Jahon | 07:07 / 15.11.2015
2946
2 daqiqa o‘qiladi

Venada Suriyada saylovlar o‘tkazilishi muddati haqida kelishib olindi

14 noyabrda Venada bo‘lib o‘tgan Suriya bo‘yicha xalqaro muzokaralar ishtirokchilari Suriyada 1,5 yildan keyin saylovlar o‘tkazishga kelishib oldilar. Bu haqda uchrashuv natijalariga ko‘ra Germaniya tashqi ishlar vaziri Frank-Valter Shtaynmayyer ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Reuters axborot agentligi.

Shu bilan birga Suriyadagi muvaqqat hukumat yarim yil ichida shakllantirilishi va shu vaqt ichida mamlakatning yangi konstitutsiya tayyorlanishi kerak.

Uchrashuvning barcha ishtirokchilari qisqa muddatlarda yarashuvga erishish zarurligi fikriga kelishdi.

Venadagi “Imperial” mehmonxonasida o‘tgan muzokaralar 5 soatdan ko‘proq davom etdi. Tomonlar, shuningdek, Suriyada harakat qilayotgan terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatini tasdiqlashdi.

Uchrashuvda deyarli 20 ta davlat tashqi ishlar vazirlari, Arab davlatlari ligasi, Islom hamkorligi tashkiloti va Yevropa Ittifoqi vakillari ishtirok etishdi.  

Suriyada prezident Bashar Asad tarafdorlari va dushmanlari o‘rtasidagi ixtilof 2011 yilning bahoridan davom etib kelmoqda. 230 mingdan ko‘proq odam urush qurboniga aylandi, mamlakatning deyarli yarim aholisi, ya'ni 11,5 mlnga yaqin suriyalik o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lganlar.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish