12:10 / 03.03.2023
23764

Sanksiyalar, Afg‘oniston va Markaziy Osiyo ittifoqi - Entoni Blinken bilan suhbat

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Toshkentga safari davomida Kun.uz'ga bergan intervyusida Markaziy Osiyo va AQSh munosabatlari, Ukrainadagi urushning mintaqaga ta’siri, O‘zbekistondagi o‘zgarishlar va “Tolibon” haqida gapirib o‘tdi.

— Janob kotib, suhbatga rozilik berganingiz uchun rahmat. Suhbatimizni Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh munosabatlarining hozirgi holati haqidagi savoldan boshlamoqchiman. Xalqaro maydondagi voqealar, xususan Ukrainadagi urush fonida AQShning bu mintaqadagi davlatlarga nisbatan tashqi siyosatida o‘zgarish bo‘ldimi?

— Avvalo, bizning Markaziy Osiyodagi har bir mamlakat bilan aloqalarimizning boshlanishi ular mustaqillikka erishgan paytga borib taqaladi. Bu aloqalarimiz AQShning Markaziy Osiyo davlatlari suvereniteti va hududiy yaxlitligini qat’iy quvvatlab-quvvatlashiga asoslangan. Lekin o‘ylaymanki, oxirgi yillarda o‘zaro munosabatlarimiz bir qator sohalarda chuqurlashib, mustahkamlanib boryapti. Biz kattaroq iqtisodiy imkoniyatlarni yaratishga, mushtarak muammolarga birgalikda yechim izlashga intilyapmiz. Iqlim o‘zgarishidan tortib energiyagacha bo‘lgan sohalarda, xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash borasida, qolaversa, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida chuqurroq integratsiyani yo‘lga qo‘yish borasida hamkorlik qilyapmiz.

Bu hamkorligimiz biz C5+1 deb ataydigan platforma doirasida amalga oshmoqda. Kecha bu guruhning Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvida ishtirok etdim. AQSh va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari kuchayib boryapti. Biz mushtarak muammolarni birgalikda hal qilish, Markaziy Osiyoga ko‘proq investitsiya olib kelishda yaxshi hamkor bo‘lishga umid qilamiz. Qolaversa, hamkorlarimizga o‘z fuqarolarining salohiyatlarini ro‘yobga chiqarishda ko‘maklashamiz. Umuman, bu yo‘nalishlarning barchasida birgalikda ish olib boryapmiz.

— Markaziy Osiyo davlatlari Rossiya bilan uzoq yillik aloqalarga ega, u mintaqaning asosiy savdo hamkori hisoblanadi. Mintaqa mamlakatlarining yangi investitsiya va daromad manbalarini shakllantirish uchun vaqt kerak. Bu haqda siz ham Qozog‘istonga safaringiz davomida to‘xtalib o‘tdingiz va Rossiyaning sanksiyalar natijasida iqtisodiy zarar ko‘rgan hamkor davlatlari kompensatsiya olishini aytdingiz. Shu haqda batafsilroq ma’lumot bera olasizmi?

Avvalo, Rossiyaning Ukrainaga hujumi oqibatlaridan Markaziy Osiyo davlatlari va mintaqa aholisi aksariyat boshqalarga qaraganda ko‘proq zarar ko‘rdi. Bu eng avvalo prezident Putin energiya va oziq-ovqat mahsulotlarini Rossiyaning Ukrainadagi tajovuzkorligiga qarshi chiqqan mamlakatlarga qarshi qurol qilib ishlatganida ko‘rinadi. Bu hamma joyda, jumladan ayrim davlatlarning energetik jihatdan boy bo‘lishiga qaramay, Markaziy Osiyoda ham narx-navoning oshishiga olib keldi. Biz narxlarni pasaytirish va odamlar bundan zarar ko‘rmasliklari uchun jahon bozorlarida yetarlicha energiya sotilishi yo‘lida ko‘p ishlarni amalga oshirdik.

Ikkinchidan, oziq-ovqat masalasi. Putin uni ham qurol sifatida ishlatdi. Ukraina – dunyoga don yetkazib beruvchi asosiy mamlakatlardan biri. Ular Odessa portini qo‘lga olib, u yerdan don eksportini to‘xtatib qo‘yishdi. BMT va Turkiyaning don yo‘lagini yaratish borasidagi sa’y-harakatlari natijasida g‘alla eksporti qayta yo‘lga qo‘yildi. Bu o‘z navbatida hamma uchun narxlarni pasaytirdi.

Dunyo bo‘ylab o‘nlab davlatlar ko‘rsatgan agressiyasi sabab Rossiyaga sanksiyalar joriy etyapti. Biz shunchaki kunlarning birida “o, Rossiyaga sanksiyalar kiritsak qanday yaxshi bo‘lardi-a?” degan yo‘sinda bu qarorga kelganimiz yo‘q. Gap shundaki, ular boshqa bir davlatga bostirib kirib, uning hududiy yaxlitligi, mustaqilligi va suverenitetiga xavf solishdi. Dunyo davlatlarining bunga qarshi turishi muhim edi. O‘ylaymanki, suverenitet, mustaqillik va hududiy yaxlitlik prinsiplarini himoya qilish qanchalik muhim ekanini, biz shuning uchun ham sanksiyalar kiritayotganimizni Markaziy Osiyo xalqlari ham juda yaxshi tushunadi. Agressiyasi uchun sanksiyalar vositasida tovon to‘layotgan Rossiya agressiyani to‘xtatishi, o‘z fikrini o‘zgartirishi va o‘zi boshlagan urushni tugatishidan umid qilyamiz.

Qolaversa, Rossiya bilan endilikda sanksiyalar bilan taqiqlangan yo‘nalishlardagi biznes aloqalariga ega kompaniyalar yoki mamlakatlar uchun ikkinchi yoki uchinchi darajali oqibatlar borligi ham haqiqat. Bu borada biz qator mamlakatlar, xususan Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaqindan ish olib boryapmiz, ularga nima talab etilishi va nima talab etilmasligini tushunishlariga yordam beryapmiz. Siz aytganingizdek, ayrim holatlarda uzoq vaqtdan buyon davom etib kelayotgan biznes aloqalarini to‘xtatish uchun vaqt kerak bo‘ladi. Biz bunday kompaniyalarga vaqt beryapmiz. Qolaversa, sanksiyalarga qaramay, biznesni davom ettirishi uchun litsenziyalar berishimiz mumkin bo‘lgan ayrim holatlar ham bor.

— Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi ishtirokchilarsiz, alohida iqtisodiy ittifoq tuzishi ehtimolini AQSh qanday ko‘radi?

— O‘ylaymanki, bu mamlakatlarning o‘zlari qabul qiladigan suveren qarorlar orqali bo‘ladi. Bizning ishonchimiz komil, Markaziy Osiyo mamlakatlari qancha chuqur integratsiyaga kirishsa, odamlar uchun shuncha foyda. Misol uchun, bu beshta kichikroq bozor o‘rniga bitta katta bozorni yaratgan bo‘lar edi. Natijada bu dunyoning turli joylaridan yana ham ko‘proq investitsiya jalb qilish mumkin bo‘ladi. Markaziy Osiyo ichidagi o‘zaro aloqalar, savdo va investitsiya oqimini osonlashtirish iqtisodiy o‘sishni ham rag‘batlantiradi, bundan hamma mamlakatlar aholisi naf ko‘radi. Buni qanday amalga oshirish bo‘yicha qarorlarni shu mamlakatlarning o‘zlari qabul qilishadi, chetdan turib boshqalar emas.

— AQSh Afg‘onistonni tark etdi, lekin u yerda xavfsizlik borasidagi muammolar saqlanib qolyapti. Afg‘onistonning hozirgi hukumati bilan qandaydir aloqalar o‘rnatish rejangiz bormi? Bu mamlakat borasida O‘zbekistonning pozitsiyasi haqida qanday fikrdasiz?

— Albatta, “Tolibon” bilan aloqalarimiz bor. Afg‘onistonda “Tolibon” tomonidan to‘ntarish qilinganidan beri ular bilan aloqada bo‘lib turibmiz. Xuddi shunday, boshqa mamlakatlar ham. Lekin o‘sha paytda “Tolibon” mamlakatni qanday boshqarishi va boshqa davlatlar bilan munosabatlarga kirishishi borasida muayyan va’dalarni bergandi.

Dunyo mamlakatlari “Tolibon”dan nima kutayotganini Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xavfsizlik kengashida aniq bildirgan: inson huquqlari, ayniqsa ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish, faqat “Tolibon” emas, hammani o‘z ichiga olgan inklyuziv hukumat tuzish, insonlarning Afg‘onistonga erkin kelish va ketish huquqini ta’minlash, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish shular jumlasidan. Lekin afsuski, biz o‘shandan beri “Tolibon” teskari yo‘nalishda harakatlanib, o‘z va’dalarining hech birini bajarmayotganini ko‘ryapmiz.

Biz Afg‘onistonga eng ko‘p insonparvarlik yordami yuborgan davlatmiz, chunki biz odamlar aziyat chekishini xohlamaymiz, lekin amalda shunday bo‘lyapti. Biz oziq-ovqat, dori-darmon va asosiy vositalar afg‘onlarga yetib borishi uchun jiddiy choralar ko‘ryapmiz. “Tolibon” insonparvarlik yordamini yetkazishda ayollarning ishtirokini taqiqlab qo‘yib, ishimizni qiyinlashtirdi. Umuman, aytib o‘tilgan yo‘nalishlarning har birida vaziyat yaxshilanib emas, yomonlashib boryapti.

Agar “Tolibon” boshqa mamlakatlar, xususan AQSh bilan normal aloqalarni yo‘lga qo‘yishni istasa, nima qilishi kerakligini, dunyo ulardan nima kutayotganini biladi. O‘ylaynmanki, O‘zbekiston va boshqa musulmon mamlakatlari bu masalada muhim o‘ringa ega, chunki ularning ular ovozi “Tolibon” uchun bizning ovozimizdan ko‘ra ma’noliroq va salmoqliroq bo‘lishi mumkin.

Shunday ekan, biz O‘zbekiston kabi mamlakatlarning “Tolibon” bilan muloqotga kirishib, boshqa mamlakatlar bilan normal aloqa o‘rnatish uchun nima qilishlari kerakligini ularga tushuntirayotganini qadrlaymiz va olqishlaymiz.

— O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida ta’lim, gumanitar va ijtimoiy sohalarda hamkorlikni kengaytarish bo‘yicha qanday rejalar bor? Yaqin orada O‘zbekiston fuqarolari uchun viza rejimi osonlashtirilishini kutsak bo‘ladimi?

— Biz xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalar mustahkamlanishini xohlaymiz va bu borada ish olib boryapmiz. Masalan, ta’lim sohasida allaqachon juda yaxshi loyihalarni amalga oshiryapmiz. Bu yerdaligimda yosh o‘zbeklar ingliz tilini o‘rganayotgan darsxonalarda bo‘ldim, ular bu yerda o‘qiyotganiga endigina 3-4 oy bo‘lgan bo‘lsa ham, til ko‘nikmalaridan hayratga tushdim.

Biz hukumat bilan 15 ming nafar ingliz tili o‘qituvchilarining malakasini oshirish ustida ishlayapmiz. 10 mingdan ortiq maktablarga ingliz tili darsliklarini yetkazib beramiz. Buning ahamiyati faqat yangi bitta tilni o‘rganishdangina iborat emas. Hozirgi davrda ingliz tili xalqaro tilga aylangan. Biznes yuritish, internetdagi ma’lumotlardan foydalanish, madaniyat va sohalari kabilarda ingliz tilini bilish muhim. Qolaversa, bizning almashinuv dasturlarimiz o‘zbek va ingliz tillarida gapiruvchilar uchun juda foydali.

Ta’limdagi dasturlarimiz bu yerdagi bolalarga barcha imkoniyatlardan foydalanish, iqtisodiy imkoniyatlarni ishga solish, ishga joylashish va global bozorlarda raqobat qilish uchun kerakli ko‘nikmalarni beradi. Biz boshqa sohalarda ham bu kabi imkoniyatlarni kengaytirish choralarini ko‘ramiz.

— Ochiqlik, so‘z erkinligi va diniy erkinlik borasida O‘zbekistonning hozirgi hukumati qilgan o‘zgarishlarni qanday baholagan bo‘lardingiz?

— O‘zbekiston prezident Mirziyoyev ta’riflayotganidek Yangi O‘zbekistonni qurish tomon muhim qadamlarni tashladi. Bu o‘zgarishlar barcha fuqarolar uchun kattaroq iqtisodiy imkoniyatlarni yaratadi. Inson huquqlarini qo‘llab-quvvatlash va mustahkamlash, qonun ustuvorligi kabi yo‘nalishlarda jiddiy qadamlar tashlanganini ko‘rdik. Lekin prezidentning o‘zi ham ta’kidlaganidek, hali ko‘p ishlar qilinishi kerak. Bunday dunyoqarashning borligi juda muhim. Qolaversa, bu dunyoqarashni amaliyotga tatbiq etish masalasi.

Bugun prezident bilan suhbatimizda ommaviy axborot vositalari erkinligi uchun ko‘proq sharoitlar yaratish, boshqa davlatlardan kelayotgan dezinformatsiyaga qarshi kurashish, fuqarolik jamiyatini kuchaytirish, diniy erkinlik bo‘yicha erishilgan yutuqlarni yana ham mustahkamlash haqida fikr almashdik. Paxtachilikda majburiy va bolalar mehnatiga barham berilgani ayniqsa tarixiy yutuq bo‘ldi. O‘ylaymanki, O‘zbekistonda kelajakka ziyrak nazar va o‘z belgilagan yo‘li bor. Biz bu yo‘lida O‘zbekistonga yaxshi hamkor bo‘lamiz, degan umiddamiz.

Doniyor Tuxsinov suhbatlashdi.
Tasvirchi – Muhiddin Nido.

Top