Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyada tez neytronlarda ishlovchi yadroviy reaktor qurilishi boshlandi
Rossiyada qurilishi boshlangan tez neytronlarda ishlovchi eng quvvatli, ko‘p maqsadli tadqiqot yadroviy reaktori (MBIR) kelajak dunyo atom energetikasi uchun zarur bo‘lgan yoqilg‘i va konstruktsion materiallarning yangi turlarini ishlab chiqish muddatlarini qisqartirish imkonini beradi, deb aytdi “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori o‘rinbosari Vyacheslav Pershukov.
“Bunday qurilmalar hali bo‘lmagan. Bu reaktor kelajak dunyo atom energetikasi uchun mo‘ljallangan. U yangi material va yoqilg‘ilar tadqiqoti muddatlarini bir necha bor qisqartirishga imkon beradi”, deb aytdi 11 sentabrda MBIR reaktori bosh binosi poydevoriga asos solish tadbirida Pershukov.
Pershukovning ta'kidlashicha, reaktorning quvvati qancha katta bo‘lsa, natijalarni shuncha tez olish mumkin. “Agar hozirda mavjud bo‘lgan kam quvvatli reaktorlardan foydalaniladigan bo‘lsa, tadqiqotlarga o‘nlab yillar ketib qoladi. MBIR reaktori bu muddatni 3-4 barobarga qisqartirishga imkon beradi”, deb ta'kidlamoqda Pershukov.
Pershukovning aytishicha, yangi reaktor negizida Xalqaro tadqiqotlar markazi qurish rejalashtirilmoqda.
MBIR dunyoda hozirda mavjud, qurilayotgan va loyihalanayotgan tadqiqot reaktorlaridan eng quvvatlisi bo‘ladi. Natriy issiqlik tashuvchi reaktorning issiqlik quvvati 150 MVt ni tashkil qiladi. MBIRning noyob texnik xarakteristikalari yangi raqobatbardosh va xavfsiz yadroviy energetik qurilmalarni, jumladan yadroviy yoqilg‘i siklini tutashtirish uchun tez neytronlarda ishlovchi reaktorlarni yaratishni asoslashda keng spektrdagi tadqiqot vazifalarini hal qilishga imkon beradi.