21:14 / 12.03.2023
10945

OAV: Tehron va Moskva Eronga Su-35 qiruvchilari yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishdi

Rossiya Eronga Su-35 qiruvchi samolyotlarini yetkazib beradi. Eron hukumati Moskva bilan kelishuvga erishilgani haqida e’lon qildi, Rossiya tomoni hozircha kelishuv haqida rasman izoh bermadi.

Foto: Getty Images

«Su-35 qiruvchilari Eron foydalanishi uchun texnik jihatdan yaroqli va nihoyat Eron ularni sotib olish bo‘yicha kelishuvni tasdiqladi», deya BMTdagi Eron missiyasining anonim xodimi so‘zlarini keltirgan mahalliy IRIB telekanali.

Eron matbuoti manbasi kelishuv qiymatini ochiqlamagan va tafsilotlarni keltirmagan. Uning qo‘shimcha qilishicha, Eron boshqa mamlakatlardan ham harbiy samolyotlar xarid qilishga qiziqmoqda.

Ayni vaqtda Eron harbiy-havo kuchlarida atigi bir necha o‘n jangovar samolyot bor - bular Rossiyada ishlab chiqarilgan va 1979 yilda islom inqilobidan keyin Eronda qolgan amerikacha eski modellardir.

2018 yilda Eron o‘zining Kowsar rusumli qiruvchi samolyotini ishlab chiqarishni boshlagani haqida ma’lum qilgandi. Ayrim ekspertlarning aytishicha, Kowsar - AQSh 1960-yillarda ishlab chiqarishni boshlagan F-15 samolyotining ko‘chirmasidir.

Rossiya va Eron o‘rtasidagi harbiy-texnik hamkorlik G‘arbni jiddiy tashvishlantirmoqda. O‘tgan yil oxirida AQSh Milliy xavfsizlik kengashi rasmiy vakili Jon Kirbi bu ikki mamlakat bir-biriga bemisl darajada harbiy ko‘mak ko‘rsata boshlaganini aytgandi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘tgan yil iyulida Tehronda Eron oliy rahnamosi oyatulloh Xominaiy bilan uchrashgandi va o‘shanda Rossiyaning Ukrainaga hujumidan keyin G‘arbning o‘sayotgan bosimi tufayli mamlakatlarning yaqinlashuvi zarurati haqida gapirgandi.

Bir oy o‘tib, avgust oyida, AQSh razvedkasi Tehron Moskvaga Ukrainadagi nishonlarga zarba berish uchun kamikadze dronlar yetkazib bera boshlaganini xabar qildi.

Avvaliga tomonlar bu ma’lumotni qat’iyan rad etishdi, ammo ko‘p o‘tmay Ukraina hududi va obektlari eronliklar ishlab chiqargan Shahed-31 va Shahed-36 rusumli dronlar hujumiga uchradi. Eron esa Rossiyaga cheklangan miqdorda uchuvchisiz uchish qurilmalari yetkazib berganini tan oldi, ammo bu urushdan oldin bo‘lganiga ishontirmoqchi bo‘ldi.

Kirbining ma’lumotiga ko‘ra, Eron va Rossiya o‘shandayoq birgalikda dron ishlab chiqarish masalasini muhokama qilgan.

Fevral oyi o‘rtalarida Britaniyaning Guardian nashri Eron Rossiyaga uzoq masofaga harakatlanuvchi dronlarining yangi modelini yuborayotgani haqida xabar berdi. Gazeta manbalari tasdiqlashicha, gap endi kamikadze dronlar haqida emas, balki uzoq masofadan turib raketa uchirishga qodir bo‘lgan nisbatan murakkab uchuvchisiz uchish qurilmalari haqida bormoqda.

Maqolada shuningdek o‘tgan yil noyabrida rossiyalik 10 zobitdan iborat delegatsiya Eronga tashrif buyurgani haqida aytiladi. Gazetaning yozishicha, ularga Eron harbiy texnologiyasining barcha imkoniyatlari namoyish etilgan, rossiyaliklar esa 200 kilometr masofaga harakatlanib, har bir qanotida ikkitadan raketa olib yurishga mo‘ljallangan Mohajer-6 dronlarini tanlagan.

Amerika razvedkasi Rossiya va Eron mudofaa sektorlari yaqinlashayotgani haqida qo‘shimcha ma’lumotlarga ega bo‘lgan. Shu kunlarda CNN manbalarga tayangan holda Rossiya Ukrainada qo‘lga kiritilgan g‘arb qurollarini o‘rganish uchun Eronga yuborgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berdi.

2022 yil davomida AQSh, NATO va G‘arbdagi boshqa rasmiylar Rossiya qo‘shinlari Javelin rusumli tankka qarshi qurilmalar va zenit tizimlarini qo‘lga kiritishi bilan bog‘liq bir necha holatlarni qayd etgan. CNN suhbatdoshi Rossiya ko‘p hollarda Eronga qurol yuborgani, Eron harbiylari esa ularning nusxalarini yaratish uchun uni o‘rganib chiqqanini aytgan.

Top