Jamiyat | 12:34 / 13.08.2015
6672
2 daqiqa o‘qiladi

Namanganlik qariyadan 100 yillik noyob revolver olib qo‘yildi

“Arsenal” operatsiyasi doirasida o‘tkazilgan reyd natijasida Namangan viloyatining Chust tumanida istiqomat qiluvchi keksa yoshli fuqarodan nagan tizimidagi revolver olib qo‘yildi.

“U qurol sifatida qiymatini yo‘qotgan bo‘lsa ham, nodir buyum sifatida ahamiyatga ega. Ushbu revolver bir asrdan ziyod vaqt muqaddam Tuladagi qurol-yarog‘ zavodida ishlab chiqarilgan”, deydi patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi katta inspektori Mirsaid Normatov.

Garchi nagan zanglab, foydalanishga yaroqsiz holga kelib qolgan bo‘lsa ham, qariya uni noqonuniy ravishda saqlab kelgani uchun javob berishiga to‘g‘ri keladi.
Bu reyd natijasida aniqlangan birinchi holat emas. 1938 yilda tug‘ilgan Halimaxon M. ismli boshqa nafaqaxo‘r ham uyidagi sandiqda ov qurolini hech qanday hujjatlarsiz saqlab kelgani aniqlandi.

Noqonuniy qurol saqlash O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat koyeksining 248-modda 1-qismiga binoan eng kam ish haqining 50 barobari miqdoridagi jarima yoki 6 yilgacha shartli ishlarga yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosiga tortilishiga sabab bo‘ladi.

– Hamma fuqarolar ham noqonuniy qurollarni yashirishga harakat qilavermaydi. Yil boshidan buyon 37 kishi hujjatsiz stvolli ov qurollari, shu jumladan, qurollanishdan allaqachon olib tashlangan va nodir qurollarni o‘z ixtiyori bilan topshirishdi, – deydi Mirsaid Normatov.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish