O‘zbekiston | 11:05 / 27.07.2021
733
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda 100 nafar talabaning 640 mln so‘mlik bir yillik shartnoma to‘lovlari to‘lab beriladi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumining 2021 yil 19 iyuldagi maxsus qarori qabul qilindi. U asosida OTMda shartnoma asosida tahsil olayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarga bir yillik shartnoma to‘lovlari to‘lab berilishi belgilandi.

Qarorga muvofiq, shahar va tumanlardan oliy o‘quv yurtlarida shartnoma asosida tahsil olayotgan 100 nafar talabaning 2021/2022 o‘quv yili uchun bir yillik shartnoma to‘lovlari to‘lab beriladi. To‘lovlar ota-onasidan yoki ularning biridan mahrum bo‘lgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar va boquvchisidan ayrilgan yolg‘iz boshli xotin-qizlarga ajratilgan.

Buning uchun zarur bo‘lgan 640 million so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan. Shartnoma to‘lovlarining to‘liq to‘lab berilishini ta'minlash hamda ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishini nazorat qilish bo‘yicha tegishli vazirlik va oliy o‘quv yurtlariga vazifalar berildi, deyiladi Jo‘qorg‘i Kengesi matbuot xizmati xabarida.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Jo‘qorg‘i Kenges 253 nafar talabaning bir yillik 1 mlrd 546,2 mln so‘m shartnoma pulini to‘lab bergandi.

Mavzuga oid