O‘zbekiston | 21:12 / 08.12.2016
13729
6 daqiqa o‘qiladi

Qayerda qonun hukmron bo‘lsa, shu yerda adolat qaror topadi

“Qayerda qonun hukmron bo‘lsa, shu yerda adolat qaror topadi”, degan edi buyuk sarkarda, davlat arbobi Amir Temur.

Ona Vatanimiz o‘z istiqlolini qo‘lga kiritgan kunidan boshlab, Respublikamizning birinchi Prezidenti marhum va mag‘fur yurtboshimiz rahbarligida mustaqil davlat yangi qonunchiligining yaratilishi va qabul qilinishi borasida dadil qadam tashlandi. Bu borada kerakli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Dastlabki qabul qilingan qonunlardan biri O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bo‘lib, o‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining o‘n birinchi sessiyasida 1992 yil 8 dekabrda qabul qilindi.

Konstitutsiyaning barcha bo‘lim va moddalari mustaqil Vatanimizning milliy qadriyatlarini tiklashga, inson manfaatlarini har tomonlama himoya qilishga, milliy va diniy qadriyatlar hamda vijdon erkinligini ta'minlashga, oilada mustahkam muhitni ta'minlashga, Vatanimiz milliy-madaniy meroslaridan oqilona va odilona foydalanishini belgilab berishga, millatlar va elatlar, xalqlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik, bag‘rikenglik, o‘zaro hamkorlik, do‘stona munosabatlarni yaxshilashga va shunga oid ezgu maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgandir, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bosh qomusimizning “Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari bo‘limi” (7-bobi, umumiy qoidalar) 18-moddasida shunday deyilgan: “O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat'i nazar, qonun oldida tengdirlar. Imtiyozlar faqat qonun bilan belgilanib qo‘yiladi hamda ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi shart”, deb yozib qo‘yilganligi ayni so‘zimizga misoldir.
Jannatmakon yurtimiz o‘zining 25 yillik mustaqil taraqqiyot yo‘lida erishgan barcha natijalari, jumladan, inson huquqlari va erkinliklarining ta'minlanishi, vijdon erkinligi va diniy bag‘rikenglikni ta'minlash, milliy va diniy qadriyatlarimizni qayta tiklanishi, shuningdek, fuqarolik jamiyati asoslarini vujudga kelishi va rivojlanishi kabi barcha yutuqlarimiz Bosh qomusimiz – Konstituttsiya va u asosida qabul qilingan qonun, qarorlar, davlat dasturlarining izchil amalga oshirilishi natijasida qo‘lga kiritildi. Bu borada muhtaram marhum birinchi Yurtboshimiz quyida e'tirof qilgan so‘zlarini eslab o‘tish ayni muddao bo‘ladi, deb bilaman. Jumladan: «Qabul qilingan Konstitutsiyamiz o‘z mazmun-mohiyatiga ko‘ra xalqimiz tafakkurining mahsuli bo‘lib, u davlatni davlat, millatni millat sifatida tanitadigan qomusnomadir».

Xalqimizning ezgu niyatlarini o‘zida mujassam etgan, erkinlik, millatlararo totuvlik, o‘zaro hamkorlik, bag‘rikenglik kabi umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan O‘zbekiston Respublikasining  Konstitutsiyasi yurtimizda yashab kelayotgan insonlarni tengligi, ularning tili va dini, urf-odatlari hamda milliy qadriyatlarining garovi sifatida kishilik jamiyatini barcha jabhalarda taraqqiyotga erishishga xizmat qilib kelmoqda. Shu jumladan, 130 dan ortiq millat va elat vakillarining bir moviy gumbaz ostida tinch-totuv, xotirjamlik asosida yashab kelishi ham Qomusimizning nechog‘lik hayotga tadbiq etilganligidan va diyorimiz kishilarning bag‘rikengligidan darak beruvchidir.

Yer kurrasidagi mavjud insonlarning millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi turfa yaratilgan bo‘lsada, ammo ularning yashashdan maqsadi, umume'tirof etilgan huquqlari mushtarakdir: tinch va osuda hayot kechirish, o‘z sha'ni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan himoyalanish, so‘z va e'tiqod, ilm olish, mehnat qilish, shaxsiy daxlsizlik huquqlariga ega bo‘lishlikdir.

Alloh taolo Qur'oni Karimda shunday degan:

“Darhaqiqat, Biz Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlarlardan afzal qilib qo‘ydik”, deb marhamat qilgan. 

Ushbu oyati karimaning mazmun va ma'nosiga ahamiyat qiladigan bo‘lsak, insonlarni mukarram qilib yaratilganligiga, unga berilgan barcha haq-huquqlaridan oqilonalik bilan foydalanishi, berilgan barcha ne'matlardan foydalanishiga va uning shukrini qilib faoliyat olib borishga undamoqdadir.

Yurtimizda yashab, faoliyat ko‘rsatayotgan har bir ongli inson O‘zbekiston Respublikasining asosiy qonuni – Konstitutsiyamizning barcha moddalarini mukammal bilishi va hayotga to‘g‘ri tatbiq qilmog‘i, shuningdek, o‘ziga yuklatilgan burchlarini sezib, to‘laqonli ravishda bajarishi lozim bo‘ladi. Ushbu ishlarni amalga oshirgan kishilar ham davrimiz, ham bebaho milliy qadriyatlarimiz me'yorlariga amal qilgan bo‘ladi.

Isomiddin Ahrorov 
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi xodimi,
“OQILON” jome masjidi imom-xatibi

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid