12:02 / 13.03.2023
7925

Sanatoriy va kurortga yo‘llanma, bepul operatsiya hamda dorilar. Halok bo‘lgan harbiylarning oilasiga berilayotgan yangi imtiyozlar

Shavkat Mirziyoyev tomonidan 13 mart kuni imzolangan farmonda har bir halok bo‘lgan harbiy xizmatchining oilasi otaliqqa olinishi ko‘zda tutilgan.

Farmonga muvofiq, davlat budjetidan Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona qo‘mitasi va Elektron texnologiyalarni rivojlantirish markaziga ajratilgan mablag‘lar va budjetdan tashqari manbalari hisobidan:

Halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar (xodimlar) oila a’zolari O‘zbekiston hududidagi sanatoriy-kurort muassasalari va bolalarni sog‘lomlashtirish oromgohlarida yiliga bir marta bepul sog‘lomlashtiriladi;

halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar (xodimlar) oila a’zolariga shifokorlarning retseptlariga asosan 3 oylik ehtiyojdan kelib chiqib yiliga bir marta dori vositalari, tibbiy va maxsus protez-ortopediya moslamalari olib beriladi hamda jarrohlik amaliyotlarining xarajatlari qoplanadi;

halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar (xodimlar) oila a’zolari orasida og‘ir tashxisli kasalliklari hamda nogironligi bo‘lganlarga shifokorlarning retseptlariga muvofiq yiliga bir marta dori vositalarining 50 foizigacha bo‘lgan summasi kompensatsiya qilinadi.

Prezident farmonida Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona qo‘mitasi va Elektron texnologiyalarni rivojlantirish markazi har bir halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar (xodimlar) oilasini otaliqqa olishi belgilangan.

Bunda:

  • halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) oila a’zolaridan xabar olish, ularni uy-joy bilan ta’minlash,
  • ishga joylashish, ta’lim olish, tibbiy va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish hamda boshqa dolzarb masalalarni o‘rganish hamda mavjud muammolarni hal qilish, shu farmon va boshqa hujjatlarda belgilangan imtiyoz hamda kafolatlardan foydalanishda amaliy yordam ko‘rsatib borish ko‘zda tutilgan.

Mas’ul vazirlik va idoralarning birinchi rahbarlari ushbu vazifalar ijrosi uchun shaxsan javobgar etib belgilangan. Mas’ul vazirlik va idoralarda umumiy shtatlar soni doirasida ularning birinchi rahbarlariga shu vazifalarni bajarishga ko‘maklashadigan maslahatchi lavozimi kiritiladi va halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) oilalari bilan doimiy aloqani o‘rnatish uchun ishonch telefonlari ishga tushiriladi.

Mudofaa vazirligi Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda boshqa tashkilotlar bilan birgalikda ishchi guruhlar tuzgan holda:

  • ikki oy muddatda mazkur Farmonning 1, 2 va 3-bandlarida nazarda tutilgan har bir imtiyoz va kafolatni taqdim etish tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari tayyorlanadi;
  • 2023 yil 1 dekabrga qadar “Faxriylar to‘g‘risida”gi, “Harbiy xizmatchilar maqomi va ularni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi va “Harbiy xizmatchilarning pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonun loyihalari ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
Top