17:44 / 29.03.2023
5376

Hindiston hukumati 18 ta farmatsevtika kompaniyasining litsenziyasini bekor qildi

Foto: AP

Hindiston hukumati Dori vositalarini nazorat qilish bo‘yicha bosh nazoratchi (DCGI) tomonidan 20 shtatdagi 76 ta kompaniyada o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasiga ko‘ra, qalbaki dori vositalari ishlab chiqargani sababli 18 ta farmatsevtika kompaniyasining litsenziyalarini bekor qildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» hind ommaviy axborot vositalariga tayangan holda.

Bu haqda seshanba kuni jurnalistlarga rasmiy manba ma’lum qilgan. Ta’kidlanishicha, mamlakat bo‘ylab farmatsevtika korxonalarida qalbaki dori vositalari ishlab chiqarilishi ehtimoli bo‘yicha keng ko‘lamli tekshiruvlar o‘tkazilgan.

«Tekshiruvlar O‘zbekistonda Hindistonda ishlab chiqarilgan ikkita yo‘tal va shamollashga qarshi siroplar iste’moli bolalar o‘limiga olib kelgani haqida xabar tarqagandan keyin o‘tkazilgan», deb yozadi Times Now axborot portali.

Nashr, shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Noida shahrida joylashgan kompaniya tomonidan ishlab chiqarilgan sifatsiz dori-darmonlar haqida ogohlantirganini eslatadi.

Axborot portali JSST bayonotidan quyidagi iqtibosni keltirgan: «O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining sifat nazorati bo‘yicha milliy laboratoriyalarida o‘tkazilgan tahlil natijalari Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan «Ambronol» va «DOK-1 Maks» siroplari namunalari tarkibida ifloslantiruvchi moddalar - dietilenglikol va/yoki etilenglikol qabul qilib bo‘lmaydigan miqdorda mavjudligini ko‘rsatdi».

2022 yil oktyabr oyida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Maiden Pharmaceuticals kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan to‘rt turdagi yo‘tal siropi namunalarida zaharli ifloslantiruvchi moddalar sifatida etilenglikol va dietilenglikol mavjudligi haqida xavotir bildirgan edi, deb yozadi nashr.

Top