Jamiyat | 16:44 / 14.05.2017
16713
4 daqiqa o‘qiladi

Tibbiyot xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibi takomillashtiriladi

12 may — Xalqaro hamshiralar kuni munosabati bilan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligida hamshiralik ishini yanada takomillashtirish borasidagi dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan respublika anjumani bo‘lib o‘tdi. Videoselektor formatda o‘tgan tadbirda tegishli davlat va jamoat tashkilotlar vakillari, Respublika ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va tibbiyot oliy o‘quv yurtlari olimlari, professor-o‘qituvchilar, poytaxtimiz va viloyatlardagi klinikalarning bosh shifokorlari va mamlakatimizning barcha hududlaridan hamshiralar ishtirok etdi.

Anjumanni ochib bergan sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov hamshiralik ishiga doir ko‘plab masalalar qatori patronaj tizimiga ham alohida to‘xtalib o‘tdi.

"Hozirgi kunda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan hamshiralarning muayyan qismi oilaviy poliklinika va qishloq vrachlik punktlarida tibbiy-profilaktika ishlari bilan band bo‘lib, patronaj hamshirasi sifatida tibbiy xizmatni bevosita xonadonlarga olib kirayotganligi quvonarlidir. Bugun patronaj hamshira haqida so‘z borsa, uni oilamizning bir a'zosi sifatida qabul qilayapmiz. Bu maqomga ularning tinimisiz mehnati, rejali va maqsadli xonadonlarga kirib borayotgani asos bo‘lmoqda.

Bugun 32 milliondan ortiq aholi patronaj hamshiraning malakasi, bilimi va muomalasiga qarab, sog‘liqni saqlash sohasiga baho beradi. Birgina patronaj hamshiraning mahorati sog‘liqni saqlash tizimining yuqori bo‘g‘inlarida ham ijobiy o‘zgarish yasay oladi. Shunday ekan, birlamchi bo‘g‘inda faoliyat yuritayotgan hamshira opa-singillarimizdan kasbga mehr, o‘z ustida doimiy ishlash, xonadonlarga kirib borganda muomala madaniyatiga to‘la rioya etish kabi sohaning nozik jihatlariga ahamiyat berishlarini so‘rardim", - deya murojaat qildi A.Shodmonov.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati

Sog‘liqni saqlash vazirining qayd etishicha, Prezidentimizning birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirishga doir qaroriga asosan:

- Qishloq oilaviy poliklinikalari va qishloq vrachlik punktlari patronaj hamshiralarining yo‘l haqi kompensatsiyasini belgilash va to‘lab berish tartibi to‘g‘risidagi Nizom;

- Shu yilning 1 oktabridan boshlab, kunduzgi statsionari mavjud bo‘lgan qishloq oilaviy poliklinikalari va qishloq vrachlik punktlari faoliyatini reyting tizimida baholash asosida tibbiyot xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi Nizom ishlab chiqildi va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.  

Bundan bir muddat avval xabar qilganimizdek, tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida yuritiladigan jurnallar ro‘yxati keskin qisqartirilgan edi. Sog‘liqni saqlash vaziri ushbu masalaga to‘xtalar ekan, “Vazirlikning tegishli buyrug‘i bilan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida yuritiladigan  jurnallar ro‘yxati qariyb 100 tadan 20 tagacha qisqartirilgani hamshiralik faoliyati samaradorligini yaxshilashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir”, dedi.   

A.Shodmonov o‘z so‘zini yakunlar ekan, bu harakatlarning barchasi, hamshiraning qimmatli vaqtini ayash, asosiy e'tiborini turli jurnallar emas, bevosita aholi bilan ishlashga qaratish maqsadida qilinayotgani, tibbiyot xodimining vazifasi va burchi esa yaratilgan sharoitdan unumli foydalanib, samarali mehnat qilish, xalqimizning tibbiy xizmatga bo‘lgan ehtiyojini qondirish ekanini qayd etib o‘tdi. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid