11:35 / 25.02.2023
7195

Yevropa Ittifoqi Belarusga qarshi sanksiyalar bo‘yicha ishni qachon boshlashi ochiqlandi

Polshaning YeIdagi doimiy vakili so‘zlariga ko‘ra, ukrainalik bolalarning noqonuniy deportatsiyasiga mas’ul bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar hamda bir qator boshqa bandlar bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Foto: Reuters

Yevropa Ittifoqi Ukrainaga qarshi tajovuzkorligi uchun Rossiyaga qarshi o‘ninchi sanksiyalar paketining asosiy mazmuni bo‘yicha kelishib oldi. Bu haqda 24 fevral, juma kuni bo‘lib o‘tgan matbuot brifingida Polshaning Yevropa Ittifoqidagi doimiy vakili Anjyey Sados ma’lum qildi.

Doimiy vakillar ukrainalik bolalarni noqonuniy deportatsiya qilishda aybdor bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarga qarshi sanksiyalar bo‘yicha kelishuvga erishdi. Rossiyadan olmos olib kirish masalasi bo‘yicha siyosiy kelishuvlar olindi - qaror G7'dagi hamkorlar bilan kelishilgan holda qabul qilinadi. Mamlakatlar, shuningdek, Rossiyaning «yadro sektori bo‘yicha keyingi qadamlarni belgilab oldi», dedi Sados.

Bundan tashqari, 24 fevralga o‘tar kechasi Polsha Rossiyadan sintetik kauchuk olib kirish bo‘yicha taklif taqdim etdi. U tegishli o‘tish davrlarini va oylik limitni kamaytirish mexanizmini o‘z ichiga oladi. «Biz Rossiyadan ushbu mahsulot import qilishni davom ettirmoqchi bo‘lgan ikki a’zo davlatning yakuniy pozitsiyasini kutmoqdamiz. Ularning ijobiy munosabatiga umid qilamiz», dedi doimiy vakil. U aniq qaysi davlatlar haqida gapirayotganini ochiqlamagan.

«10-sanksiya paketining boshqa barcha asosiy bandlari kelishib olinganga o‘xshaydi», deb xulosa qildi Anjyey Sados.

Shvetsiya tomoni Belarusga qarshi sanksiyalar bo‘yicha jadal ish 27 fevraldan boshlanishiga ishontirdi.

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen 9 fevral kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan qo‘shma matbuot anjumani chog‘ida rossiyalik siyosatchilar, harbiylar va targ‘ibotchilarga yangi cheklov choralari joriy etilishi kerakligini aytdi. Bundan tashqari, yangi embargolar joriy etilishi kutilgan edi, buning natijasida Rossiya budjeti yana 10 milliard yevro yo‘qotadi, deya va’da bergan fon der Lyayyen.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top