O‘zbekiston | 16:26 / 11.09.2016
27728
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston KXDRning yadroviy sinovlaridan xavotirdaligini bildirdi

Shimoliy Koreyada o‘tkazilayotgan navbatdagi yadro sinovlari O‘zbekiston tomonini xavotirga solmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi «Jahon» axborot agentligining 11 sentabr kuni e'lon qilgan axborotida ma'lum qilingan.

«Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hududni tashkil qilish tashabbuskori bo‘lgan O‘zbekiston Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma talablariga qat'iy rioya etilishi tarafdoridir hamda yadro qurolini qo‘llash tahdidini kamaytirish masalalariga katta e'tibor qaratadi», deyilgan agentlik xabarida.

Xabarda aytilishicha, Shimoliy Koreya 9 sentabr kuni yadroviy sinovlar o‘tkazish orqali  BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalarini yana bir marta buzib, hudud va butun dunyo xavfsizligiga tahdid solmoqda.

«O‘zbekiston Pxenyanni dunyoda barqarorlikni buzayotgan xavfli sinovlarni to‘xtatib, mavjud bo‘lgan muamolarni tinchlik va diplomatiya yo‘li bilan hal etishga chaqiradi», — deya ta'kidlangan xabarda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid