Jamiyat | 18:15 / 16.12.2022
37191
6 daqiqa o‘qiladi

“Abortlarning katta qismi bolaning jinsi qiz bo‘lgani uchun qilinadi” - shifokor hikoyasi

“Ism-sharifimni oshkor qilmayman, chunki men juda ko‘p oilalarda tug‘ilmagan qizlarning ota-onalariga qo‘shilib ularning qotiliga aylanganman”.

Foto: KUN.UZ

Kun.uz'ning “Hayotiy hikoyalar” ruknida ko‘p yillar tug‘uruqxonada ishlagan oliy toifali akusher-ginekolog kasbidagi achchiq haqiqatlar haqida gapirib berdi.

Qiz tug‘gan aybdormi?

Ko‘p yillar tumanimizdagi tug‘uruqxonada ishladim, hozir pensiyadaman. Kasbim taqozosi bilan ayollarda istalmagan homiladorlikni to‘xtatish uchun abort holatlariga ham qo‘l urganmiz.

Tumanimizdagi juda ko‘pchilikning dunyoga kelishiga guvoh bo‘lganman. Bir ko‘chada yashaydigan qo‘shnim bilan bo‘lgan holat hech esimdan chiqmaydi. Yosh oilada ketma-ket ikki qiz farzand dunyoga keldi. Shundan keyin ayolning fikri-zikri faqat o‘g‘il farzand ko‘rish, turmush o‘rtog‘ini xursand qilishdan iborat bo‘lib qoldi. Qabulimga kelib o‘g‘il ko‘rish uchun nima qilish mumkinligi haqida so‘rardi. Ko‘nglini ko‘tarib hali qatorlashtirib o‘g‘illar ko‘rishini aytsam, mahzun xo‘rsinib qo‘yardi. Turmush o‘rtog‘i o‘g‘il ko‘rishni xohlayotganini, oshnalarining xotinlari o‘g‘il tug‘ganda uyida janjal bo‘lganini aytdi.

Ayol nimjon, ustma-ust tug‘uruqlardan keyin hali tiklanishga ulgurmagan, kamiga kamqon edi. Bunday vaziyatlarda biz shifokorlar ularga hammasini tushuntiramiz. Lekin ko‘pincha gaplarimiz ular ostona hatlab uyga kirgan zahoti unutiladi. Chunki oilada ko‘p narsa er-xotinning o‘zaro hamfikrligi, bir-birini qo‘llab-quvvatlashiga bog‘liq.

Afsuski, qo‘shni kelin shundan keyin tez orada yana homilador bo‘lgan ekan. Yana qiz ko‘rdi. Xullas, har safar “bunisi o‘g‘il bo‘ladi” degan o‘y bilan tug‘ilgan uch qizning orasi bir yoshdan, tez-tez kasal bo‘lishadi. Onaning ahvoli undan ham battar. Uchinchi qiz farzanddan keyin onaning salomatligida jiddiy o‘zgarishlar kuzatila boshlandi.

Uch farzandni 9 oydan vujudida ko‘tarish, og‘ir tug‘uruqlar, tug‘uruqdan keyin chaqaloq bir yoshga kirmasdan keyingi homiladorlik – bular hammasi uning organizmini haddan tashqari zo‘riqtirgan edi. Lekin shunga qaramay durustroq davolanish haqida o‘ylamasdi. Qiz tuqqani uchun o‘zini aybdor hisoblar edi.

Qiz uchun so‘yilmagan qo‘chqor

Vanihoyat ayol to‘rtinchi farzandiga homilador bo‘ldi. Er-xotin umid bilan o‘g‘il kutardi. Ultratovush tekshiruvlarida bolaning jinsini o‘g‘il deyishgan ekan. Ulardan baxtiyor odam yo‘q edi. Chaqaloq tug‘ilsa so‘yiladigan qo‘chqorgacha, ismigacha tayyor, faqat o‘g‘ilning dunyoga kelishi kutilayotgandi. Taqdirni qarangki, yana qiz tug‘ildi. Ota so‘kingancha chiqib ketdi, ona yig‘lagancha qoldi. Ular uchun dunyodagi eng katta fojia boshlariga tushganday, oilada yangi chaqaloq emas, katta kulfat tug‘ilganday edi.

Bu kayfiyat oilaning totuvligini ham yo‘qotdi desam xato bo‘lmaydi. Hozir to‘rt farzandli oila katta oila hisoblanadi. Kirakashlik qilib ro‘zg‘or tebratadigan ota olib kelganini o‘g‘il tug‘magani uchun “tili qisiq” ona amal-taqal qilib yetkazishga harakat qilardi. Bolalarni o‘qitish, ta’limi uchun pul ajratish oxirgi darajali ish edi.

Bo‘laklangan o‘g‘il farzand

Bir kuni ishxonamga er-xotin qidirib kelishdi: ayol yana homilador ekan. Ammo eri yana qiz tug‘ilishidan qo‘rqib bolani oldirishga kelishibdi. “Baribir yana qiz tug‘iladi, o‘zi shularni eplab katta qilsak ham katta gap”, dedi.

Tekshiruvlarda homilaning jinsini harchand urinmaylik aniqlab bo‘lmadi, lekin anchagina katta ekani ma’lum bo‘ldi. Bunday holatda homila bo‘laklarga bo‘lib, abort qilinadi. Bilaman, bu katta gunoh. Lekin kasbimiz shuni talab qiladi. Ota-onaning talabi bilan 4 oylik bolani ham shunday yo‘l bilan bo‘laklab oldik. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, chaqaloq o‘g‘il edi. Bundan xabar topgan er-xotinning ahvolini tasvirlash mushkul.

Ko‘p hollarda qiz bo‘lsa, voz kechiladi

Tajribamda ko‘p kuzatganim uchun aytaman: abortlarning katta qismi bolaning jinsi qiz bo‘lgani uchun qilinadi. Ba’zida shu sabab bilan qabulimga kelgan ayollardan nega boladan voz kechayotganini so‘rasam: “Erim qizni ko‘pam xohlamayapti. Qiz bolaning taqdiri qiyin bo‘ladi, kerakmas, oldirib tashla, dedi. O‘zim ham shu fikrdaman” deyishadi.

Hozir nafaqadaman va o‘zimning besh nafar qiz nevaram bor. Har gal ularni ko‘rganimda, erkalaganimda kimlardir shunday shirin ne’matdan voz kechganini va buni mening qo‘llarim bilan amalga oshirganini o‘ylab azoblanaman. Chunki bugun qiz bo‘lgani uchun tug‘ilganda onasi o‘kingan, otasi xursand bo‘lmagan ayollar bugun ota-onasining kuniga yarayotganini ko‘ryapman.

Mavzuga oid