16:30 / 27.02.2023
22252

Vuhledar atrofidagi ovchilar va frontda qo‘l-oyoqsiz qolgan jangchilar. Urush suratlari

Ukrainada urushning 368-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:

  • «Dojd» telekanali xabar berishicha, Ukrainaning bosib olingan hududlaridan olib chiqilgan kamida 400 nafar bola Rossiyadagi bolalar uylari va internatlarga olib kelingan, bu joylarda ular «harbiy-vatanparvarlik» ruhida qayta tarbiyalanmoqda.
  • Belarus nashrlari va faollar Minsk yaqinidagi Machulishchi aerodromida ikki portlash ro‘y berganini xabar qilishdi. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, portlashlar oqibatida rossiyaliklarning A-50 rusumli razvedkachi samolyoti shikastlangan. Rossiyalik harbiy muxbirlarga ko‘ra, aviabazaga dronlar hujum uyushtirgan bo‘lishi mumkin. Belarus va RF mudofaa vazirligi bu xabarlarga munosabat bildirmadi. Belarusning sobiq xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan tashkil etilgan BYPOL loyihasi rahbari Aleksandr Azarov Machulishchi aerodromidagi diversiya belarus partizanlarining ishi ekanini ma’lum qildi.
  • Ukraina mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Vadim Skibitskiyning hisoblashicha, Ukraina kuchlari qarshi hujumi bahorda boshlanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yurishning strategik maqsadlaridan biri «Qrim va RFning materik qismi o‘rtasidan xanjar urish» hisoblanadi.
  • «Vagner» rahbari Yevgeniy Prigojin uning «shturm brigadalari» Baxmutdan shimolda joylashgan Yagodnoye qishlog‘ini egallagani haqida xabar bergan. Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi 26 fevral kungi hisobotida rossiyaliklarning mazkur qishloqqa hujumi bartaraf etilganini aytgan.
  • AQSh Xitoy Rossiyaga qurol yetkazib berish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganiga amin. Bu haqda Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Uilyam Byorns CBS News telekanaliga bergan intervyusida aytgan. 

Kun kadri. Uyga qaytish 

Kramatorsk vokzalida qarindoshlar uchrashuvi. Poyezddan tushgan kishi Kiyevdan uyga qaytib kelgan.
Dimitar Dilkoff / AFP / Scanpix / LETA

Vuhledar yaqinidagi front chizig‘ida turgan ukrain yeger va ovchilari

Donetsk oblasti janubida joylashgan Vuhledar shahri Ukraina qurolli kuchlari nazoratida qolmoqda. Yanvar oyi oxirida «DXR» rasmiylari Rossiya qo‘shini Vuhledarga kirganini xabar qilgandi, ammo Ukraina tomoni bu ma’lumotni rad etdi. Fevral oyi o‘rtalarida Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi Vuhledar ostonasida Rossiya dengiz piyodalari brigadasi tor-mor etilganini ma’lum qildi. RF mudofaa vazirligi 23 fevral kungi brifingda Rossiya qo‘shini bir kun ichida Ukraina qurolli kuchlarining oltita o‘q-dori ombori yo‘q qilingani haqida xabar berdi, shundan ikkitasi — Avdiyivka va Vuhledar hududida.

Fevral oyi oxirida Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi Rossiya qo‘shini ushbu shaharga yangi yurish boshlashga tayyorlanayotganini taxmin qildi. Vazirlikdagilarning hisoblashicha, Rossiya ushbu shahar atrofidagi pozitsiyalarni shturm qilish uchun yana dengiz piyodalarini yuborishi mumkin. Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi tasdiqlashicha, Vuhledar hududida rossiyaliklarning kazaklardan tashkil topgan ko‘ngillilari yurishda ishtirok etishdan bosh tortgan — «avvalgi yurishdagi muvaffaqiyatsizlik va shaxsiy tarkibdagi ulkan yo‘qotishlar tufayli».

Vuhledar atrofida Oleksa Dovbush nomidagi 68-alohida yeger brigadasi harbiy xizmatchilari mudofaalanmoqda. Bu brigada bo‘linmalari o‘rmonzor yoki botqoqli hududlarda jang olib borish tajribasiga ega bo‘lgan shartnoma asosida xizmat qiluvchi harbiylar yoki fuqarolik faoliyati brigada spetsifikasi bilan bog‘liq bo‘lganlardan tuzilgan. Brigada xizmatchilari orasida — ovchilar, yegerlar (professional ovchilar) va o‘rmon xo‘jaligi xodimlari bor. Ularning ko‘zi bilan oldingi chiziq shunday ko‘rinishda:

