12:29 / 03.03.2023
23803

Rossiya bosqini, hududiy yaxlitlik va erkinlik – Blinken nega Markaziy Osiyoga keldi?

AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning Markaziy Osiyoga tashrifidan asosiy maqsad – Qozog‘iston va O‘zbekistonni Rossiyaga sanksiyalarni aylanib o‘tishda yordam bermaslikka chaqirishdir, deydi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov. Bundan tashqari, AQSh Markaziy Osiyo davlatlarining suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini ko‘rsatyapti.

Ukrainada urush Markaziy Osiyo davlatlari siyosiy elitasi ongida katta o‘zgarishlarga sabab bo‘lyapti. Mana shu fonda AQSh va kollektiv G‘arb mintaqaga e’tiborini pasaytirmayotganini ko‘rsatmoqchi. Kun.uz muxbiri AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning Markaziy Osiyoga tashrifi, undan kutilayotgan natijalar va urush atrofidagi voqealar yuzasidan siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov bilan suhbatlashdi.

— Birinchi umumiyroq savol beraman. Blinken nima uchun Markaziy Osiyoga, xususan, O‘zbekiston va Qozog‘istonga tashrif buyurdi?

— Har 2-3 yilda AQSh davlat kotibi Markaziy Osiyoga kelib turadi. Chunki possovet hududida eng muhim mintaqa va makrohudud Markaziy Osiyo. AQShning 90-yillar ikkinchi yarmida ishlab chiqilgan geosiyosiy strategiyasi mavjud. Unga ko‘ra possovet hududida bir qancha muhim mintaqalar mavjud va ular Rossiya orbitasidan imkon qadar uzib olinishi, kollektiv G‘arbga, ya’ni YeI va NATOga a’zo bo‘lishi maqsadga muvofiq deb tavsiya qilingan. Ukraina Rossiya orbitasidan chiqib ketdi va urush boshlanganiga bir yil bo‘ldi.

Hozir global mintaqadagi geosiyosiy kontekst nihoyatda qiziq va qizg‘in. Birinchi sabab Ukrainada urush boshlanganiga bir yil bo‘ldi va bu davrda Markaziy Osiyo siyosiy elitasi ongida katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Lekin bu o‘zgarishlar o‘zining rasmiy ifodasini kutyapti. Kutayotganiga sabab esa Moskvada hokimiyat darajasidagi o‘zgarishlar bo‘lgani yo‘q. Albatta, yaqin yillarda bo‘ladi deb o‘ylayman. Putinning hokimiyat tepasiga kelganiga 22 yildan oshdi.

Kollektiv G‘arb va AQSh 21 asrdagi o‘zining eng asosiy raqibi deb Xitoyni ko‘radi. Xitoy bu — mintaqaning eng yaqin hamkorlaridan biri. Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston Xitoy bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri chegaradosh. Andijondan Xitoy hududigacha bor-yo‘g‘i 150 km, ya’ni hozirgi globallashgan dunyoda katta masofa emas. Mana shu fonda AQSh va kollektiv G‘arb mintaqadagi homkorligini qaytadan urg‘ulash niyatida. Ya’ni biz mintaqaga e’tiborni pasaytirayotganimiz yo‘q va hamkorlikni juda qadrlaymiz, demoqchi. Qozog‘istondagi eng yirik sarmoyadorlardan biri AQSh. Mintaqada Qozog‘iston iqtisodiy lider bo‘lsa, xavfsizlik va geosiyosat masalalarida O‘zbekistonning mutlaq ahamiyatli o‘rni bor va bu o‘rinni hech kim almashtira olmaydi. Shuning uchun ham possovet hududida Ukraina, O‘zbekiston, Qozog‘iston AQSh uchun eng muhim bo‘lgan davlatlar hisoblanadi. Blinkenning kelishi esa G‘arb bilan aloqalarni qaytadan yangilash va mustahkamlashga qaratilgan.

Birinchi masala, Rossiyaga qo‘yilayotgan sanksiyalarni aylanib o‘tishga yordam bermaslik. Ikkinchi masala, mintaqa huquqiy, demokratik, inson huquqlarini hurmat qiladigan hududga aylanishi kerakligi. Shunda mintaqaning raqobatbardoshligi oshadi, ichki siyosatda ancha barqaror davlatlarga aylanadi va natijada tashqi siyosatda mustaqil geosiyosiy kursni amalga oshirish imkoni paydo bo‘ladi. Odatda tashqi siyosat ichki siyosatning davomi bo‘ladi.

— Kecha Blinken matbuot anjumani ham o‘tkazdi. Markaziy Osiyoga tashrif sanasi Ukraina urushiga 1 yil to‘lishi bilan bog‘liqligiga urg‘u berib o‘tdi. Biz Markaziy Osiyo davlatlarining yaxlitligi va suverenitetini qo‘llab-quvvatlaymiz, degan jumlani aytdi. Ukrainani qo‘llash darajasi judayam yuqori hozirgi kunda. Nazariy jihatdan Rossiya Markaziy Osiyoga tahdid qiladigan bo‘lsa, AQSh Ukraina darajasida qo‘llay oladimi?

— Ukrainani qo‘llash darajasi yuqori ekaniga sabab Ukraina keyingi 30 yilda xalqaro maydonda o‘zining alohida sub’yektiv kursga ega davlat ekanini parvarishlab bordi. Lekin kollektiv G‘arbning mintaqaga e’tibori nisbatan past. Odatda davlatlar tashqi dunyo bilan savdolashishni bilsa, o‘z qadr-qimmatini ko‘rsata olsa, u yoki bu manfaatdor taraflardan to‘liq qo‘llovga erishadi. Ukrainaning eng katta yutug‘i ham, muammosi ham NATOga a’zo bo‘lishni strategik maqsad qilib qo‘yganida. Markaziy Osiyoda birorta davlat NATOga a’zo bo‘lish masalasini oshkora yoki yashirincha qo‘ygani yo‘q va bu bilan Rossiyaning mintaqaga alohida tajovuzi kutilayotgani yo‘q. Lekin shunday bo‘lsa ham, Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasida ma’lum bir nuqtalar mavjud, 2021 yildagi Putinning intervyusi hammamizning esimizda. Ya’ni SSSRga kichik bo‘lib kirib, katta rus hududlarini olib chiqib ketgan davlatlar bor, deganda Qozog‘istonni nazarda tutgan edi. Rossiya bilan Qozog‘iston mavqeyi, pozitsiyasi mutlaq bir-biriga to‘g‘ri kelmaydi.

Agar Rossiya mintaqamizga tajovuz qilsa, birinchi bo‘lib yordamga keladigan davlat Turkiya bo‘lsa kerak, menimcha. Chunki Turkiya mintaqa bilan munosabatlarni nihoyatda yuqori darajada qadrlaydi. Jumladan, xalqi turkiy bo‘lmagan Tojikiston bilan ham munosabatlari juda ijobiy. Tojikistonning Eron bilan munosabatlaridan ko‘ra Turkiya bilan munosabati yaxshiroq.

Agar tajovuz bo‘lsa, 5 davlat, ayniqsa O‘zbekiston va Qozog‘iston bir-birini qay darajada qo‘llab-quvvatlay oladi va buning uchun amaliy qadamlar nimalardan iborat bo‘ladi, degan savol turadi. Hozirda bunga javob berish imkonsiz. Agar mintaqaga tajovuz bo‘lsa, birinchi davlat Qozog‘istonga bo‘ladi. Chunki rossiyalik siyosatshunos va ekspertlar maqolalarini o‘qib boramiz, ularda Qozog‘istonga nisbatan yovqarash bor va bu qarashlar kuchayib boryapti. Bir qancha ekspertlar aytadiki, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyodagi anglosakson (AQSh, Buyuk Britaniya) manfaatlarini o‘zida ifodalovchi birinchi davlat Qozog‘iston. Rossiyada bunday propaganda borgan sari kuchayib, kristallashib boradi va bu Kremlning qarashlarini anglatadi. Hozirgi kunda ehtimoli kam, lekin Qozog‘istonga tajovuz bo‘lsa, Ukraina urushidan so‘ng Rossiyada resurslar mavjud emas. Lekin ayni paytda bu ikki davlat o‘rtasidagi sovuqlik darajasi oshib boryapti.

— Blinken Ostonada payti Markaziy Osiyo va AQSh muloqoti ham bo‘ldi. Siz bu muloqotga qanday qaraysiz, kelajagi bormi? Qandaydir samaralar bo‘lyaptimi Markaziy Osiyoda?

— Har bitta forum, yig‘ilishning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari bo‘ladi. Ya’ni beshta davlatning AQSh bilan muloqotlarini ta’minlab turuvchi, fikr almashuvchi, mintaqaning geosiyosiy yo‘nalishlariga AQSh tomonidan ta’sir qiluvchi qandaydir format bo‘lishi kerak. 2022 yilda Tojikiston prezidentning Putin bilan uchrashuvdagi intervyusini eslasak, unda C5+1'lar ko‘payib ketdi, AQSh, Rossiya, Pokiston, Turkiyalar bilan ham bor, lekin bu formatlar o‘z vazifasini bajara olmayapti, degan edi. Lekin Amerika mintaqa davlatlarining hududiy yaxlitligi, suverenitetini alohida urg‘ulaydi, chunki mana shu qadriyatlarga tahdidlar mavjud. Yuqorida aytganimdek, Qozog‘istonning hududiy yaxlitligi tahdid ostida. O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasida bu masalalar alohida rasmiylashtirilmagan. Siyosiy elitamizda 2002 yillardan beri xavotir mavjud, aslida undan oldin ham bo‘lgan. O‘ylaymanki, boshqa davlatlarga nisbatan ham u yoki bu bosim vositalari bor Rossiyada. Chunki Rossiya nimadir taklif qilib emas, qandaydir tahdidlarni parvarishlab o‘z maqsadiga erishadigan davlat. Ya’ni uning geosiyosiy ohangida katta bir resurslar taklif qilish emas, mahrum qilish siyosiy stili Rossiya tafakkurida judayam kuchli.

Shundan kelib chiqib, C5+1 AQSh muloqotlarida judayam global bo‘lmagan, ma’lum bir chegaralar bilan belgilangan muloqot va fikr almashish, mintaqa va AQSh munosabatlarini parvarishlash vazifasi bor. Mening nazarimda, bu format o‘zini oqlayapti.

To‘liq intervyuni yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Farrux Absattarov suhbatlashdi

Tasvirchi va montaj ustasi Nuriddin Nursaidov

Mavzuga oid
Top