14:25 / 20.03.2023
18514

Xitoy XJSni Putin ishi bo‘yicha «xolis pozitsiya»ga chaqirdi

Pekin Si Jinpingning Rossiyaga tashrifi oldidan Xalqaro jinoiy sudni ikki tomonlama standartlarda ayblab, Ukrainadagi urushni diplomatik yo‘l bilan hal qilishga chaqirdi.

Foto: Reuters

Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olishga order bergan Xalqaro jinoiy sudi (XJS) bu masalada «xolis pozitsiya»ni egallashi va «ikki tomonlama standartlar»dan qochishi kerak, deb ma’lum qildi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi. Pekin Ukraina inqirozida xolis va adolatli rol o‘ynashda davom etadi, dedi vazirlik rasmiy vakili Van Venbin 20 mart, dushanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda.

XXR raisi Si Jinpingning Moskvaga tashrifidan oldin so‘zlagan nutqida u xalqaro huquq normalariga muvofiq davlat rahbarlarining daxlsizligiga ishora qilib, harbiy mojaroni «muloqot va muzokaralar» yo‘li bilan hal qilishga chaqirdi. Van Venbin, shuningdek, Xitoy Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi ehtimoliy tinchlik muzokaralarida konstruktiv pozitsiyani egallashini ta’kidladi.

Si Jinpingning Rossiyaga tashrifi 20-22 mart kunlari bo‘lib o‘tadi, Si buni avvalroq «do‘stlik, hamkorlik va tinchlik sayohati» deb atagan edi. Uning doirasida Xitoy rahbari Vladimir Putin bilan uchrashadi. Safar boshlanishidan avval Si Jinping maqola chop etib, unda Xitoyning Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi borasidagi pozitsiyasini yana bir bor bayon qildi. U avvalroq taklif qilingan rejani eslatib o‘tdi, uning so‘zlariga ko‘ra, harbiy mojarodan «ratsional chiqish» va «barqaror tinchlikka yo‘l» taklif qiladi. 

Si Jinpingning Moskvaga tashrifidan bir necha kun oldin, 17 mart kuni Haagadagi XJSning dastlabki tergov palatasi Putin va bolalar huquqlari bo‘yicha ombudsman Mariya Lvova-Belovani hibsga olish uchun order bergan edi. Sudning ta’kidlashicha, Putin bevosita, boshqalar bilan birgalikda va/yoki boshqa shaxslar orqali jinoyat sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortilish uchun «yetarli asoslar» mavjud. Taxminlarga ko‘ra, Rossiya prezidenti ushbu harakatlarni sodir etgan yoki ularni sodir etishga ruxsat bergan fuqarolik va harbiy xizmatchilar ustidan tegishli nazoratni ham amalga oshirmagan. 

Xitoy Xalqaro jinoiy sud faoliyatini tartibga soluvchi Rim statutini imzolamagan va shuning uchun uning qarorlariga amal qilmaydi. 

Top