15:24 / 26.11.2015
3693

Eagles of Death Metal: "Bataklan"dagilar o‘z do‘stlarini himoya qilish uchun o‘qlarga yelkalarini tutib berishdi

Eagles of Death Metal guruhi vakillari Parijdagi terakt voqealarini eslab, Vice guruhiga intervyu berishdi.

13 noyabr kungi teraktlarning eng talofatlisi yuz bergan "Bataklan" teatrida o‘sha kuni Eagles of Death Metal guruhi konserti o‘tkazilayotgandi. Bu teatrga bosqin vaqtida 89 kishi halok bo‘ldi, ular orasida guruhning merchandayzing bo‘yicha menejyeri Nik Aleksandr ham bor.

"O‘sha kuni o‘qdan qochganlar bizning grimxonamizga kirishdi. Lekin jangarilar ularning ortidan kelib hammani otib tashlagan, faqat mening qora charm kurtkam ichiga bekitib qo‘yilgan go‘dak omon qolgan. Odamlar o‘zini o‘lganga solib yotib olishardi, lekin ularni ham otishardi. Qurbonlarning ko‘p bo‘lishiga odamlar o‘q yegan do‘stlarini tashlab ketishni istamasdan, ularning o‘z gavdalari bilan o‘qdan to‘sishga urinishgani ham sabab bo‘ldi", deya xotirlaydi guruh qo‘shiqchisi Jyessi Hyuz.

U umid qiladiki, Eagles of Death Metal "Bataklan" qayta ochilganida birinchi bo‘lib konsert beradi.

"Men Parijga qaytishni istayman. Bizning do‘stlarimiz teatrga rok-n-roll eshitish uchun kelishgandi, buning o‘rniga jonlarini berishdi. Men esa qaytishni va yashashda davom etayotganimizni ko‘rsatib qo‘yishni istayman", degan musiqachi.

Guruh asoschilaridan biri Josh Homm Yevropa bo‘ylab turlarning davom ettirilishini ma'lum qilgan. Ayni vaqtda Homm Sweet Stuff Foundation jamg‘armasi yordamida terakt qurbonlari uchun xayriya mablag‘lari yig‘moqda.

Top