Jamiyat | 08:49 / 14.02.2017
8138
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyada sinfdoshlari tomonidan xo‘rlangan bola ularga 1,5 million iyena to‘lagan

Yaponiyaning Iokogama shahridagi maorif ishlari bo‘yicha kengash 13 yoshli o‘quvchi sinfdoshlariga katta miqdordagi pul mablag‘larini uni tahqirlashganidan so‘ng berganini tasdiqladi. Bu haqda The Japan Times xabar bermoqda.

Yanvarda amaldorlar pul to‘lovlari tengdoshlarining unga nisbatan bo‘lgan shafqatsiz munosabati bilan bog‘liqligini aniq ayta olishmasligini ma'lum qilishgandi. Dushanba kuni kengash rahbari Yuko Okada matbuot anjumanida rasman uzr so‘radi hamda o‘z fikrini o‘zgartirgani haqida ma'lum qildi.

Nomi oshkor etilmayotgan boshlang‘ich maktab o‘quvchisini uning oilasi Fukusima prefekturasidan ko‘chib o‘tganidan so‘ng kamsita boshlashgan. Oila 2011 yilgi zilzila va “Fukusima-1” AESdagi falokat tufayli yashash joyini o‘zgartirishga majbur bo‘lgan. Qarindoshlarning ma'lumotiga ko‘ra, o‘quvchi o‘z sinfdoshlariga hammasi bo‘lib 1,5 million iyena mablag‘ni berib yuborgan.

Aniqlanishicha, bola sinfdoshlariga beshinchi sinfdagi darslar vaqtida pul to‘lagan, u bu ishni kamsitishlarga uchramasligi uchun qilgan. Sinfdoshlari esa undan oilasi Fukusimadagi voqelardan tovon puli olgan bo‘lishi mumkin, deb mablag‘ so‘rashgan.

O‘tkazilgan surishtiruvda boshqa tahqirlash holatlari ham aniqlandi. Masalan, bolani “mikrob” yoki “bakteriya” deb atashib, bunda radioaktiv zaharlanishni nazarda tutishgan. Bu voqealar 2011 yilda ro‘y bergan, biroq o‘quvchining ota-onasi politsiyaga faqatgina 2014 yilda murojaat qildi.

Yaponiya ta'lim, madaniyat, sport, ilm-fan va texnologiya vazirligi ma'lumotiga ko‘ra 2015-o‘quv yilida taxminan 225 ming bola o‘z sinfdoshlari tomonidan kamsitilgan. Holatlarning aksariyati boshlang‘ich maktablarda yuz bergan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid