Jahon | 07:51 / 18.12.2016
5486
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy AQShga egallab olgan dronni qaytarishga va'da berdi

Pekin va Vashington Janubiy Xitoy dengizida AQShning egallab olingan suv osti dronini qaytarish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda 17 dekabrda Xitoy mudofaa vazirligi matbuot xizmati ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Reuters axborot agentligi. 

"Xitoy AQShga dronni belgilangan tartibda qaytarishga qaror qildi. Xitoy va AQSh bu vaqt davomida bu borada muzokaralar olib borganlar", deb aytilmoqda xabarda.

Pekinda ta'kidlanishicha, AQShda muzokaralar jarayonida bir tomonlama tartibda voqeani bo‘rttirishgan, bu esa muammoning hal qilinishiga olib kelmagan. "Biz bu bo‘yicha afsusdamiz", deb aytgan Xitoy mudofaa vaziri.   

Avvalroq shu kuni AQShning yangi prezidenti etib saylangan Donald Tramp dronning egallab olinishiga munosabat bildirgandi. "Xitoy AQShning tadqiqot dronini xalqaro suvlarda o‘g‘irladi – u dronni suvdan olib, uni Xitoyga olib ketgan. Misli ko‘rilmagan hodisa", deb yozgan Tramp tvitterda.

Dron 15 dekabrda egallab olingan. U AQSh harbiy-dengiz kuchlarining "Boudich" yordamchi kemasidan suvga tushirilgan va Janubiy Xitoy dengizida Filippinning Luson orolidagi Subik ko‘rfazi yaqinida vazifa bajargan. Pentagon Xitoydan qurilmani zudlik bilan qaytarishni talab qilgan.  

 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid