14:00 / 08.03.2023
4088

O‘zbekiston va Turkiya yangi yo‘nalishlarda aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi

O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov kecha Turkiya elchisi Olgan Bekar bilan uchrashdi.

Muloqot chog‘ida o‘zaro savdo va sarmoyaviy hamkorlik hajmini oshirish istiqbollari muhokama qilindi. O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari so‘nggi uch yilda bir yarim barobar, investitsiyalar hajmi esa ikki barobar oshgani ta’kidlandi. Tomonlar ana shunday ijobiy dinamikani saqlab qolish maqsadida faol hamkorlikni davom ettirish niyatida ekanliklarini tasdiqladilar.

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi transport va logistika sohasidagi aloqalarni kengaytirish va yo‘laklarni diversifikatsiya qilish intensivligiga yuqori baho berildi. Shu nuqtayi nazardan, joriy yilda ikki mamlakat hududlari o‘rtasida reyslar sonini ko‘paytirish va yangi yo‘nalishlardagi aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar kelishib olindi.

Bundan tashqari, tomonlar joriy yilning ikkinchi yarmida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Turkiya Hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazishning tashkiliy masalalarini ko‘rib chiqdilar. Bo‘lajak tadbir kun tartibini istiqbolli shartnoma va kelishuvlar bilan boyitish uchun tegishli vazirlik va idoralarning o‘zaro hamkorligini faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Top