16:00 / 01.03.2023
13859

“Aybsizlik prezumpsiyasiga rioya qilinishi kerak” - “Uzavtoyo‘lbelgi” korxonasi OAVda chiqqan xabarlarga munosabat bildirildi

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tarkibidagi “Uzavtoyo‘lbelgi” DUK faoliyatida noqonuniy holatlar aniqlangani xabar qilingandi. UzA tarqatgan xabarda korxona mansabdor shaxslari 2 mlrd 701 mln so‘m miqdoridagi budjet mablag‘larini talon-toroj qilgan bo‘lishi mumkinligi haqida so‘z boradi.

“Uzavtoyo‘lbelgi” davlat unitar korxonasi mazkur xabar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Unda aytilishicha, korxona tashkil qilingan ilk kunidan boshlab, mahsulotlar oldi-sottisi bilan bog‘liq jarayonlarni – O‘zbekiston Respublikasining (dastlab 1992 yil 2 iyulda, yangi tahrirda 2014 yil 12 sentabrda qabul qilingan) “Birjalar va birja faoliyati to‘g‘risida”gi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining (2018 yil 9 aprelda, yangi tahrirda 2021 yil 22 aprelda qabul qilingan) “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunlariga muvofiq amalga oshirib kelmoqda. Ya’ni korxona uchun xarid qilinadigan xom-ashyolar – birja savdolaridagi ishtirokchilar tomonidan narx belgilanib, eng kam narx taklif etgan g‘olib tashkilot yoki xususiy tadbirkor tomonidan yetkaziladi. Savdo jarayonida amalga oshirilgan barcha operatsiyalar – O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi tomonidan nazorat qilib boriladi. Shu bois, maqolada tilga olinganidek, oldi-sotti – “o‘zlariga tanish bo‘lgan 5 ta mahalliy MChJ” bilan qilingan degan da’vo asossiz.

Korxona tashkil bo‘lishi uchun asos hisoblangan hujjat, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 11 iyuldagi “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3127-sonli qarorida – mahalliy va xorijiy tashkilotlar bilan mahsulot sotib olish va yetkazib berish hamda xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomalarni tanlov (tender) savdolarini o‘tkazmasdan tuzishga – Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda ruxsat berilgan. Ko‘zda tutilgan mahsulot va xizmatlar ro‘yxati esa hukumatning 2017 yil 2 oktyabrdagi 784-sonli qarori (3-ilova) bilan tasdiqlangan. Mazkur ilovada ko‘rsatilmagan mahsulotlarni xarid qilish bo‘yicha shartnomalar esa – to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilmasdan, yuqorida tilga olingan Qonun talablariga asosan tuzilgan. Bor gap shu. Ya’ni bu yerda hech qanday qonun buzilishlarga yo‘l qo‘yilmagan.

Shu o‘rinda yana bir jihat, ya’ni go‘yoki “yo‘l belgilarini yasash va chizishda foydalaniladigan mahsulotlar erkin bozor narxlaridan qimmat narxlarda xarid qilinib, 2 mlrd. 701 mln. so‘m miqdoridagi budjet mablag‘larini talon-toroj bo‘lgani da’vosi qayerdan kelib chiqqaniga ham izoh berib o‘tish mantiqan to‘g‘ri bo‘lardi.

Prezident qarorida – amaldagi yo‘l belgilarini – “zamonaviy yuqori intensiv (nur qaytaruvchi) qoplamali yo‘l belgilari bilan almashtirish, shuningdek, uzoq muddat foydalaniladigan barqaror yo‘l chiziqlarini chizish uchun maxsus texnika va asbob-uskunalar sotib olish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish belgilangan. Mazkur talablar hamda Vazirlar Mahkamasida 2018 yil 2 aprelda bo‘lib o‘tgan yig‘ilish bayoni qaroriga asosan, “Uzavtoyo‘lbelgi” DUK tomonidan – asosan yuqori sifatli mahsulotlar sotib olingan.

“Uzavtoyo‘lbelgi” DUK tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar

Shuni aytib o‘tish kerakki, “Uzavtoyo‘lbelgi” DUK faoliyatini o‘rganib, ular ishlab chiqargan mahsulotlarni ekspertiza uchun taqdim etgan huquq-tartibot organlari bitta asosiy faktor, ya’ni sifatga e’tibor qaratishmagan. Aniqrog‘i, plyonkalarning sifati, chidamliligi, nur qaytarish darajasi, uzoq muddatga yaroqlilik ko‘rsatkichlari – tabiiyki, uning narxiga ta’sir qilishi – ekspertlar tomonidan umuman nazarda tutilmagan. Vaholanki, bu ko‘rsatkichlarni – lyumen o‘lchovi birligi yordamida nur qaytarish darajasini aniqlovchi “Retroreflektrometr” maxsus uskunasi yordamidagina aniqlash mumkin bo‘ladi. O‘z-o‘zidan ma’lumki, ekspertiza davomida plyonkalarning bu kabi sifati tekshirilmagan. Asosiy e’tibor esa – ming afsuski, Prezident qarori asos bo‘lgan – sifatga emas, narxga qaratilgan.

“Uzavtoyo‘lbelgi” DUK tomonidan ishlab chiqarilgan va o‘rnatilgan sifatli yo‘l belgilari

Natijada sifati ancha past bo‘lgan boshqa plyonkalarning bozor narxi bilan – “Uzavtoyo‘lbelgi” DUK tomonidan xarid qilingan, AQSh va Germaniyada ishlab chiqarilgan yuqori sifatli plyonkalarning xarid narxi ko‘r-ko‘rona solishtirilgan. 2018-2022 yillar davomida auksion orqali xarid qilingan mahsulotlar qiymatidagi farq – 2,7 mlrd so‘m chiqqan. Shu raqamni “do‘mbira” qilib chalib, “budjetga 2 mlrd. 701 mln. so‘m zarar yetdi”, deyilmoqda.

Vaholanki, Jinoyat-protsessual kodeksining 23-moddasida – aybsizlik prezumpsiyasi nazarda tutilgan bo‘lib, unga ko‘ra, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi – uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi. Ya’ni sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi mavjud bo‘lmas ekan, hech kimni ma’lum bir jinoiy qilmishni sodir etgan shaxs sifatida ko‘rsatish, boz ustiga uni omma oldida e’lon qilish mumkin emas.

Biz yuqorida – huquqiy tomonlama asoslantirilmay, faqatgina dastlabki surishtiruv hatti-harakatlari natijasidan kelib chiqib, sun’iy vahima qilingan mulohazalarga nisbatan – o‘z pozitsiyamiz va nuqtai-nazarimizni havola etdik. Bu nuqtai-nazarimizni sud-huquq tuzilmalari oldida ham himoya qilishga tayyormiz, deyiladi “Uzavtoyo‘lbelgi” davlat unitar korxonasi taqdim etgan izohda.

Top