21:44 / 06.03.2023
6842

Tixanovskaya 15 yillik qamoq jazosiga sirtdan hukm qilindi 

Belarus sudi 2020 yilda ommaviy norozilik uyushtirgan muxolifat vakillarini og‘ir jinoyatlarda aybdor deb topdi. 

Foto: Getty Images

Minsk shahar sudi Svetlana Tixanovskayani 15 yilga, Pavel Latushkoni 18 yilga ozodlikdan mahrum qildi, deb xabar berdi BelTA. 

Tixanovskaya, sud qaroriga ko‘ra, jazoni umumiy rejimli koloniyada o‘tashi kerak. Shuningdek, u 800 bazaviy ko‘rsatkich (qariyb 127 mln so‘m) miqdorida jarimaga tortildi. 

Latushko 5 yil muddatga tashkiliy, ma’muriy va xo‘jalik vazifalarni bajarish bilan bog‘liq lavozimlarni egallash huquqidan mahrum qilindi. 

«Belarus muvofiqlashtiruvchi kengashi» ishi bo‘yicha sudlangan barcha ayblanuvchilar, jumladan Mariya Moroz, Olga Kovalkova va Sergey Dilevskiy davlat hokimiyatini konstitutsiyaga zid yo‘l bilan egallab olish maqsadida fitna uyushtirish, ekstremistik tuzilmani yaratish va bunday tuzilmaga rahbarlik qilish, davlat hokimiyatini egallab olishga va Belarus milliy xavfsizligiga zarar yetkazishga qaratilgan boshqa harakatlarni amalga oshirishga ommaviy chaqiriqlar, shu jumladan Belarusga, respublikaning jismoniy va yuridik shaxslariga nisbatan cheklov choralarini (sanksiyalarini) qo‘llash, bunday murojaatlarni o‘z ichiga olgan materiallarni tarqatish, ijtimoiy nafrat va nizo qo‘zg‘atishda aybdor deb topildi. 

Bundan tashqari, Tixanovskaya davlatga xiyonatda, Latushko esa hokimiyatni suiiste’mol qilish va katta miqdorda pora olishda ayblangan. 

Hukm qonuniy kuchga kirmagan, apellyatsiya shikoyati va protest keltirilishi mumkin. 

Sudlanuvchilarning barchasiga sirtdan hukm chiqarildi. Ular hozirda Belarusni tark etgan. 

Svetlana Tixanovskaya sud hukmini izohlar ekan, o‘z siyosiy faoliyatini davom ettirishini ma’lum qildi. 

«Ular «hukm» orqali menga nima demoqchi ekani haqida o‘ylamayapman. Biz hukm yoki hukmsiz o‘z ishimizni davom ettiramiz. Men va demokratik kuchlar siyosiy mahkumlarni ozod qilish va davlatimizni demokratik o‘zgarishlarga olib kelish uchun harakat qildik va bundan buyon ham harakat qilamiz», dedi u.

Mavzuga oid
Top