Oleksa Dovbush nomidagi 68-alohida yeger brigadasi harbiy xizmatchilari Vuhledar atrofida pozitsiyani o‘zgartirishga tayyorlanmoqda
Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA
68-yeger brigada harbiysi M113 zirhli transportyorida Vuhledar atrofidagi pozitsiyaga ketmoqda
Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA
Donetsk oblastidagi oldingi chiziqda atrofni ko‘zdan kechirayotgan harbiy xizmatchi
Oleg Petrasyuk / EPA / Scanpix / LETA
Donetsk oblastida tankka qarshi reaktiv qurilmani jangga tayyorlash jarayoni
Oleg Petrasyuk / EPA / Scanpix / LETA
Yegerlar brigadasi harbiylari gaubitsadan rossiyaliklarning Donetsk oblastidagi pozitsiyasini o‘qqa tutmoqda.
Oleg Petrasyuk / EPA / Scanpix / LETA

Lvivda tiklanish jarayonidan o‘tayotgan ukrain askarlari 

Ukraina sharqida Rossiya qo‘shini bilan janglarda qo‘l yoki oyoqlaridan ayrilgan ukrainalik askarlar Lvivdagi reabilitatsiya markazi oshxonasida. Surat markazida kolyaskada o‘tirgan — 35 yoshli Ivan Nekrasov. U «Gvozdika» o‘ziyurar gaubitsasi haydovchisi bo‘lgan va minaga tushib qolish oqibatida ikki oyog‘ini yo‘qotgan.
Sean Gallup / Getty Images
19 yoshli Ondriy Golopapa Ukraina qurolli kuchlari piyoda qismida xizmat qilgan va 2022 yil oktyabrida Ukraina sharqidagi Baxmut atrofidagi o‘rmonzorga ko‘chirilgan. Ondriy turgan pozitsiyaga minomyot snaryadlari kelib tushganida u chap oyog‘idan ayrilgan. Golopapa reabilitatsiya markazida qallig‘i Tatyana bilan yashaydi, ular tez orada nikohdan o‘tishadi.
Sean Gallup / Getty Images
Ukraina janubi-sharqidagi janglarda ikki oyog‘i va o‘ng qo‘lining kaft qismidan ayrilgan 23 yoshli Roman reabilitatsiya markazidagi palatasida protez qo‘li bilan ishlamoqda.
Sean Gallup / Getty Images

Xarkiv oblastining Kamenka qishlog‘idagi vayrongarchiliklar

Kamenka qishlog‘i 2022 yil mart oyi oxiridan rossiyaliklar nazoratida bo‘lgan. Izyum rayonidagi boshqa aholi yashash manzillari kabi Ukraina qurolli kuchlarining muvaffaqiyatli qarshi hujumidan so‘ng sentabr oyi o‘rtalarida Kamenka ukrain harbiylari nazoratiga qaytarilgan. Hozirda, 2023 yil fevral oyi oxirida, rossiyaliklar qishloqni o‘qqa tutishda davom etmoqda. Quyida uning urushning bir yilligidagi ko‘rinishi aks etgan suratlar.

Anatolii Stepanov / AFP / Scanpix / LETA
Anatolii Stepanov / AFP / Scanpix / LETA
Aerofotos’yomka: Kamenkadagi ko‘chada vayrongarchilik
Ihor Tkachov / AFP / Scanpix / LETA

Mariupol: qamal boshlanganidan bir yil o‘tib

Mariupolda janglar keng ko‘lamli bosqinning ikkinchi kunidayoq boshlanib ketgan, 2 mart kuniga kelib Rossiya qo‘shini shaharni qurshovga olgan va shaharning katta qismini egallagan. Mariupol ikki oy mobaynida qamal holatida yashagan. «Azovstal» metallurgiya kombinati qarshilik o‘chog‘i bo‘lgan, The Guardian ma’lumotiga ko‘ra, bu yerda Ukraina qurolli kuchlarining 2000 nafar atrofidagi jangchisi, shu jumladan «Azov» polki a’zolari qarshilik ko‘rsatishda davom etmoqda. «Azovstal»da ular bilan birga tinch aholi vakillari ham yashiringandi — may oyi boshida, turli ma’lumotlarga ko‘ra, zavoddan 101 nafardan 156 nafargacha odam evakuatsiya qilingan, shundan 20 nafari bolalar bo‘lgan. 16 may kuni esa «Azovstal»da turgan barcha ukrain harbiylari asir tushishgan.

BMT baholariga ko‘ra, Mariupolda ko‘p qavatli turar joy binolarining 90 foizi va xususiy uylarning 60 foizi, o‘nlab maktablar va bolalar bog‘chalari shikastlangan. 2022 yil sentabrida soxta referendumdan keyin Mariupol ham «DXR» hududidagi boshqa shaharlar qatori Rossiya Federatsiyasi tarkibiga «kiradi». Quyida bu yerda bugungi hayot aks etgan suratlar.

Mariupolda vayron bo‘lgan teatr yonidan o‘tayotgan tinch aholi vakillari
Alexei Alexandrov / AP / Scanpix / LETA
Shikastlangan uylar orasidan o‘tayotgan o‘smirlar
Alexei Alexandrov / AP / Scanpix / LETA
Azov dengizi yoqasidagi stansiyada harakatlanish chog‘ida yonib ketgan vagonlar
Alexei Alexandrov / AP / Scanpix / LETA
Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top