Jamiyat | 15:25 / 18.12.2022
33357
2 daqiqa o‘qiladi

Marhum turmush o‘rtog‘ining ovozini eshitish uchun har kuni metroga boradigan ayol

2007 yilda vafot etgan londonlik Osfald Lourensning turmush o‘rtog‘i Margaret Makkollum har kuni metro stansiyalarining biriga keladi. Uning maqsadi metrodan boshqalar kabi foydalanish emasdi.

Sehrli ovoz

London metrosi yo‘lovchilari har kuni Nothern Line stansiyasida turgan keksa ayolga duch kelishar edi. Bu ayol hech qayerga shoshmas va metroni ham kutmas edi. Stansiyaning eng chekkasidagi o‘rindiqda o‘tirib, marhum erining ovozi yangrashini kutar edi.

Ayolning turmush o‘rtog‘i Osfald Lourens bu dunyoni tark etib ketgan. Yo‘qotishdan kuchli azob tortgan ayol g‘amini yengishning va sog‘inch hissini qondirishning ajoyib yo‘lini o‘ylab topdi. O‘shandan beri Margaret metro stansiyasida o‘tirib, yo‘lovchilarni vagonga chiqish va tushishda ogohlantirib turuvchi erkakning ohangrabodek jaranglovchi ovozini tinglab o‘tirar edi. Bu ovoz uning turmush o‘rtog‘i Osfald Lourensga tegishli edi. Bu hamma uchun ma’lum va mashhur bo‘lgan “Ehtiyot bo‘ling, metro kelmoqda...” iborasi bo‘lib, u 1950 yilda yozib olingan edi.

Beva ayol har kuni ana shu ovozni eshitish uchun stansiyaga kelishni kanda qilmasdi.

So‘nggi umid

Oradan yillar o‘tib, metro stansiyalaridagi ovozlar elektron yozuvlarga almashtirildi. Margaretning so‘nggi umidi ham uzilib qolgan edi. Ayol bundan yanada badtar tushkunlikka tushib qoldi.

U metro xodimlariga murojaat qilib, erining ovozini qaytarib qo‘yishni iltimos qiladi. Uning hikoyasini tinglagan xodimlar bu haqida rahbariyatga xabar beradi. Sadoqat va oliyjanoblikdan ta’sirlangan metro rahbariyati savobli ishga qo‘l urishdi. Shu kundan boshlab, ayol istiqomat qiladigan hududda joylashgan metro stansiyasida yana Osfald Lourensning ovozi yangray boshladi. Bu ovoz faqat shimoliy qirg‘oq stansiyasidagina jarang sochar, qolgan stansiyalarda esa elektron ovozlar yangrar edi.

 

Mavzuga oid