O‘zbekiston | 14:35 / 31.08.2021
10904
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident: «O‘tmishdagi yutuqlaridan kuch olib, xatolaridan xulosa chiqarib yashaydigan xalq o‘z taraqqiyot yo‘lini to‘g‘ri belgilay oladi» 

2021 yil 31 avgust kuni istiqlolning o‘ttiz yilligiga bag‘ishlab bunyod etilgan “Yangi O‘zbekiston” bog‘i va Mustaqillik monumentining tantanali ochilish marosimi bo‘ldi.

Foto: Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi

Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tadbirda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.

- Bugun barchamiz, ko‘pmillatli butun xalqimiz jonajon Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz yillik qutlug‘ bayramining quvonchi va shukuhi bilan yashamoqdamiz. Azal-azaldan obod shahar va qishloqlar, bog‘-u rog‘lar, betakror madaniy obidalar bunyodkori sifatida shuhrat qozongan mehnatkash va oliyjanob xalqimiz pandemiya va global iqtisodiy inqiroz ta'siriga qaramasdan, ushbu tarixiy sanani munosib mehnat zafarlari, ulkan yutuq va g‘alabalar bilan kutib olmoqda, - dedi davlat rahbari.

Bog‘ning markaziy qismida muhtasham badiiy obida – Mustaqillik monumenti barpo etildi.

- Biz bugun Vatanimiz mustaqilligining 30 yillik bayramini keng nishonlayapmiz. Lekin aslida, O‘zbekiston hududidagi milliy davlatchilik tarixi 3 ming yildan ziyod davrni tashkil etadi. Bu jahon fanida e'tirof etilgan ilmiy haqiqatdir. Ushbu monumentni yaratishda mana shu konseptual g‘oyani yorqin ifoda etishga harakat qildik, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ma'lumki, el-yurtimiz o‘zining qadimiy o‘tmishi davomida shonli voqealarni, turli sinov va qiyinchiliklarni, zafarli davrlar bilan birga, fojiali kunlarni ham boshidan kechirgan. Mustaqillik monumentida bular badiiy aks ettirilgan.

 - O‘tmishdagi yutuq va g‘alabalaridan kuch-quvvat olib, xato va mag‘lubiyatlaridan xulosa va saboq chiqarib yashaydigan xalq o‘zining taraqqiyot yo‘li va kelajagini to‘g‘ri belgilay oladi. Shu sababli, biz ushbu yodgorlik timsolida O‘zbekistonimizning qadimgi tarixidan boshlab to bugungi kunga qadar yuz bergan eng muhim voqealarni muhrlashga qaror qildik, - dedi prezident.

Tinchlik va erkinlik, ezgulik va farovonlik timsoli bo‘lgan, ko‘kda mag‘rur parvoz qilayotgan Humo qushi tasviri monumentning eng yuqori qismida – bamisoli uning gultoji bo‘lib o‘rin egallagan.

- Mustaqillik monumenti ona Vatanimiz, mard va jasur, tinchliksevar va mehnatkash, qahramon xalqimiz sharafiga bunyod etilgan buyuk obida sifatida qad rostladi. Monument poyiga bitilgan: “Xalqimiz tarixida ezgu iz qoldirgan barcha ajdodlarimiz doimo qalbimizda”, degan chuqur ma'noli so‘zlar ota-bobolarimiz xotirasiga bugungi avlodlarning yuksak hurmat va ehtiromini anglatadi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Shavkat Mirziyoyev jamoatchilik vakillari bilan birga Mustaqillik monumentini ochdi. Majmua poyiga gullar qo‘yildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid