Jahon | 20:19 / 13.09.2015
4156
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Avstriya bilan chegarasida nazoratni kuchaytiradi

Germaniya hukumati Avstriya bilan chegarada muhojirlar oqimini nazorat qilish maqsadida nazorat-o‘tkazuv nuqtalarini tashkil qiladi. Bu haqda mahalliy OAVlar xabar tarqatgan.

Bild nashri xabariga ko‘ra, Bavariya yerlarida shunday nuqtalar tashkil qilinadi. Avstriyaning Kronen Zeitung nashrida aniqlik kiritilishicha, Germaniya politsiyachilari bunday nuqtalarda Avstriya orqali mamlakatga kirib kelayotganlarning qaysilari muhojir maqomida Germaniya hududiga o‘tishi mumkinligini aniqlab berishadi. Hozircha, qo‘yiladigan talablarga aniqlik kiritilmagan.

Xabarlarda aytilishicha, nemis hukumati Avstriya bilan bog‘langan temir yo‘llarda harakatni to‘xtatib turish ehtimolini ko‘rib chiqmoqda.

Der Spiegel nashrida esa mamlakat tashqi ishlar vaziri Tomas de Mezer yaqin vaqt ichida chegarada qanday yangi tartiblar kiritilishi bo‘yicha aniq ma'lumotlar bilan chiqish qilishi haqida xabar berilgan.

Eslatib o‘tamiz, 13 sentabr kunining o‘zida Myunxen shahriga 13 mingga yaqin qochqinlar kirib keldi va shaharda joy yetishmovchiligi muammosi paydo bo‘ldi.

Myunxen meri shaharda navbatdagi muhojirlarni joylashtirish imkonlari qolmagani to‘g‘risida bayonot bilan chiqqan.

Ayni vaqtda shaharda bo‘lib turgan 5 ming nafarga yaqin muhojirni joylashtirish masalasi kun tartibida turibdi. Shahar hokimiyati ular uchun 1972 yilgi Olimpiada uchun qurilgan sport majmualarini muhojirlar uchun moslashtirish variantini ko‘rib chiqmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish