12:02 / 05.03.2023
35172

O‘zbek avtosanoati «otasi»: Daewoo kompaniyasining bankrot bo‘lishiga nima sabab bo‘lgandi?

Bundan 25 yil avval Daewoo Group kompaniyasi Janubiy Koreyada avtomobilsozlik bo‘yicha Hyundai’dan so‘ng 2-o‘rinda, yirikligi bo‘yicha LG va Samsung’dan so‘ng 3-o‘rinda bo‘lgan. Biroq 1998 yilda Osiyoda sodir bo‘lgan moliyaviy inqiroz davrida kompaniya og‘ir vaziyatga tushadi. Bir necha yilda uning ko‘plab bo‘limlari sotib yuboriladi. Kompaniyaning avtomobilsozlik bo‘limi Daewoo Motors dunyoga mashhur General Motors korporatsiyasiga sotiladi.

Foto: Kun.uz

XXI asr boshidan buyon ko‘plab korporatsiya va kompaniyalar turli sabablar bilan inqirozga uchragan. Ulardan ayrimlari ishlab chiqarayotgan mahsulot o‘z ahamiyatini yo‘qotishi ortidan, boshqalari esa noto‘g‘ri moliyaviy siyosat olib borilishi oqibatida bankrot bo‘lgan.

Bir paytlar Janubiy Koreyadagi yirik korporatsiyalardan biri bo‘lgan Daewoo ham pullarni oqilona ishlatmaslik ortidan inqirozga uchragan. Daewoo brendi bilan uy-ro‘zg‘or buyumlaridan tortib barcha turdagi avtomobillar, hatto kemalar ishlab chiqargan va dunyo bo‘ylab sotgan kompaniya nomi bugun tarixda qoldi.

Ikkinchi jahon urushidan keyin Koreya yarimorolining shimoliy qismi sovetlar, janubi AQSh ta’sir doirasiga tushib qoladi. Har ikki tomon yarimorolni o‘z ta’sir doirasiga olishni xohlardi.

Oxir-oqibat 1950-1953 yillarda fuqarolar urushi sodir bo‘ladi va yarimorol ikkiga bo‘linadi. Shimolda SSSR yordami bilan Koreya xalq demokratik respublikasi, janubda AQSh ko‘magida Koreya respublikasi tuziladi.

Uch yil davom etgan urushdan so‘ng tomonlar 1945 yildagi kelishuv bo‘yicha 38-parallel chizig‘i atrofidan chegara o‘tkazilishiga rozi bo‘ladi. Shu tariqa 1945 yilgacha Yaponiya mustamlakasi bo‘lgan Koreya yarimorolida ikkita koreys davlati paydo bo‘ladi.

Yarimorol ikkiga bo‘lingandan so‘ng Koreya Respublikasiga AQSh va boshqa G‘arb davlatlaridan ko‘p miqdorda investitsiyalar kiritiladi va mazkur davlat qisqa muddatda rivojlanib ketadi.

1960 yillarda Koreya respublikasi juda katta iqtisodiy sakrashni amalga oshiradi va Singapur, Hongkong hamda Tayvan bilan birga «Sharqiy Osiyo yo‘lbarslari» deb atalgan to‘rtlikka kirdi. Daewoo kompaniyasi ham o‘sha yillarda tashkil etilgan edi.

Daewoo (Daewoo Group) kompaniyasi tarixi

Daewoo ko‘p tarmoqli kompaniya bo‘lib, u 1967 yilda Daewoo Industrial nomi bilan tashkil etilgan. Ilk bor qurilish sohasida ish boshlagan kompaniya keyinchalik tarmoqlar sonini ko‘paytiradi va maishiy texnikalardan tortib turli avtomobillargacha ishlab chiqara boshlaydi.

Kompaniyaning turli bo‘limlari tashkil etilar ekan, ular Daewoo Group moliya-ishlab chiqarish guruhiga birlashtiriladi.

O‘sha paytda kompaniya tarkibida quyidagi kompaniyalar bo‘lgan:

  • Daewoo Electronics — elektronika buyumlar ishlab chiqarilgan (Daewoo Electronic Componens Co. Ltd, Daewoo Electric Motor Industries Ltd., Orion Electric Co. Ltd. kabilar uning tarkibida bo‘lgan);
  • Daewoo International — yirik savdo kompaniyasi 2010 yildan POSCO kompaniyasining tarkibida;
  • Daewoo Heavy Industries (DHI) — og‘ir sanoat tarmog‘i;
  • Daewoo Shipbuilding & Marine Engineering — kemasozlik korxonalari va dengiz muhandisligi bo‘limi;
  • Daewoo Securities — sug‘urta kompaniyasi;
  • Daewoo Telecom — telekommunikatsiya tarmog‘i;
  • Daewoo Construction — qurilish kompaniyasi (ko‘p qavatli uylar, savdo markazlari, ko‘priklar, yo‘llar, dambalar qurish bilan shug‘ullangan);
  • Daewoo Development Company — mehmonxonalar qurish va ularga egalik qilish tarmog‘i;
  • Daewoo Motor — avtomobilsozlik tarmog‘i (kompaniya yengil mashinalardan tortib avtobuslar va boshqa maxsus transport turlarigacha ishlab chiqargan. Daewoo Automotive Componens Co. Ltd., Daewoo Bus Co., Ltd., Daewoo Commercial Vehicle Co. Ltd. kompaniyalari va yana ko‘plab xorijiy davlatlarda ochilgan qo‘shma korxonalar uning tarkibida bo‘lgan).
  • Daewoo Motor Sales — Daewoo avtomobillari savdosi bilan shug‘ullangan kompaniya;
  • Daewoo Precision Industries — harbiy texnikalar ishlab chiqaruvchi kompaniya;
  • Daewoo Textile Co. Ltd. — to‘qimachilik tarmog‘i;
  • IAE (Institute for Advanced Engineering) — kompleks tadqiqot va rivojlanish markazi;
  • Daewoo Power Producs — og‘ir va qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqaruvchi kompaniya.

20-asr so‘ngida Osiyoda sodir bo‘lgan iqtisodiy inqiroz paytida Daewoo Group ham inqirozga uchraydi. Uning rahbarlari xorijga qochadi. Kompaniya tarkibidagi bo‘limlar boshqa kompaniyalarga sotib yuboriladi.

«Daewoo Motor Co»

Kompaniya 1937 yilda «National Motor» nomi bilan tashkil etiladi. O‘sha paytda Koreya yarimoroli Yaponiya tomonidan bosib olingan edi. 1960-yillar boshigacha kompaniya shu nomda qoladi.

1962 yilda uning nomi «Saenara Motor» deb o‘zgartiriladi. O‘sha paytda kompaniya Koreyada birinchi bo‘lib Datsun Bluebird PL310 nomi ostida avtomobillar ishlab chiqara boshlaydi.

Datsun Bluebird PL310

1965 yilda «Saenara Motor»ni Shinjin Industrial kompaniyasi sotib oladi va uning nomini Shinjin Motor deb o‘zgartiradi. Bu kompaniya o‘z avtomobillarini Toyota kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqara boshlaydi.

1972 yilda Toyota loyihani tark etadi. Shundan so‘ng Shinjin Motor AQShning General Motors kompaniyasi bilan hamkorlik qila boshlaydi. Yangi qo‘shma korxonaning nomi «GM Korea» deb ataladi.

1976 yilda qo‘shma korxonaning nomi «Saehan Motors» deb qayta nomlandi. O‘sha paytda bu qo‘shma korxona o‘zining Rekord markali avtomobili bilan birga General Motors konsernining Chevrolet 1700 modelini Holden Torana deb qayta nomlab ishlab chiqarardi.

1982 yilda Daewoo Group «Saehan Motors» kompaniyasini sotib oladi va 1983 yil yanvar oyida uning nomini «Daewoo Motor Co» deb o‘zgartiradi. Amerikaliklar bilan hamkorlik saqlanib qoladi.

«Daewoo Motor Co» kompaniyasi «Saehan Motors»ning barcha modellarini Daewoo brendi ostida ishlab chiqarishda davom etadi. Maepsy modeli Maepsy-Na deb qayta nomlandi.

Royale nomi ostida ishlab chiqarilgan modellar saqlanib qolinadi. Ularning yoniga Royale XQ, Royale Duke (1982 mart oyida chiqarilgan), Royale Prince (1983 yilda chiqarilgan) va Royale Salon Super (1986 yilda chiqarilgan) modellarini qo‘shadi.

Royale Duke 1987 yil.

1989 yilda ularning yoniga hashamatli model Daewoo Imperial qo‘shiladi. Uning uslubi biroz avval ishlab chiqarilgan Chrysler Imperial va New Yorker modellariga o‘xshash edi.

Daewoo o‘zining ilk modelini 1986 yilda ishlab chiqaradi. Bu Daewoo LeMans modeli edi. Bu model General Motors konserni tarkibida bo‘lgan nemislarning Opel kompaniyasi ishlab chiqargan Opel Kadett E. Yeye modelidan andoza olingan holda ishlab chiqarilgandi.

Daewoo LeMans tashqi bozorda ancha xaridorgir bo‘lib, u jahon bozorida Pontiac LeMans, Asüna GTva SE yoki Passport Optima nomlari ostida sotilgan. Bu model «Daewoo Motor Co»ning eng muvaffaqiyatli sotilgan avtomobillaridan biri hisoblanadi.

Daewoo LeMans

1987 yilda keyinchalik juda ommalashgan Daewoo Espero chiqariladi. 1991 yilda Daewoo Heavy Industries (DHI) tomonidan loyihalashtirilgan ixcham avtomobil  Daewoo Tico chiqarila boshlanadi.

Kompaniya hanuzgacha ishlab chiqarilayotgan Damas miniveni va Labo mini-pikapini 1981 yildan ishlab chiqara boshlagan. Har ikkala modelning ishlab chiqarish huquqi Yaponiyaning Suzuki kompaniyasidan sotib olingan.

1980-yillar oxiri va 1990-yillar boshida kompaniya Royale Series modelidagi ikkita avtomobilni yanada mukammal ko‘rinishga keltiradi va ularni Daewoo Prince va Daewoo Super Salon nomlari bilan chiqara boshlaydi.

Daewoo Prince

1992 yilda General Motors bilan tuzilgan qo‘shma korxona yopiladi va Daewoo Motor mustaqil kompaniyaga aylanadi. O‘sha paytda kompaniya Janubiy Koreyada avtomobil ishlab chiqarish bo‘yicha Hyundai’dan so‘ng ikkinchi o‘rinda, yirikligi bo‘yicha LG va Samsung kompaniyalaridan so‘ng uchinchi o‘rinda bo‘lgan.

Daewoo Motor Sharqiy Yevropa va sobiq ittifoq respublikalarida

SSSR tarqab ketganidan keyin Daewoo Motor 1992 yildan boshlab Sharqiy Yevropadagi va ayrim sobiq ittifoq respublikalariga katta miqdorda investitsiya kiritib, o‘z korxonalarini ocha boshlaydi.

1993 yilda Daewoo Motor O‘zavtosanoat bilan O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya ochish bo‘yicha kelishuv imzolaydi.

Uz-DaewooAuto deb nomlangan qo‘shma korxona Andijon viloyatining Asaka tumanida sobiq traktor tirkamalari ishlab chiqaruvchi korxona o‘rnida tashkil etiladi.

1996 yilda qo‘shma korxona konveyeridan uch turdagi Daewoo Tico, Daewoo Damas va Daewoo Nexia mashinalari chiqarila boshlanadi.

1994 yilda Daewoo Motor Ruminiyadagi Craiova kompaniyasini sotib oladi va u yerda «Romanian Daewoo Motor» kompaniyasi tashkil etiladi. Keyinchalik uning nomi «Daewoo Automobile Romania» deb o‘zgartiriladi.

Ruminiyadagi zavodda asosan ichki bozor uchun Daewoo Cielo (Daewoo Nexia Koreya va dunyoning boshqa davlatlarida shu nom ostida ishlab chiqarilgan va sotilgan), keyinroq Daewoo Matiz va Daewoo Nubira ishlab chiqarilgan.

Daewoo Nubira

2007 yilda Daewoo Group moliyaviy inqiroz ortidan «Daewoo Automobile Romania»ni Ford kompaniyasiga sotadi. Amerikaliklar uning nomini Ford Romania deb o‘zgartirishadi.

1995 yilda Daewoo Motor Polshada Daewoo Motor Polska qo‘shma korxonasini tashkil etadi va u yerda Daewoo Matiz ishlab chiqara boshlaydi. Keyinchalik bu qo‘shma korxonadagi ulush ham arzon garovga sotib yuboriladi.

1998 yilda Daewoo Motor Chexiyaning Avia avtomobilsozlik kompaniyasini sotib oladi. Kompaniya u yerda Lublin furgoni va yangi rusumdagi Avia D60/90 kichik o‘lchamdagi yuk avtomobillarini ishlab chiqara boshlaydi.

Keyinchalik, 2006 yilda bu kompaniya ham Hindistonning Ashok Leyland kompaniyasiga sotiladi. Hindlar uning nomini Avia Ashok Leyland Motors Company (AALM) deb o‘zgartirishadi.

1998 yilda Daewoo Motor Rossiyaning Tagan-Rog shahrida avtomobillarni yig‘uv korxonasini ishga tushiradi. Bu yerda asosan Daewoo Lanos, Daewoo Nubira va Daewoo Leganza modellari yig‘iladi. O‘sha yillarda Daewoo Leganza Rossiyada ommabop avtomobillardan biriga aylanadi.

Daewoo Leganza

Jahon bozoridagi muvaffaqiyatlar

1995 yilga kelib Daewoo Motor tomonidan ishlab chiqarilgan avtomobillar dunyoning yuzdan oshiq davlatlarida sotilar, kompaniyaning aylanma mablag‘i va sof foydasi to‘xtovsiz oshib borardi.

O‘sha paytda Osiyo, Afrika, Markaziy Amerika va Lotin Amerikasidan tashqari, «Daewoo» brendi ostida ishlab chiqarilgan avtomobillar hatto AQSh, Kanada hamda Yevropa davlatlarida ham muvaffaqiyat bilan sotiladi.

Daewoo Espero

Jumladan, Daewoo Espero va Daewoo Cielo (Daewoo Nexia boshqa nomi) Britaniyada yaxshi sotiladi. Hatto 1996 yilda Daewoo Motor Britaniyada 20 ming dona avtomobil sotadi va yangi avtomobillar savdosida birinchi o‘rinni egallaydi.

1997 yilda kompaniya Yevropa bozoriga Daewoo Lanos, Daewoo Nubira va Daewoo Leganza modellarini ham yetkazib bera boshlaydi.

Daewoo Lanos

1998 yilda shahar sharoiti uchun chiqarilgan Daewoo Matiz Yevropa bozorida paydo bo‘ladi va tez orada shahar aholisining sevimli mashinasiga aylanadi.

Masalan, Daewoo Matiz Italiyada 1998, 1999, 2000 yillarda «Yil avtomobili» deb topiladi. Keyinchalik Daewoo Rezzo (boshqa nomi Tacuma), Daewoo Evanda (boshqa nomi Magnus) va Daewoo Kalos , SsangYong yo‘ltanlamaslari bazasida Daewoo Korando, Daewoo Musso va Daewoo Rexton modellari ishlab chiqariladi.

Daewoo Kalos

Umuman olganda Daewoo Motor bankrot bo‘lguncha dunyoning ko‘plab mamlakatlariga o‘z avtomobillarini yetkazib bergan.

Kompaniyaning bankrot bo‘lishi

1998 yilda Osiyoda moliyaviy inqiroz boshlanadi. Ana shunday vaziyatda Daewoo Group kompaniyasi rahbarlari uzoqni ko‘ra olmaydi va aylanma mablag‘larni «bebiliska» ishlatishda davom etadi.

1998 yilda Koreyaning Samsung va LG kompaniyalari iqtisodiy inqirozni chetlab o‘tish uchun ishlab chiqarishni qisqartirayotgan va mablag‘ tejayotgan paytda Daewoo Group dunyo bo‘ylab 14 ta yangi qo‘shma korxona va 275 ta filial ochadi.

Daewoo Evanda

Jumladan, 1998 yilda Ukrainadagi ZAZ zavodini va og‘ir moliyaviy ahvolga tushgan Koreyaning yana bir avtomobilsozlik kompaniyasi SsangYong Motor’ni sotib oladi.

Biroq oradan ko‘p o‘tmay 1999 yilda Daewoo Group ham moliyaviy qiyinchiliklarga duch keladi va bankrot bo‘lish yoqasiga kelib qoladi.

Shundan so‘ng kompaniya prezidenti Kim Ujun Fransiyaga qochib ketadi. U 43,5 milliard dollarni o‘zlashtirganlikda ayblanadi. Keyinchalik u Koreyaga qaytadi va kompaniyaning boshqa mutasaddilari bilan birga aybdor topilib jazolanadi.

Kompaniya 2000 yilda SsangYong Motor’ni sotib yuboradi, biroq bu ham kompaniyani og‘ir vaziyatdan chiqara olmaydi. Shundan so‘ng Daewoo Motor sotuvga qo‘yiladi. Unga DaimlerChrysler tarkibida bo‘lgan Hyundai, Ford Motor Company va General Motors hamda Fiat kompaniyasidan iborat alyans xaridor bo‘ladi.

Daewoo avtobusi

Oxir-oqibat, 2002 yilda General Motors konserni Daewoo Motor’ni 1,2 milliard dollar evaziga sotib oladi. O‘sha paytda kelishuvga ko‘ra Daewoo Commercial Vehicle Company Daewoo Group tarkibida qoladi va 2004 yilda u Hindistonning Tata Motors avtomobilsozlik kompaniyasiga sotiladi.

Shu tariqa 1990-yillar boshida dunyoning yuzdan oshiq davlatlariga avtomobil sotib yurgan Janubiy Koreyadagi ikkinchi yirik avtomobilsozlik kompaniyasi bankrot bo‘lib General Motors egaligiga o‘tib ketadi.

Kompaniya bankrot bo‘lgach uning boshqaruv raisi Kim Vu Chung qochib ketadi. 2003 yilda General Motors Daewoo brendining obro‘si tushib ketdi degan xulosaga keladi va uning barcha modellarini Chevrolet brendiga o‘tkazib yuboradi.

Biroq General Motors Ruminiya, Polsha, O‘zbekiston, Ukraina, Misr, Koreya va Vetnamda Daewoo nomi mashhurligini inobatga oladi, ulardagi qo‘shma korxonalarda Daewoo brendi bilan avtomobillar chiqarishda davom etadi.

Daewoo yuk mashinasi

Jumladan, Daewoo Automobile Romania hamda Daewoo Motor Polska 2008 yilgacha, Vietnam-Daewoo Motor va Koreyaning o‘zida joylashgan GM Daewoo 2011 yilgacha, AvtoZAZ va Daewoo Motor Egypt 2012 yilgacha, GM-Uzbekistan 2015 yilgacha Daewoo brendi ostida avtomobillar chiqarishda davom etadi.

Daewoo Motor’ning sotilishi ham Daewoo Group’ning moliyaviy inqirozdan omon chiqib ketishi uchun yetarli bo‘lmaydi. O‘sha paytda Koreyada eng yirik ikkinchi kompaniya bo‘lib turgan Daewoo Group 80 milliard dollar kamomad bilan bankrot bo‘ladi va uning boshqa bo‘limlari ham sotilib ketadi.

Daewoo Motor O‘zbekistonda

1993 yilda Daewoo Motor «O‘zavtosanoat» bilan O‘zbekistonda yengil avtomobillar ishlab chiqaruvchi kompaniya ochish bo‘yicha kelishuv imzolaydi.

Uz-DaewooAuto deb nomlangan qo‘shma korxona Andijon viloyatining Asaka tumanida sobiq traktor tirkamalari ishlab chiqaruvchi korxona o‘rnida tashkil etiladi.

Asakadagi zavod

1996 yilda qo‘shma korxona konveyeridan uch turdagi Daewoo Tico Daewoo Damas va Daewoo Nexia mashinalari chiqarila boshlanadi. Keyinchalik ular yoniga Daewoo Matiz va Daewoo Lacetti qo‘shiladi.

2005 yilda Uz-DaewooAuto qo‘shma korxonadagi koreyslarning ulushini sotib oladi AQShning General Motors kompaniyasi bilan hamkorlik qila boshlaydi.

2008 yilda O‘zavtosanoat General Motors kompaniyasi bilan yangi qo‘shma korxona tashkil etadi. Yangi qo‘shma korxona «GM Uzbekistan» deb nomlanadi.

Shundan so‘ng GM Uzbekistan ichki bozorda sotiladigan avtomobillarni Chevrolet brendi ostida, xorijga eksport qilinadigan avtomobillarni Daewoo brendi ostida ishlab chiqara boshlaydi.

2007 yilda qo‘shma korxona Toshkentdagi sobiq Chkalov nomidagi aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi o‘rnida yig‘uv korxonasini tashkil etadi va u yerda Chevrolet Captiva, Chevrolet Tacuma va Chevrolet Epica, 2012 yildan Chevrolet Malibu avtomobillarini ishlab chiqara boshlaydi.

Chevrolet Tacuma

Shuningdek, Chevrolet Nexia va Chevrolet Lacetti avtomobillarning yangilangan modellari hamda yangi Chevrolet Spark va Chevrolet Cobalt ishlab chiqarila boshlanadi.

2014 yilda Xorazm viloyatida yangi korxona tashkil etilgan va u yerda asosan Chevrolet Damas va Chevrolet Labo ishlab chiqariladi.

Ravon R4 (Cobalt)

Orada bir muddat O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan bir nechta model Ravon brendi ostida ishlab chiqarildi. Jumladan Chevrolet Spark avtomobili Ravon R3 yangilangan Chevrolet Nexia avtomobili Ravon R3, Chevrolet Cobalt esa Ravon R4 nomlari bilan sotuvga chiqariladi.

Keyinchalik qo‘shma korxonaning barcha ulushi O‘zbekiston tomonidan sotib olinadi va kompaniya nomi UzAutoMotors deb o‘zgartiriladi. Kompaniya hozir ham shu nom ostida faoliyat ko‘rsatmoqda.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Top