Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qashqadaryo viloyatida prezidentni xotirlab motam tadbirlari o‘tkazilmoqda
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov vafoti munosabati bilan Qashqadaryo viloyatining barcha tuman va shaharlarida motam tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Erta tongdan korxona, tashkilot va muassasalar vakillari, yoshlar, umuman, o‘n minglab qashqadaryoliklar Qarshi shahridagi “El-yurt tayanchi” monumentiga kelib, maydonda o‘rnatilgan Yurtboshimiz portreti poyiga gullar qo‘ymoqda.
Istiqlol yillarida Qashqadaryo viloyatida ham keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlariamalga oshirildi. Viloyat shahar va qishloqlari zamonaviy qiyofa kasb etib, ishlab chiqarish korxonalari, ilm-fan, madaniyat, san'at va sport koshonalari barpo etildi, aholi farovonligi yuksaldi.
Keyingi yillarda yoqilg‘i-energetika sanoatida salmoqli natijalarga erishildi. Jumladan, “Muborakneftgaz”, “Sho‘rtanneftgaz”, “Muborak gazni qayta ishlash zavodi” korxonalarida yangi quvvatlar barpo etildi. “Sho‘rtangazkimyo” majmuasi, Tallimarjon IES kabi yirik korxonalar ishga tushirildi. “Hisorneftgaz”, “Ko‘kdumaloqgaz” kabi yirik qo‘shma korxonalar tashkil etildi. 2010 yilda ishga tushirilgan Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bugun xorijiy mamlakatlarga eksport qilinmoqda.
Qarshi va Shahrisabz shaharlarini tubdan qayta qurish bo‘yicha keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Prezidentimiz Islom Karimovning 2013 yil 25 iyuldagi “Qarshi shahrini kelajakda qayta qurish rejasi va zamonaviy yo‘l-transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Qarshi shahrining hududi 9 ming gektardan 17 ming gektarga kengaytirilmoqda. Ayni paytda shaharning O‘zbekiston, Mustaqillik, Amir Temur, Alisher Navoiy, Nasaf, Xonobod ko‘chalarini kengaytirish, atrofini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, tashqi yoritish uskunalari va favvoralar o‘rnatish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan Qashqadaryo daryosi qirg‘og‘ini obodonlashtirish va zamonaviy aholi dam olish maskanlari tashkil etish bo‘yicha ishlar yakuniga yetkazildi. Xususan, daryo suvi 3 sun'iy to‘g‘on yordamida ko‘tarilib, uning to‘lib oqishi ta'minlandi. Bu inshootlar suvni to‘plash barobarida filtrlash vazifasini ham bajaradi.
Qashqadaryo ahli bu ishlarning barchasini Islom Karimov nomi bilan bog‘laydi. Davlatimiz rahbarining so‘nggi safari ham Qashqadaryo viloyatiga bo‘lgan edi. Qashqadaryo xalqi Islom Karimovning butun mamlakatimizda, jumladan, viloyatimizda amalga oshirgan buyuk ishlarini, og‘ir damlarda viloyat ahliga ko‘rsatgan g‘amxo‘rliklarini aslo unutmaydi.
– Buyuk Yo‘lboshchimiz, Vatanimiz mustaqilligining asoschisi, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov qalbimizda abadiy yashaydi, – deydi viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi raisi Eson Rajabov. – U kishi viloyatda ish boshlagan kezlarda ahvol o‘ta og‘ir va murakkab edi. Barcha sohalarda ish orqaga ketgan, xalq nochor ahvolga tushib qolgandi. Ana shunday og‘ir sharoitda u kishi ishni aholi turmushini yaxshilashdan boshladi. Hududda tomorqachilikni rivojlantirdi. Dehqonchilik qilish uchun aholiga yer uchastkalari ajratdi. Inson manfaati, odamlarning turmush darajasini yaxshilash, farzandlarimiz uchun hech kimdan kam bo‘lmagan sharoitlar yaratishga doimiy ravishda ustuvor ahamiyat qaratdi. Odamlar ishonchini, mehrini qozongan Islom Karimov butun elimiz qalbida, kelajak avlodlar yodida mangu yashaydi.
Mavzuga oid
19:37 / 04.06.2026
Qashqadaryolik eshak go‘shti savdogari: u uch oyda ikki bor sudlandi
08:29 / 26.05.2026
Qashqadaryoda IIB xodimi pora bilan ushlandi
19:41 / 20.05.2026
Qashqadaryoda 25 yoshli yigit sel oqizib ketishi oqibatida halok bo‘ldi
11:45 / 18.05.2026