20:42 / 20.03.2023
68029

Qashshoq davlatlarning qashshoqligi sababi. Jyeyms Robinson Toshkentda ma’ruza qildi

Nega ayrim davlatlar boy, ayrimlari kambag‘al? Shu savol ustida ilmiy izlanishlar olib borgan olim, Chikago universiteti professori, iqtisodchi Jyeyms Robinson 17 mart kuni ilk marta Toshkentga keldi.

Dunyo miqyosidagi taniqli olim, hamkasbi Darem Ajyemo‘g‘li bilan hammualliflikda yozgan “Why Nations Fail” (“Mamlakatlar tanazzuli sabablari”) kitobining o‘zbek tilidagi talqini taqdimotida ishtirok etdi. Ilk marta 2012 yilda chop etilgan va tezda mashhurlikka erishgan kitob o‘zbekistonlik iqtisodchi, AQShning Viskonsin universiteti doktoranti Behzod Hoshimov muharrirligida 2021 yili ilk marta o‘zbek tiliga o‘girilgan edi.

Olim bilan uchrashuvda iqtisodchilar, bank-moliya mutaxassislari, davlat rasmiylari, jamoatchilik faollari, talabalar va yoshlar ishtirok etdi. Kun.uz Jyeyms Robinsonning tadbirdagi nutqidan ayrim qismlarini keltirib o‘tadi.

Avvalo aytish kerak, kitobda nega ayrim davlatlar boyib ketgan, ayrimlari esa qashshoq, degan savol atrofidagi turli farazlar rad etilgan. Mualliflarning isbotlab berishicha, dengizga chiqish imkoni bor-yo‘qligi, yerosti boyliklarining hajmi qanchaligi, iqlimi, tarixi, mentaliteti va shu kabi omillar davlatlarning boy yoki kambag‘al bo‘lishini belgilab bera olmaydi. Xo‘sh, unda gap nimada?

Tadqiqotchilarning dalillariga ko‘ra, jamiyatlarning qanchalik taraqqiy etishi – ularning qanday boshqarilishiga bog‘liq. Qaysiki jamiyat boshqaruvida keng aholi qatlamlari ishtirok eta boshlasa, o‘sha jamiyat tezda boyiy boshlaydi. Bunday jamiyatlarda aholi, tor doiradagi shaxslar guruhi tomonidan boshqarilayotgan mamlakatlarga qaraganda, farovonroq hayot kechiradi.

Shu qadar yaqin, shu qadar farqli

Jyeyms Robinson mamlakatlar taraqqiyoti sabablari haqida ko‘p tarqalgan qarashlarni rad etish uchun Koreya misolini keltirdi. Yarimorolning tunda fazodan olingan suratida uning janubiy qismida (Koreya Respublikasi) elektr chiroqlarining yorug‘ligi ko‘pligini yaqqol ko‘rish mumkin. Shimolda esa bunday yorug‘lik faqat Pxenyan (KXDR poytaxti)da ko‘zga tashlanadi, qolgan aksariyat hududlar esa qorong‘i. Bu holat ikki mamlakatning rivojlanish darajasi va iqtisodiyoti o‘rtasidagi farqni yaqqol ko‘rsatib beradi.

Koreya yarimorolining tunda fazodan ko‘rinishi / Foto: Reuters / MailOnline

“1960-yillarga borib qolsangiz, bunaqa farqni ko‘rmasdingiz. Aksincha, Koreyaning shimoli janubiga qaraganda nisbatan farovonroq edi. Hozirgidek farq esa Koreya urushidan keyin paydo bo‘la boshladi. Bu taqqoslashda shunisi qiziqki, Shimoliy Koreya va Janubiy Koreyaning taraqqiyot darajasidagi farqni ularning madaniyati yoki tarixi bilan izohlab bo‘lmaydi, chunki bu borada ular bir xil. Tavofut esa ular qurgan institutlarda.

Institutlar deganda men jamiyatdagi qoidalarni, odamlardagi rag‘batlar va imkoniyatlarni nazarda tutyapman. Ayni shu institutlar sababli ham bugun Janubiy Koreyada jon boshiga o‘rtacha daromad yiliga 30 ming dollar, o‘rtacha umr davomiyligi esa Shimoliy Koreyaga qaraganda taxminan 10 yilga ko‘proq.

Gap faqat Samsung, texnologik taraqqiyot, zamonaviy avtomobillar kabilarda emas – Janubiy Koreya o‘z ohanrabosiga ega! Koreyslar Netflix'ni egallashyapti. Bilasiz, ko‘p joylarda “dod, g‘arb madaniyati bizning madaniyatimizni yutib yuboryapti” deyishadi, lekin menimcha, g‘arbdagilar koreys madaniyatining ta’siridan xavotir olishi kerak.

Janubiy Koreya – bu kreativ insonlar, innovatsiyalar jamiyati. Bilasizmi, innovatsiya faqat telefon degani emas; innovatsiya – bu san’at, musiqa, filmlar – insonlar xohlaydigan hamma narsa. Bu boradagi taraqqiyoti Koreya qanchalik zo‘r mamlakatga aylanganini ko‘rsatadi, bunga esa institutlar orqali erishilgan”, – dedi olim.

Inklyuziv va ekstraktiv institutlar

Yonma-yon joylashgan ikki shahar: Meksikadagi Nogales shahri (devordan chapda) va AQShdagi Nogales shahri (devordan o‘ngda)

Jyeyms Robinson jamiyatlar bir-biriga juda yaqin joylashganiga qaramay, institutlardagi farq sababli rivojlanishida juda katta tafovut yuzaga kelishini ko‘rsatuvchi yana bir misolni keltirdi: AQShning Arizona shtatidagi Nogales shahri va Meksikaning Sonora shtatidagi Nogales shahri. Bir xil nomdagi bu ikki shaharni faqat AQSh va Meksika chegarasini belgilash uchun o‘rnatilgan devor-to‘siq ajratib turadi.

Chegara kelishuvi bilan ikkiga bo‘lingan hudud aholisining tarixi, tili, madaniyati umumiy bo‘lgan. Ayni paytga kelib esa, Arizonadagi Nogalesda o‘smirlarning deyarli hammasi maktabga boradi, aholining katta qismi oliy ma’lumotli, odamlar sifatli tibbiyotdan foydalanish imkoniga ega – shunga muvofiq, janubdagi qo‘shnilariga qaraganda uzoqroq umr ko‘radi. Infratuzilma sharoitlari yaxshi, fuqarolar o‘z mulkini himoyalangan deb his qiladi, qonun va tartib hukmron. Aholi hukumatni o‘z agenti deb biladi: ular o‘z merini, kongressmenlari va senatorlarini saylaydi, faoliyatidan qoniqmagan taqdirda ularni almashtira oladi.

Qo‘shni shaharda – devorning narigi tarafida esa hayot ancha boshqacharoq. Meksikadagi Nogalesda uy xo‘jaliklarining o‘rtacha daromadlari AQShdagi Nogalesga qaraganda uch baravar kam. Meksika fuqarolari bo‘lmish nogalesliklarning ko‘pi maktabni tamomlamagan, bolalar o‘limi ko‘rsatkichlari yuqoriroq, yo‘llar va boshqa infratuzilma obektlarining holati qoniqarsiz. Huquq tizimida jiddiy muammolar bor; jinoyatchilik darajasi yuqori. Odamlar siyosatchilarni korrupsiyada, malakasizlikda ayblaydi.

Robinsonning tushuntirishicha, o‘rtadagi bu farq – ikkala jamiyatda qaror topgan institutlardagi tafovut bilan bog‘liq. U institut deganda jamiyatdagi qoidalar va bu qoidalarga rioya etilishini ta’minlash mexanizmlarini nazarda tutadi. “Mamlakatlar tanazzuli sabablari” kitobida institutlar ikki turga ajratilgan: inklyuziv va ekstraktiv.

Inklyuziv (qamrab oluvchi, birlashtiruvchi) institutlar jamiyatning barcha qatlamlari va guruhlarini o‘z ichiga qamrab oladi, bunda davlat boshqaruvida keng aholi qatlamlari ishtirok etishi natijasida butun jamiyat manfaatlari uchun xizmat qiluvchi qaror va qonunlar qabul qilinadi.

Ekstraktiv (chiqarib tashlovchi, ajratuvchi) institutlar esa keng aholi qatlamlari davlat boshqaruvidan chetlatilgan, qarorlar faqat tor doira (elita) tomonidan qabul qilinadigan va tabiiyki ko‘proq ularning manfaatini ko‘zlovchi institutlardir.

Insoniyat o‘z tarixining mutlaq katta qismida ekstraktiv qoidalarga asosan yashab kelgan. Shu ma’noda, odamlarning davlat boshqaruvida ishtirok etishi va shunday qoida joriy etilgan jamiyatlarning boshqalarga qaraganda o‘ta tez boyib ketishi – butun tarix miqyosida olganda anomal hodisa.

