Jamiyat | 20:59 / 30.03.2017
31495
2 daqiqa o‘qiladi

Militsiyaga «Samarqand darvoza»ga bomba qo‘yilgani haqida yolg‘on xabar berildi

2017 yil 21 mart kuni o‘zini Murodova Oygul deb tanishtirgan shaxs 102 raqamiga yashirin raqamdan qo‘ng‘iroq qilib, «Samarqand darvoza» savdo majmuasida qora kiyimda bo‘lgan notanish shaxslar supermarketga bomba qo‘yish kerakligi haqida gaplashayotganini xabar bergan. Bu haqda Toshkent IIBB tomonidan OAV uchun tashkil etilgan haftalik brifing vaqtida ma'lum qilingan.

Mazkur xabar kelib tushgach, Toshkent shahar IIBBning tegishli tizimlari tezkor tadbir amalga oshirgan va tadbir davomida mazkur xabar yolg‘on ekani ma'lum bo‘lgan.

Ushbu yolg‘on xabarni yetkazgan shaxs aslida Murodova Oygul emasligi, u 1998 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan Isabekova A. ekani aniqlangan va u qo‘lga olingan.

Tergovda aniqlanishicha, Isabekova 102 raqamiga yolg‘on xabar berishdan avval Matiz avtomashinasiga yo‘lovchi sifatida o‘tirib, haydovchining telefonini o‘g‘irlagan. U aynan shu telefondan 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilgan.

O‘g‘irlik holati yuzasidan Jinoyat Kodeksining 169-moddasi birinchi qismi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, ushbu fuqaroga nisbatan yolg‘on xabar bergani va davlatga yetkazgan zarari yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan ayblov e'lon qilinadi.

Mavzuga oid