Jahon | 15:01 / 22.05.2026
4225
9 daqiqa o‘qiladi

«Yadroviy muskullarini» ko‘rsatgan Rossiya va Kanada ichidagi bo‘linishlar – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Eron uranni bermoqchi emas

Eron Oliy rahnamosi Mujtaba Xominaiy uran zaxirasini xorijga yubormaslik haqida ko‘rsatma berdi. Bu haqda Erondagi ikki yuqori martabali manbaga tayanib Reuters xabar berdi.

«Oliy rahnomaning ko‘rsatmasi va hukumat ichidagi konsensus shundan iboratki, boyitilgan uran zaxirasi mamlakatni tark etmasligi kerak», dedi ismini oshkor etmaslik sharti bilan gapirgan manba.

Yuqori martabali mulozimlar ushbu materialning xorijga yuborilishi – Eronni AQSh va Isroilning kelgusi hujumlari oldida yanada himoyasiz qoldiradi deb hisoblamoqda.

Kichik Xominaiyning ushbu buyrug‘i AQSh prezidenti Donald Trampni yanada g‘azablantirishi va urushni yakunlash bo‘yicha muzokaralarni murakkablashtirishi mumkin.

Trampning o‘zi payshanba kuni AQSh bunga yo‘l qo‘ymasligini va’da qildi: «Biz uni — boyitilgan uranni qo‘lga kiritamiz. U bizga kerak emas, biz uni xohlamaymiz. Uni qo‘lga kiritganimizdan keyin, ehtimol, yo‘q qilarmiz, lekin ularda qolishiga yo‘l qo‘ymaymiz», dedi Tramp Oq uyda jurnalistlarga.

Isroil rasmiylariga ko‘ra, Tramp Isroilga ham Eronda boyitilgan uran zaxirasi bo‘lmasligi haqida va’da bergan. Bosh vazir Binyamin Netanyahu uran Erondan olib chiqib ketilmaguncha va uning ballistik raketa salohiyati yo‘q qilinmaguncha urush tugagan deb hisoblanmasligini aytdi.

Isroil, AQSh va G‘arb davlatlari azaldan Eronni yadro quroli yaratishga urinishda ayblab keladi. Ular Eronning uranni 60% gacha boyitish bo‘yicha qadamlarini misol qilib ko‘rsatmoqda. Chunki bu fuqarolik ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan darajadan ancha yuqori va qurol uchun kerakli 90% lik ko‘rsatkichga yaqin hisoblanadi. Eron esa yadro qurolini yaratishga urinayotganini rad etadi.

Shuningdek, Eron rasmiylari AQShning sulhga intilishi va kelishuv takliflariga «chuqur shubha» bilan qaramoqda. Urushdan oldin Eron boyitilgan uran zaxirasining yarmini mamlakatdan olib chiqib ketishga tayyorligini bildirgan edi. Biroq Trampning Eronga zarba berish haqidagi tahdidlaridan keyin bu pozitsiya o‘zgargan.

Rossiya «yadroviy muskullarini» ko‘rsatmoqda

Rossiya va Belarus payshanba kuni o‘zlarining qo‘shma yadroviy mashg‘ulotlari yakuniy bosqichini o‘tkazdi. Prezident Vladimir Putin belaruslik hamkasbi Aleksandr Lukashenko bilan videomuloqot orqali ushbu manyovrlarni muhokama qildi.

«Yadro qurolidan foydalanish — davlatlarimiz milliy xavfsizligini ta’minlashning o‘ta favqulodda, mustasno chorasidir», dedi Putin.

Lukashenko esa mashg‘ulotlar davomida yadroviy zaryad tashishga qodir «Iskander» ballistik raketalarini ko‘zdan kechirdi va «men bu mashina haqida ancha vaqtdan beri orzu qilardim», dedi.

Belarus yetakchisi uning davlati Ukraina urushiga tortilishi haqidagi har qanday fikrni rad etdi. Biroq «tajovuz sodir bo‘lgan taqdirda Rossiya va Belarus birgalikda himoyalanishi»ni ma’lum qildi. Lukashenko, shuningdek, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashishga tayyorligini bildirgan.

Rossiya Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, mashqlarga 64 000 nafar harbiy xizmatchi, 200 dan ortiq raketa uchirish qurilmasi, 140 dan ziyod samolyot, 73 ta harbiy kema va 13 ta suvosti kemasi jalb etilgan.

Rossiya qurolli kuchlari «Yars» va «Sineva» qit’alararo ballistik raketalarini, shuningdek, dengizdan uchiriladigan o‘rta masofali «Tsirkon» va havodan uchiriladigan «Kinjal» raketalarini sinovdan o‘tkazdi. Belarus qo‘shinlari esa Rossiya hududida qisqa masofali «Iskander» ballistik raketasini sinovdan o‘tkazdi.

Seshanba kuni boshlangan uch kunlik mashg‘ulotlar Rossiya uzra Ukraina dron zarbalari keskin ko‘paygan bir vaqtga to‘g‘ri kelmoqda. Oldinroq Rossiya Tashqi razvedka xizmati hech qanday dalil keltirmagan holda, Ukraina Boltiqbo‘yi mamlakatlaridan Rossiyaga dronlar hujumi tayyorlayotganini da’vo qilgan va javob choralari ko‘rilishi haqida ogohlantirgandi.

Yadroviy mashg‘ulotlar qanday xabar yo‘llashni ko‘zda tutgani haqidagi savolga Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov: «Har qanday mashg‘ulotlar signal berishni ko‘zda tutadi», deb javob berdi.

BMTda iqlim o‘zgarishiga doir rezolyutsiya

BMT Bosh assambleyasi «Mamlakatlarning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish hamda qazib olinadigan yoqilg‘i iste’molini kamaytirish bo‘yicha huquqiy majburiyatini tasdiqlovchi» rezolyutsiyaga ovoz berdi. Uni 141 davlat yoqladi, 8 ta qarshi ovoz bo‘ldi va hujjat qabul qilindi.

Rezolyutsiyaga AQSh, Rossiya, Belarus, Isroil, Yaman, Eron, Liberiya va Saudiya Arabistoni qarshi ovoz berdi. Yana 28 a’zo davlat ovoz berishdan tiyildi.

Rezolyutsiyani muhokamaga iqlim o‘zgarishi oqibatlari oldida eng zaif hisoblangan orol-davlat — Vanuatu taqdim etdi. 2022 yilda Vanuatu rasmiylari dengiz sathining ko‘tarilishi va tez-tez takrorlanayotgan ekstremal ob-havo hodisalari sababli iqlimiy favqulodda holat e’lon qilgandi.

AP nashriga ko‘ra, AQSh ushbu hujjatni muhokamadan qaytarib olishga chaqirgan. Chunki Oq uy ushbu rezolyutsiya Amerika sanoatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishidan xavotirda.

Bosh assambleyaning ushbu rezolyutsiyasi BMT Xalqaro sudining 2025 yil yozida chiqargan maslahat xulosasini mustahkamlaydi. Undan kelib chiqib, davlatlar global isishga qarshi kurashishi va qazib olinadigan yoqilg‘i iste’molini kamaytirishi shart.

Shu bilan birga bunday xulosa to‘g‘ridan to‘g‘ri yuridik kuchga ega emas, biroq endilikda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq sud ishlarida unga tayaniladi.

Albertada referendum

Kanadaning neftga boy bo‘lgan Alberta provinsiyasi oktyabr oyida aholining Kanada tarkibida qolish-qolmasligi bo‘yicha majburiy bo‘lmagan referendum o‘tkazadi. Referendum asosan ramziy ma’noga ega bo‘lsa-da, ushbu qadam bosh vazir Mark Karni uchun jiddiy sinov bo‘lishi mumkin.

Shtat rasmiylariga ko‘ra, ovoz berish byulletenidagi savol mustaqil bo‘lib ajralib chiqishni to‘g‘ridan to‘g‘ri boshlab bermaydi. Buning o‘rniga aholidan «Alberta hukumati kelajakda mustaqillik bo‘yicha majburiy referendum o‘tkazish uchun huquqiy jarayonlarni boshlash kerakmi yoki yo‘qmi?» degan savol so‘raladi.

«Ovoz berish — albertaliklarning ushbu mavzu bo‘yicha xohish-irodasini tushunish va oldinga qarab qadam tashlash vaqti keldi», dedi provinsiya bosh vaziri Daniel Smit.

Ushbu e’lon referendum o‘tkazishni xohlayotgan bir guruh faol ayirmachilarning bir necha oylik kampaniyasidan so‘ng yangradi. Vaholanki, ijtimoiy so‘rovnomalar — ajralib chiqishni provinsiya saylovchilarining atigi uchdan bir qismi qo‘llab-quvvatlashini ko‘rsatib kelmoqda.

Bu nafaqat Alberta ichida, balki butun Kanada miqyosida ixtiloflarga sabab bo‘lishi kutilmoqda. Chunki Karni kelgusi oylarda AQSh tariflariga qarshi turishda yagona Kanada frontiga rahbarlik qilishga urinmoqda.

AQSh Polshaga yana 5000 askar joylashtiradi

AQSh prezidenti Donald Tramp payshanba kuni Qo‘shma Shtatlar Polshaga yana 5000 nafar harbiy xizmatchi yuborishga tayyorlanayotganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror Polsha prezidenti Karol Navrotskiy bilan yaqin munosabatlariga asoslangan.

Trampning ushbu kutilmagan bayonoti – Pentagon Yevropadagi AQSh armiyasining brigada jangovar guruhlarini qisqartirayotganini e’lon qilganidan atigi ikki kun o‘tib yangradi.

Vitse-prezident J.D. Vens ham shu hafta boshida AQSh qo‘shinlarining Polshaga joylashtirilishi kechiktirilganini aytgandi.

Polsha mudofaa vaziri Vladislav Kosinyak esa bundan oldin Yevropadagi AQSh qo‘shinlarining qisqartirilishi Polshaga ta’sir qilishini rad etgan.

Tramp o‘tgan yil may oyida prezident Navrotskiyni Oq uyda qabul qilgan va Polshadagi saylovlar oldidan eng muhim pallada uni qo‘llab-quvvatlagandi. Yakunda ushbu millatchi siyosatchi — yevropaparast partiya nomzodini mag‘lub etib, g‘alaba qozondi.

Polsha NATOning eng muhim a’zolaridan biri bo‘lib, Yevropadagi eng yirik armiyalardan biriga ega. Polsha o‘z yalpi ichki mahsulotining qariyb 4,5 foizini mudofaa sohasiga sarflaydi — bu alyans miqyosidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid