Jahon | 00:18 / 14.11.2015
4507
2 daqiqa o‘qiladi

Parijda tomosha g‘ildiragi ko‘rinishidagi mehmonxona barpo etiladi

Fransiya poytaxti Parijda Sena qirg‘oqlarida tomosha g‘ildiragi ko‘rinishidagi mehmonxona quriladi. Ushbu antiqa qurilma Wheel Hotel deb nomlanadi.

G‘oyaga ko‘ra, mehmonlar 19ta muntazam ravishda aylanib turadigan kabinalarda istiqomat qiladilar, deb xabar bermoqda The Local nashri.

Xonalar tomosha g‘ildiragini yarim soatda bir marta to‘liq aylanib chiqadi. Mehmonxona yog‘ochdan yasaladi, uning qurilishi esa 2 mln. yevroga baholanmoqda.

Inshootning balandligi 30 metrni tashkil qiladi. Bu Temzaning janubiy qirg‘og‘ida joylashgan “London ko‘zi” tomosha g‘ildiragidan (dunyodagi eng katta tomosha g‘ildiraklaridan biri) to‘rt barobar kichik bo‘ladi. Shu bilan birga mehmonxona Parij markazidagi istalgan binodan besh metrga yuqoriroq bo‘ladi.

Frantsuz qonunlariga ko‘ra, vaqtinchalik inshootlar yarim yildan ziyod bir joyda qololmaydi. Shunning uchun mehmonxonani har olti oyda ko‘chirib yurishga to‘g‘ri keladi. Loyiha mualliflarining ta'kidlashicha, mehmonxonani butunlay bo‘laklash uchun 4 kun vaqt ketadi, shundan keyin u barjada Parijning istalgan boshqa joyiga ko‘chirilib o‘tkazilishi mumkin. Barjadan shuningdek mehmonxonaning bari va restorani sifatida foydalanish mo‘ljallangan.

Mehmonxona loyihasini SCAU fransuz arxitektorlik byurosi ishlab chiqgan. Ayni paytda mehmonxonada bir kechani o‘tkazish narxi 300-400 yevroga baholanmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish