Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Texasda bir tuxum hujayradan paydo bo‘lgan uch egiz chaqaloq tug‘ildi
AQShning Texas shtatida kam uchraydigan holat – bir tuxum hujayradan paydo bo‘lgan uch egiz chaqaloq tug‘ildi, deb xabar bermoqda NBC News telekanali. Ikkita chaqaloq tos suyagi sohasida bir-biriga qo‘shilib ketgan.
Korpus-Kristi tibbiyot markazida aytishlaricha, Katalina, Ximena va Skarlett ismli bu chaqaloqlar kesarcha jarrohlik yo‘li bilan dunyoga keltirilgan. Har bir qizning vazni 2,1 kg.ni tashkil qilgan.
Chaqaloqlarning ota-onasi Silviya Ernandes va Roel Torres ularni mo‘'jiza deb atamoqda. “Tangri bu farzandlarimizga g‘amxo‘rlik qilish uchun bizni tanladi”, deb aytmoqda qizchalarning otasi. Chaqaloqlar otasining aytishicha, shifokorlar dastlab homiladorlik paytida ikkita yurak urayotganini eshitishgan va er-xotin ularda qiz va o‘g‘il tug‘iladi, deb o‘ylashgan.
Biroq qizchalar onasining tobi qochib qolgach, shifokorlar homila uchta ekanligini va ulardan ikkitasi bir-biriga payvasta bo‘lib ketganini aniqlashgan. Shifokorlarning aytishicha, ularni ajratish bo‘yicha jarrohlik operatsiyasini bir-bir yarim yildan keyin amalga oshirish mumkin. Bungacha qizchalar ko‘p sonli testlardan o‘tishlari kerak bo‘ladi.