Jahon | 06:32 / 06.09.2015
4606
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Yamanda Arabiston koalitsiyasi raketadan o‘qqa tutilishi oqibatida 100 dan ortiqroq askarini yo‘qotdi

Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya qo‘shinlari Yamanda 4 sentabr kuni amalga oshirilgan raketadan o‘qqa tutishda 100 dan ortiq harbiy xizmatchilarini yo‘qotdi. Bunday ma'lumotlarni Yamanning “Al-Vatan” gazetasi harbiy manbalarga iqtibos keltirgan holda holda keltirmoqda. Hammasi bo‘lib voqea joyida 103 nafar harbiyning jasadi topildi.

Tasnim axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra halok bo‘lganlar soni 130 ga yaqinni tashkil qilmoqda.

Yana 70 ga yaqin harbiy xizmatchi yaralangan. Ulardan ko‘pchiligining ahvoli juda og‘ir hisoblanmoqda. Uchta “Apach” vertolyoti hamda 40 dona zirhli texnika va armiya yuk mashinalari yo‘q qilingan.

Sanodan sharqda joylashgan Mag‘rib viloyatidagi Safara aviabazasi hujumga uchradi. Avval bu bazani Yaman Qurolli kuchlarining 107-brigadasi egallagan, hujumdan biroz oldinroq esa bu yerda koalitsiya kuchlari bo‘linmalari joylashgan edi. Ma'lumotlarga ko‘ra, raketa 60-70 km uzoqlikda joylashgan Boyxon tumanidan mamlakatning avvalgi prezidenti Ali Abdulloh Salohga sodiq bo‘lgan prezident gvardiyachilari tomonidan otilgan. 

Avvalroq xusiychilarga qarashli “Al-Masira” kanali Sobiq ittifoqda ishlab chiqarilgan “Tochka-M” raketa majmuasidan raketa uchirilgani aks etgan kadrlarni namoyish qilgan edi. Aynan shu raketa nishonga borib tekkani ta'kidlanmoqda. Alyans ma'lumotlariga ko‘ra, 64 nafar harbiy halok bo‘lgan. Bunday katta miqdorda qurbonlarning bo‘lishiga raketa qurol-aslaha va o‘q-dorilar saqlanadigan omborxonaga tushgani bilan bog‘lanmoqda.   

Kuchli portlash oqibatida aviabazada birorta butun bino qolmagan. Dispetcherlik minorasi va uchta uchish-qo‘nish yo‘lagi butkul vayron bo‘lgan. 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish