Jamiyat | 10:51 / 14.02.2017
3357
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Venesuela vitse-prezidentini giyohvand moddalarga aloqadorlikda aybladi

Foto: AFP

AQSh hukumati Venesuela vitse-prezidenti Tariq Al Aysamiyni o‘zining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi, deb xabar qilmoqda Amerika moliya vazirligi. Venesuela vitse-prezidentiga nisbatan sanksiyalar siyosiy mazmunga ega emas, balki uning giyohvand savdosiga aloqadorligiga doir gumonlar bilan bog‘liq, degan AQSh ma'muriyatining yuqori lavozimli mulozimi. 

"Quyidagi shaxs AQSh moliya vazirligining xorijiy aktivlarni nazorat qilish bo‘yicha bo‘limi ro‘yxatiga kiritilgan: Tariq Al Aysamiy", — deyiladi xabarda. Venesuela vitse-prezidentining barcha aktivlari muzlatilgan, uning AQShga kirishi taqiqlangan. "Bu Venesuelaga siyosiy, iqtisodiy yoki diplomatik ishora emas. Bu giyohvand moddalarning noqonuniy savdosiga qarshi kurashdir”, — degan Amerika ma'muriyatidagi manba. Uning qayd etishicha, 1999 yilda qabul qilingan qonun doirasida 2 mingga yaqin kishiga nisbatan shu kabi sanksiyalar qo‘llanilgan. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalarni kiritishga bir necha yil mobaynida olib borilgan surishtiruv ishlari natijasi sabab bo‘lgan. Bundan tashqari, yana 13 kompaniya ham ushbu ro‘yxatga kiritilgan. AQSh moliya vazirligi tarqatgan hujjatda kompaniyalarning Amerikaning Florida shtati, Venesuela, Buyuk Britaniya, Panama va Virjin orollarida ro‘yxatdan o‘tgani ta'kidlangan. 

Venesuela prezidenti Nikolas Maduro 2017 yil yanvar oyi boshlarida 42 yoshli gubernator Tariq Al Aysamiyni vitse-prezident lavozimiga tayinlagan edi. U davlat rahbari iste'foga chiqqudek bo‘lsa, 2017-2018 yillar oralig‘ida prezident lavozimini egallashi kerak. 

Amerika tomoniga ko‘ra, ichki ishlar va adliya vazirligi rahbari hamda Aragua viloyati hokimi bo‘lgan Al Aysamiy aviabazalar va dengiz portlari orqali "Venesuelada giyohvand moddalarni yuborgan". 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid