22:55 / 31.03.2023
9831

O‘zbekistonda qarovsiz qolgan 11 mingdan ortiq bola maxsus muassasalarga joylashtirildi

Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmagani uchun 5227 ota-ona ma’muriy javobgarlikka tortilgan. 

Foto: Getty Images

Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya hamraisi 2022 yilda amalga oshirilgan faoliyati yuzasidan axborot berdi. 

Qayd etilishicha, bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning jismoniy, intellektual, ma’naviy va axloqiy kamol topishiga ko‘maklashish yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirilgan. 

Jumladan, milliy komissiya va hududiy komissiyalar tomonidan 5497 ta muhokama o‘tkazilib, ularda bolalarning huquqlarini himoyalash bo‘yicha 12 422 ta ish ko‘rib chiqilgan. 

Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmagani uchun 5227 ota-ona ma’muriy javobgarlikka tortilgan, 2054 nafar bolaga hamda 1306 ota-onaga yakka tartibda profilaktik ish olib borilishi belgilangan. 

Qarovsiz va nazoratsiz qolgan 11162 nafar bola oilalar va bolalar muassasalariga joylashtirilgan. 

Ota-onalik huquqini suiiste’mol qilgani, bolalarni tarbiyalashdan, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan bosh tortgani uchun 652 nafar bolaning ota-onasi ota-onalik huquqidan mahrum etilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bolalarning huquqlari va manfaatlarini kamsituvchi 29 ta holat yuzasidan tegishli nazorat o‘rnatilgan. 

O‘z vaqtida tug‘ilganlik guvohnomasini olmagan 412 nafar bolaga guvohnoma berilgan. Bundan tashqari, 528 nafar bola guvohnoma olmagani aniqlanib, bu borada tegishli choralar ko‘rilmoqda. 

«Mehribonlik» uylari, Bolalar shaharchasi va «SOS» bolalar mahallalari uyushmasi qaramog‘idagi yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar oilalarga, yaqin qarindoshlari tarbiyasiga o‘tkazish natijasida 13 ta mehribonlik uyiga, 4 ta bolalar shaharchasi va 4 ta bolalar uyiga ehtiyoj qolmagani uchun ularning faoliyati tugatilgan. 

Uy-joyga muhtoj yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun 2022 yilda 397 ta uy-joy xarid qilingan. Shu maqsadda Davlat budjetidan 57 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. 

Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish bo‘yicha «Mehr daftari» tizimi yo‘lga qo‘yilib, «Mehr daftari» jamg‘armasiga 86,1 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan.

Top