Jahon | 17:18 / 20.05.2024
9049
2 daqiqa o‘qiladi

Haaga sudi prokurori Netanyahu va Hamas yetakchilarini hibsga olishni so‘radi

Foto: The New York Times

BMT Xalqaro jinoyat sudi prokurori Karim Ahmad Xon Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu, isroilliklar mudofaa vaziri, shuningdek falastinliklarning Hamas guruhining uch yetakchisini hibsga olish uchun order berishni so‘ragan. Xonning hisoblashicha, ularning barchasi Hamasning Isroilga hujumi vaqtida, shuningdek bunga javoban Isroil kuchlari G‘azo sektorida boshlagan amaliyot vaqtida harbiy jinoyatlar sodir etilishida aybdordir.

Xalqaro jinoyat sudi saytida e’lon qilingan rasmiy xabarda yozilishicha, Hamasning G‘azodagi yetakchilari Yahyo Sinvar, guruhning siyosiy qanoti rahbari Ismoil Xoniya, shuningdek uning harbiy qanoti rahbari Muhammad Diab al-Masriy insoniyatga qarshi jinoyatlar, shuningdek harbiy jinoyatlar sodir etishda aybdor sanaladi.

Xonning bayonotida Netanyahu va Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant boshqa narsalar qatori, ochlikdan urush olib borish vositasi sifatida foydalanish, tinch aholini o‘ldirish va boshqa harbiy jinoyatlarida aybdor ekani keltirilgan.

So‘nggi kunlarda isroillik rasmiy shaxslar XJS Isroil hukumatining yuqori martabali amaldorlarini hibsga olishga order tayyorlanayotganidan xavotir bildirayotgandi, bu G‘azoda o‘tgan yil oktyabrida boshlangan urush davrida Isroilga qarshi qo‘llangan eng jiddiy xalqaro huquqiy chora bo‘ladi.

Haagada joylashgan Xalqaro jinoyat sudi BMTning eng yuqori instansiya sudi  hisoblanadi. Ammo Isroil Rim statutini ratifikatsiya qilmagan va XJS yurisdiksiyasini tan olmaydi.

7 oktyabr kuni Hamas va boshqa kichik guruhlar a’zolari Isroil janubiga bostirib kirib, kamida 1200 kishini o‘ldirgan (ularning aksari tinch aholi vakillari bo‘lishgan) va 240 ga yaqin kishini garovga olishgandi.

Bunga javoban G‘azoda Isroil tomonidan boshlangan vayronkor yurish shu vaqtgacha 35 mingdan ortiq kishini hayotdan olib ketdi, ularning ko‘pchilik qismi ayollar va bolalardir.

Mavzuga oid