Jamiyat | 14:22 / 17.05.2017
5023
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda V Yevropa kinolari festivali bo‘lib o‘tadi

Joriy yilning 22-28 may kunlari Toshkent shahrida “O‘zbekkino” Milliy agentligi va Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi hamkorligida V Yevropa kinolari festivalini o‘tkazish rejalashtirilgan. Bu haqda "O‘zbekkino" Milliy agentligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Mazkur festival O‘zbekistonda 2013 yildan buyon muntazam ravishda o‘tkazib kelinayotgan bo‘lib, asosiy maqsad Yevropaning zamonaviy filmlari bilan o‘zbek jamoatchiligini tanishtirishdan iboratdir.

Festival mobaynida Yevropaning 11ta davlati kinoijodkorlari tomonidan ishlangan 13 ta badiiy, hujjatli va multiplikatsion film namoyish etilishi ko‘zda tutilgan.

Mazkur tadbirga bag‘ishlangan matbuot anjumani 19 may kuni Respublika Kinochilar uyining konferens-zalida o‘tkaziladi. Unda “O‘zbekkino” Milliy agentligi rahbariyati va Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari Eduards Stipraysning ham ishtirok etishi belgilangan.

Shuningdek, festivalning rasmiy ochilish marosimi 22 may kuni soat 19:00 da, Toshkent shahridagi Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyida bo‘lib o‘tadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid