O‘zbekiston | 14:10 / 04.01.2020
24108
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yangi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Hukumatning yana bir sohada vakolatlari mustahkamlanmoqda

Foto: AFP

O‘zbekistonda «Strategik rejalashtirish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritildi.

Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi huzuridagi kotibiyat katta referenti Behzod Sultonovning yozishicha, unda strategik rivojlantirish hujjatlari loyihalarini tayyorlash, ko‘rib chiqish, tasdiqlash, amalga oshirish, monitoring qilish va ularga o‘zgartirish kiritish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish maqsad qilingan.

Loyiha bilan asosiy prinsiplar va tushunchalarning ta'riflari, strategik rejalashtirish hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish, ko‘rib chiqish, tasdiqlash, amalga oshirilishini monitoring qilish, strategik rejalashtirish jarayonini moliyalashtirish tartiblari belgilanmoqda.

Shu bilan birga, loyihada strategik rejalashtirish sohasida Vazirlar Mahkamasining, vakolatli davlat organlarining, davlat boshqaruvi organlarining hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari mustahkamlanmoqda.

Shuningdek, qonun loyihasining 18-moddasida Iqtisodiyot va sanoat vazirligi (bilan davlat boshqaruvining boshqa organlari o‘z vakolatlari doirasida) – ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish sohasiga, Adliya vazirligi (bilan davlat boshqaruvining boshqa organlari o‘z vakolatlari doirasida) – davlat va jamiyat qurilishi hamda sud-huquq sohasiga, Investitsiya va tashqi savdo vazirligi – investitsiya siyosatiga oid strategik rejalashtirish hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha vakolatli davlat organi sifatida belgilanmoqda.

Qonun loyihasida qator yangiliklar bilan birga, ayrim moddalar yuzasidan bahsli masalalar ham mavjud. Shu tufayli, hozirda parlament quyi palatasidagi Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan qonun loyihasining O‘zbekiston Konstitutsiyasi va qonunlariga, unga nisbatan yuqori yuridik kuchga ega bo‘lgan boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, qonunchilik texnikasi qoidalariga muvofiqligini o‘rganish yuzasidan ishlar olib borilmoqda, deyiladi ma'lumotda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid