11:23 / 25.03.2023
9451

ISW: Rossiya Kiyevning ehtimoliy qarshi hujumi bo‘yicha axborot maydonini tayyorlamoqda

Rossiya axborot maydonida nufuzli shaxslarning Ukrainaning ehtimoliy qarshi hujumi haqidagi bayonotlari tobora ko‘proq yangramoqda. Amerika urushni o‘rganish instituti (Institute for the study of war, ISW) shu holatga e’tibor qaratdi. 

Foto: AP

Xususan, 24 mart kuni Rossiya Xavfsizlik kengashi rahbari o‘rinbosari Dmitriy Medvedev Kiyevning hujum operatsiyalariga tayyorlanayotganini ma’lum qildi. «Bizning bosh shtabimiz buni hisobga olib, qarorlarini tayyorlamoqda», dedi u davlat matbuotiga bergan intervyusida. 

Bir kun oldin, 23 mart kuni «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi egasi Yevgeniy Prigojin Ukrainaning keng ko‘lamli qarshi hujumi rejalari haqida gapirgandi.

Rossiya qo‘shinlarining bahorgi hujumi o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqqanga o‘xshaydi va Rossiya axborot maydoni ham Rossiya operatsiyalarining sekinlashishiga, ham frontda tashabbus Ukrainaga qaytishi mumkinligiga munosabat bildirmoqda, deydi tahlilchilar. 

Rossiya harbiy qo‘mondonligi yangi hujum operatsiyalarini boshlash uchun oldingi chiziqqa katta miqdordagi kuchlarni yuborishi kerak, ammo Rossiya Federatsiyasida hozir bunday kuchlar yetarli miqdorda yo‘q, deb ta’kidlaydi ISW.

Avvalroq ISW Rossiyaning Ukrainadagi hujumi eng yuqori darajaga chiqishi arafasida ekani haqida ma’lum qilgandi.

So‘nggi haftalarda Rossiyaning Donbassdagi hujum operatsiyalari sur’ati sekinlashdi, bu Rossiya Qurolli kuchlarining bahorgi hujumi yaqin orada yakunlanishidan dalolat berishi mumkin, deydi tahlilchilar. 

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushidagi vaziyatning navbatdagi sharhida ular Ukraina Qurolli kuchlari Sharqiy kuchlari guruhi spikeri Sergey Cherevatiyning Rossiya Donbassda kutilayotgan keng ko‘lamli hujum va Baxmutni taktik qo‘lga olishni yakunlash uchun yetarlicha kuch to‘play olmadi, deb hisoblagan bayonotiga e’tibor qaratilgan. 

Agar 300 000 rossiyalik harbiy xizmatchilar hujumda hal qiluvchi ustunlikni ta’minlay olmasa, keyingi safarbarlik to‘lqinlari paytida qo‘shimcha kuchlarni jalb qilish tubdan boshqacha natijaga olib kelishi dargumon, deya ishonch bildirgan ISW ekspertlari. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top