Jamiyat | 19:26 / 23.08.2015
4963
2 daqiqa o‘qiladi

Ispaniyada uchuvchi hushini yo‘qotishi tufayli yo‘lovchi ayol samolyotni boshqardi

Ispaniyaning Andaluziya avtonomidagi Kadis viloyatida joylashgan Trebuxena munitsipalitetida bortida 2 kishi bo‘lgan xususiy samolyot qulab tushdi. Bu samolyot Sevilya aeroportidan havoga ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmasdan uchuvchi hushini yo‘qotgan. Bu haqda Europa Press agentligi xabar bergan.

Ma'lum qilinishicha, uchuvchi hushini yo‘qotganidan keyin uning rafiqasi boshqaruvni qo‘lga olgan. U telefon orqali tanishiga qo‘ng‘iroq qilib, maxsus xizmatlar bilan bog‘langan va qanday harakat qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar olgan.

Bu voqea haqida ma'lumot olingach, samolyot harakatini kuzatib borish uchun havoga vertolyot va kichik samolyot chiqarilgan. Ular ham ayolga yordam berishgan.

Oxir-oqibat samolyot muvaffaqiyatsiz qo‘nishni amalga oshirgan. Samolyot San Pablo aeroport yaqinida qulagan. Natijada uchuvchi halok bo‘lgan, uning rafiqasi esa jarohatlar bilan shifoxonaga yetkazilgan.

Taxmin qilinishicha, uchuvchi samolyot qulashidan avvalroq jon bergan.
Ayni vaqtda Sevilya aeroporti vaqtinchalik yopib qo‘yilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish