Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
18 avgust kuni Toshkentda «Chingiz Ahmarov» filmining taqdimoti bo‘lib o‘tadi
2015 yilning 18 avgust kuni soat 15:00 da O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyida yozuvchi, san'atshunos va fotorassom Nodir Normatovning «Mehr qolur, muhabbat qolur…» nomli fotoko‘rgazmasi va muallif ssenariysi asosida suratga olingan «Chingiz Ahmarov» hujjatli filmi taqdimoti bo‘lib o‘tadi.
Fotoko‘rgazmaning bosh mavzusi – O‘zbekistonning piru badavlat otaxonlariyu onaxonlari hisoblanadi. Muallif so‘nggi o‘n yil ichida respublikaning turli viloyatlarida, jumladan, Nukus, Termiz, Namangan, Qarshi, Shahrisabz, Andijon, Farg‘ona, Marg‘ilon, Baxmal, Jizzax, Sirdaryo, Boysun kabi shaharlari va olis, chekka qishloqlarida bo‘lib, ko‘plab fotosuratlar olgan.
Shu kungacha ijodkorning Toshkent shahri va O‘zbekistonning ko‘plab viloyatlarida 30 ga yaqin fotoko‘rgazmalari tashkil etilgan. Jumladan, “Qishloq tomon yo‘l” (2010 yil 21 dekabrida, Toshkent Fotosuratlar Uyida), “Surxon ohanglari”( 2012 yil, 16 – 21 may kunlari Termizda), “Vatan sensan, Vatan men” (5 – 12 sentabr kunlari, Nukusda), “Ko‘ngil kengliklarida” (Shahrisabz va Qarshi shaharlarida), “Vodiylarni yayov kezganda” (Jizzax shahri va Baxmal tumanida), “Vatan timsollari”( 10- 15 noyabr, Guliston shahri), 2013 yil 17 mayda“Bu ijod bo‘stonida”, “Ko‘hitangtog‘ bolalari” (Namangan shahri, 2014 yil), “Tovka qo‘rg‘oni” (Toshkent, Xalqaro Madaniyat karvonsaroyi, 2013), “Poshxurdning oltin poydevorlari” (Toshkent, Xalqaro Madaniyat karvonsaroyi, 2013 yil), “Oq olma, qizil olma” (Farg‘ona, Qo‘qon, Andijon shaharlarida, 2015 yil aprel-may) nomli fotoko‘rgazmalari yurtdoshlarimiz tomonidan yaxshi qarshi olindi.
Nodir Normatov yuzlab o‘zbek musavvirlari hamda xalq ustalari ijodini, jahon tasviriy san'at namoyandalarini o‘z maqola va esselarida targ‘ib-tashviq etgan. Yuzdan ortiq ilmiy va ommaviy kitoblarga muharrirlik qilgan. San'at ahliga bag‘ishlangan o‘ttizga yaqin hujjatli filmlar ssenariysi va matnlari muallifi. 2011 yilda Koreya va Markaziy Osiyo respublikalari xalqaro tanlovi hay'ati qaroriga ko‘ra, uning to‘liq matnli badiiy film uchun yozgan ”Muhabbat ko‘zgusi” ssenariysi g‘olib deb topilgan. 1998 yildan buyon badiiy fotosan'ati bilan shug‘ullanadi. 2007 yilda “Mahalladan boshlanar Vatan” tanlov ko‘rigida faxrli uchinchi o‘rinni egalladi. U ko‘plab respublika va xalqaro fotoko‘rgazmalar qatnashchisi hisoblanadi.
Nodir Normatov ayni paytda tasviriy va amaliy san'at arboblari, xalq ustalari to‘g‘risidagi yaratilgan yigirmadan ortiq hujjatli filmlar muallifi hamdir. Uning mustaqillik davrida yaratilgan «Omonxona mo‘'jizasi», “Behzod vorislari”, «Beshik» ,”Malik Nabiyev”, ”Langar”, “Surxon kulollari”, “Usta Abdug‘ani”, “Boysunlik Gogen”, “Surxon baxshilari”, “Ko‘hitang tog‘ mo‘'jizasi”, “So‘zana”,”Ayollar nomidagi me'moriy obidalar”, “Haykaltarosh Azamat”,“Kubaro Boboyevaning sopol ertaklari”, “Poshxurdning oltin poydevorlari”, “Ko‘ngil kamalagi yoxud Ro‘zi Choriyevni eslab” (Bosh maslahatchi sifatida), “G‘ozg‘onlik toshtaroshlar”, ”Buxoro so‘zanalari”, ”Haykaltarosh”, “Shamsro‘y” hujjatli filmlari Nodir Normatovni ssenariy muallifi sifatida elga tanitdi.
«Chingiz Ahmarov» hujjatli filmi N.Po‘latova rejissyorligida O‘zbekiston ilmiy-ommabop va hujjatli filmlar kinostudiyasida suratga olingan. Ushbu film ustoz san'atkorning hayoti va ijodiy yo‘li, uning devoriy va mahobatli suratlari, ulkan merosi haqida qiziqarli dalillar va hujjatlar asosida hikoya qiladi. Filmda rassomning hayoti davrida olingan kinokadrlardan mahorat bilan foydalanilgan.