.

Buni tubdan isloh qilish kerak, holat faqat xususiy universitetlarda bormi yoki bor muammolar shu kungacha ma’lum ta’limni nazorat qiladigan organlar tomonidan yopilib kelyaptimi? Chunki hozir qaraydigan bo‘lsak, haqiqatan ham ishsizlik – jiddiy masala”, dedi Azamat Akbarov.

Professorning so‘zlariga ko‘ra, agar ishsizlik yuqoriligi uchun universitetlarning litsenziyasi olinadigan bo‘lsa, buni yillar davomida bunday shartni bajarmagan davlat oliygohlaridan boshlash kerak.

“Xuddiki shu kungacha hamma talabalari ishga joylashib, O‘zbekistonning YaIMga yoki mamlakatning iqtisodiy o‘sishiga hissa qo‘shgandek… Yaqinda xususiy universitetlar paydo bo‘lib, ta’lim sifatini buzib yuborgandek bong urishmoqda.

Xususiy universitetlar bunaqangi tazyiqqa olinishi kerak emas, bunaqangi bosimga tushishi kerak emas. Dunyoni ilm bilan tebratadigan oliygohlar – xususiy. To‘g‘ri, bularning ichida ta’limni sifatli beradigani yoki bermaydigani ham bor. Buni faqat bozor aniqlab berishi kerak, qaysidir organ emas. Chunki talablar taklifdan kelib chiqadi, agarda xususiy universitetlarga talab oshadigan bo‘lsa, bular ochilaveradi.

Eshitishimcha, hozirda talabalar davlat OTMdan chiqib, xususiylariga borishmoqda. Akademik erkinlik, talabalar o‘qish davrida ham ishga borishi, universitet tomonidan qandaydir yordam berilishi – mana shularni inobatga olgan holda qaysi universitet yopilishi yoki ochilishini ota-onalar va ish beruvchilar belgilashi kerak. Chet elda shunday”, – deydi u.

O‘zi aslida OTMlar talabalarni ish bilan ta’minlashga majburmi?

“Keling, buni yuz yillar oldin boshidan o‘tkazgan g‘arb davlatlari, masalan, Angliya, Avstraliya yoki AQShga qarasak. Bu davlatlarda universitetlar ish bilan ta’minlaydigan organ hisoblanmaydi. Lekin universitetlardan o‘quv jarayoni davrida sifatli ta’lim, ishlab chiqarish hududlari bilan integratsiyalashgan (work-integrated learning) o‘qitish tizimini tashkil etish mas’uliyati qo‘yiladi. Ya’ni bunda 3-4-kursda universitetlar katta korxonalar bilan kelishgan holda bitiruvchilarning kamida 60 foizini qisqa muddatli ishga joylashtiradi va o‘sha katta korxonalar universitetlarga katta loyihalar, million dollar turadigan grantlar ajratadi.

2 yil oldingi Avstraliyadagi statistikaga qarasak, 700 mingga yaqin korxonalar OTMlarga loyiha grantlarini topshirgan. Ya’ni bu – mlrd dollarlik pullar, talabalar universitetni bitirmay turib simulyatsiyadan o‘tishadi degani. Qaysi sohani belgilagan bo‘lsa, o‘sha bilan tanishib, sohadagi barcha yangiliklarni o‘quv jarayoniga tatbiq etib, o‘rgana boshlashadi.

Universitetning bozorga qandaydir kafolat berib: “Men senga shunday kadr yetishtirib beraman, albatta, olgin”, deyishining o‘zi bema’nilik. Bozor iqtisodiyotiga o‘tilgan bir davrda talabni ish beruvchi qo‘yadi, universitet yoki talaba emas”, – deydi Azamat Akbarov.

  • Intervyuni to‘liq holda video shaklida tomosha qilishingiz mumkin.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.

Top