Hokimiyat nafaqat taqsimlangan bo‘lishi, balki qudratli ham bo‘lishi kerak

Inklyuziv institutlarning paydo bo‘lishi 1688 yilda Angliyada ro‘y bergan siyosiy inqilobga borib taqaladi. O‘shanda tarixda birinchi marta monarxning vakolatlarini cheklashga muvaffaq bo‘lingan, monarx parlament siymosidagi xalq bilan hisoblashishga majburlangan, buni amalga oshirish uchun erkin saylovlar va so‘z erkinligini kafolatlovchi “Huquqlar to‘g‘risida”gi qonun (Bill of Righs) qabul qilingandi.

Inklyuziv siyosiy institutlarning vatani Angliya bo‘lsa-da, inklyuziv iqtisodiy institutlarning gurkirab rivojlanishi birinchi bo‘lib AQShda ro‘y bergan. Bunda ixtirolarni patentlash orqali himoyalashga doir qonun qabul qilingani muhim o‘rin tutgan.

Jyeyms Robinsonga ko‘ra, AQShda siyosiy hokimiyatning aholi o‘rtasida keng va chuqur taqsimlangani – inklyuziv iqtisodiy institutlar shakllanishidagi birinchi asosiy omil bo‘lgan. AQShning ikkinchi asosiy yutug‘i esa – davlatning kuchida edi.

“Kuchli davlat – o‘z qonunlarini ijro eta oladigan davlatdir. Agar qonunlar faqat qog‘ozda bo‘lsa, bu davlatni kuchli deb bo‘lmaydi”, deya ta’kidladi u. Professor davlatning kuchli bo‘lishi qanchalik muhimligini ko‘rsatuvchi misol sifatida AQShda monopoliyani cheklash maqsadida 1890 yili qabul qilingan qonun (Sherman Antitrust Act)ni keltirdi. O‘z vaqtida dunyoning eng boy odami bo‘lgan, demakki hokimiyatni shunchaki sotib olishga yoki unga bosim o‘tkazishga qurbi yetgan Jon Rokfellerning Standart & Oil kompaniyasi va boshqa monopoliyalar mavjud bo‘lgan sharoitda bu qonun talablarini amalda bajarishga erishilgani tarixiy burilish edi. O‘shanda sud, qonun talabi asosida, Standart Oil'ni 43 ta kompaniyaga bo‘lib yuborish haqida qaror chiqargandi.

Bu burilishning mazmuni shundan iboratki, AQShda badavlat insonlar, boyligi qanchalik oshib-toshib ketgan bo‘lmasin, siyosatga ta’sir o‘tkazishi juda-juda qiyin. Aksincha, davlat, jamiyat manfaatlarining himoyachisi sifatida, monopolist-milliarderlar ustidan to‘liq nazoratga ega. Jyeyms Robinson mashhur misollar sifatida Microsoft asoschisi Bill Geyts, Facebook asoschisi Mark Tsukerberg kabilarning Kongressga chaqirilib, savol-javob qilinishini eslatib o‘tdi.

Standart & Oil monopoliyasining AQSh davlat hokimiyati organlari va mansabdorlarini jilovlashga urinishiga atab ishlangan asarlardan biri

Shu tariqa, hokimiyat xalq o‘rtasida taqsimlangan bo‘lishining o‘zigina yetarli emas: inklyuziv siyosiy institutlar mavjud bo‘lishining asosiy sharti – hokimiyat o‘zi qabul qilgan qonunlarning ijro etilishini ta’minlay oladigan darajada qudratli bo‘lishi kerak.

Cheklanmagan hokimiyat yulg‘ichlik qilishi aniq

Jyeyms Robinsonning so‘zlariga ko‘ra, siyosiy institutlar ekstraktiv bo‘lgan mamlakatda iqtisodiy institutlar inklyuziv bo‘lishi ham mumkin. Bunda jamiyat siyosiy kursga katta ta’sir qila olmaydi, lekin elitadan tashqari, keng doiradagi qatlamlarning ham mulk huquqi himoya qilinadi, foyda olishni ko‘zlagan odamlar o‘zaro erkin iqtisodiy munosabatga kirishishi uchun sharoitlar yaratiladi. Natijada aktivlardan samarali foydalanishga, mehnat unumdorligini oshirishga rag‘batlar paydo bo‘ladi (ekstraktiv iqtisodiy qoidalar hukmron muhitda bunday rag‘batlar bo‘lmaydi).

Bunga yorqin misol – Xitoy. Jahonning ikkinchi eng katta iqtisodiyotiga aylangan Xitoydagi iqtisodiy o‘sish, tadqiqotchining so‘zlariga ko‘ra, barqaror bo‘lmasligi ehtimoli katta. “Chunki tarix shuni ko‘rsatadiki, tor elitaning erkaligi sharoitida inklyuziv iqtisodiy institutlar uzoq vaqt mavjud bo‘la olmaydi”, dedi Robinson.

“Hokimiyat korrupsiyaga moyil bo‘ladi, cheklanmagan hokimiyat esa aniq korrupsiyaga qo‘l uradi”, deya tarixchi Lord Aktondan iqtibos keltirdi u.

Ingliz olimining qo‘shimcha qilishicha, har qanday jamiyatda, hatto AQShda ham, ekstraktiv institutlarga qaytish uchun rag‘batlar doim bo‘lgan.

Ekstraktiv qoidalar hukmron yurtda millionlab talantlar uvol bo‘ladi

Kitob muallifi ayrim davlatlarning boy, ayrimlarining esa kambag‘al ekanini izohlab, bu ulardagi siyosiy institutlarga bog‘liq ekanini aytarkan, kambag‘al davlatlardagi bir umumiylikni afsus bilan qayd etdi: ekstraktiv institutlarda insonlarning qobiliyatlari farovonlik va boylik yaratishga ishlatilmasdan, uvol bo‘ladi. Faqat kamdan kam odamlargina o‘z potensialini ro‘yobga chiqara oladi. Chunki o‘yin qoidalaridagi mavjud rag‘batlar shuni taqozo qiladi, imkoniyatlar esa chegaralab qo‘yilgan.

Jyeyms Robinson o‘z tadqiqotidan ayrim xulosalarni aytib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, birinchi xulosa shuki, tarix – bu hukm emas. Mamlakatlarning o‘tmishi, mentaliteti, geografik joylashuvi, tabiiy boyliklari bor-yo‘qligi yoki boshqa xususiyatlaridan qat’i nazar, boyish uchun hammada imkoniyat bor.

Shu bilan birga, mustahkam o‘rnashgan ekstraktiv institutlar o‘rniga inklyuziv institutlar barpo etish oson emas. Bu ko‘pincha kichik yoki katta siyosiy o‘zgarishlar to‘lqinini va ekstraktiv institutlardan aziyat chekayotgan insonlarning jamoaviy sa’y-harakatlarini taqozo qiladi. Bu ro‘y bergan taqdirda ham, muvaffaqiyat kafolatlanmagan: yangi kelgan hokimiyat avvalgisidan tubdan farq qilmaydigan ekstraktiv siyosatni davom ettirishi holatlari ko‘p uchraydi.

Asosiysi, nima qilsa xalqlar boyishi, farovonlikka erishishi, uzoqroq va baxtliroq umr kechirishi endi ayon, buning retsepti kashf etib bo‘lindi. Geografiya, madaniyat kabi tabiiy omillar bunga to‘siq emasligi ham tasdiqlandi. Shu jihatdan, tadbir tashkilotchisi, iqtisodchi Behzod Hoshimov o‘z nutqida bu kitobni “umid kitobi” deb atadi. U va boshqa qator olimlar yaqin yillarda Jyeyms Robinson va Darem Ajyemo‘g‘li iqtisodiy rivojlanishga doir tadqiqotlari uchun iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofotini olishiga ishonch bildirgan.

Jahon darajasidagi olimning shaxsan o‘zi kitobini Toshkentda taqdimot qilib, o‘quvchilarga dastxat qo‘yib berishi, uchrashuvda ishtirok etish pulli bo‘lganiga qaramay, bir necha yuz kishilik zal kitobxonlar bilan to‘lgani – O‘zbekistonda doim ham kuzatilavermaydigan ijtimoiy voqea bo‘ldi.

Tadbir ishtirokchilarining katta qismini yoshlar tashkil etgani e’tiborga loyiq. Jyeyms Robinson ma’ruzasidan keyin sahnada avvaliga iqtisodchi, Harvard universiteti doktoranti Botir Qobilov bilan suhbatlashdi, shundan keyin auditoriyadan tushgan bir nechta savollarga javob berib o‘tdi.

Jamoatchilik tadbirni iliq qarshi olganini ta’kidlash lozim. Qator faollar ijtimoiy tarmoqda tashkilotchilarga minnatdorchilik bildirib, bu kabi uchrashuvlar davom etishi kerakligini ta’kidlashdi.

“Mamlakatlar tanazzuli sabablari” kitobining o‘zbek tilidagi navbatdagi tiraji yaqin kunlarda Asaxiy.uz tomonidan sotuvga chiqarilishi kutilmoqda.

Komron Chegaboyev

Mavzu
Mutolaa zavqi
Kitob mutolaasi inson ruhiyatida ajib hissiyot, o‘zgacha quvvat va ichki xotirjamlik beradi. Bu sahifadagi maqolalar sizni ana shunday mutolaa zavqini his qilishga undaydi.
Barchasi
Top