18:09 / 17.03.2023
3999

Tanzila Norboyeva Qirg‘iziston Jogorku Keneshi torag‘asi o‘rinbosari bilan uchrashdi

Muloqot chog‘ida ikki tomonlama va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan muntazam ravishda hamkorlik qilish va fikr almashishni davom ettirishga kelishib olindi.

Foto: Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati

17 mart kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva Oliy Majlis va Jogorku Kenesh o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha parlamenlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Qirg‘iziston Jogorku Keneshi torag‘asi o‘rinbosari Nurlanbek Azigaliyev boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Muloqot chog‘ida parlamentlararo hamkorlik dinamikasi, uni istiqbolda yanada jadallashtirish, bunda hali ishga solinmagan imkoniyatlardan foydalanish zarurligiga e’tibor qaratildi.

Foto: Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati

Senat raisi Qirg‘iziston Jogorku Keneshi bilan hamkorlikni mustahkamlash uchun barcha sa’y-harakatlarni davom ettirishga va o‘zaro manfaatli ikki tomonlama munosabatlarning mavjud salohiyatini maksimal darajada oshirishga qat’iy e’tibor qaratilishini ta’kidlab o‘tdi.

«Ikki mamlakat parlamentlarining hozirgi bosqichdagi asosiy vazifasi yuqori darajadagi ikki tomonlama kelishuvlarni amalga oshirishda ko‘mak va qo‘llab-quvvatlashni ko‘rib turibmiz. Parlamentlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha Parlamentlararo komissiya o‘ziga bildirilgan umidlarni oqlamoqda. O‘ylaymanki, parlamentlarimiz ko‘magi va komissiya faoliyati bilan biz aniq natijalarga erishishimiz mumkin. Shu nuqtai-nazardan komissiyaning yig‘ilishi kun tartibi tomonlar uchun dolzarb bo‘lgan siyosiy, iqtisodiy, transchegaraviy, mintaqaviy va madaniy-gumanitar hamkorlik masalalarini qamrab olgan».

Foto: Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati

O‘z navbatida Nurlanbek Azigaliyev Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarda so‘nggi yillarda shiddat bilan rivojlanayotgan parlamentlararo aloqalar muhim o‘rin tutishini ta’kidlab o‘tdi.

«Biz hamkorlikni bundan keyin ham kengaytirishdan manfaatdormiz. To‘g‘ri ta’kidlab o‘tganingizdek, o‘zaro munosabatlar nafaqat parlamentlar o‘rtasida balki, qo‘mitalararo ham aloqalarni mustahkamlash zarur. Parlamentlarimiz muloqoti nafaqat mamlakatlarimiz o‘rtasidagi keng ko‘lamli munosabatlarni kengaytirishga balki, ikki davlatning barcha muhim yo‘nalishlarda hamkorlikdagi harakatlarini huquqiy jihatdan mustahkamlash yo‘lida qonunchilikni takomillashtirishda muhim omil bo‘ladi». 

Foto: Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati

Uchrashuv yakuni bo‘yicha ikki tomonlama va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan muntazam ravishda hamkorlik qilish va fikr almashishni davom ettirishga kelishib olindi.

Top