16:59 / 16.03.2023
5364

Shavkat Mirziyoyev 6 fevralni Turkiy tashkilot doirasida Qurbonlarni xotirlash va birdamlik kuni deb e’lon qilishni taklif etdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdan tashqari sammitida nutq so‘zladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbarining aytishicha, bugungi sammit Turkiy davlat tashkilotiga a’zo mamlakatlar do‘stligi va birdamligi naqadar qudratli kuchga ega ekanining yaqqol amaliy tasdig‘i bo‘lgan.

“Do‘stlarimiz diyorida yuz bergan, misli ko‘rilmagan halokatli zilzila barchamizning qalbimizga cheksiz qayg‘u va iztirob soldi. Zero, bu mudhish ofat natijasida bizning jondan aziz ota-onalarimiz, aka-ukalarimiz, opa-singillarimiz va farzandlarimiz qurbon bo‘ldi va jabrlandi. Bu yo‘qotishning o‘rnini hech narsa bilan to‘ldirib bo‘lmaydi.

Ta’kidlash joizki, birodar xalqlarimiz ming yillar davomida turli murakkab vaziyat va muammolarni o‘zaro ahillik, mehr-oqibat va hamjihatlik bilan mardona yengib o‘tganlar. O‘zbekiston xalqi do‘stlarimiz boshiga tushgan og‘ir kunlarda “Turkiya, biz sen bilan birgamiz!” deya bir tan-u bir jon bo‘lib, turk birodarlarimizga yordamga shoshildi. Biz mudhish fojiada qurbon bo‘lgan o‘n minglab begunoh kishilar xotirasini hech qachon unutmaymiz”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston prezidenti hayotdan bevaqt ko‘z yumgan barcha insonlarning porloq xotirasiga alohida hurmat bajo keltirish maqsadida har yili 6 fevral sanasini Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida Qurbonlarni xotirlash va birdamlik kuni deb e’lon qilishni taklif etdi.

Top