Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston telekanallaridagi intellektual o‘yinlarda ko‘zbo‘yamachilik qilinadimi?
O‘z vaqtida televideniyeda o‘z muxlislariga ega bo‘lgan «Intelektual ring» ko‘rsatuvining sobiq boshlovchisi Abror Zohidov efirdan oldin ishtirokchilarga javoblar berib qo‘yilganini tan oldi. Uning bu e'tirofi feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida intelektual o‘yinlar mavzusidagi post ostida bildirilgan.
U Zo'rTV telekanalida «Chto? Gde? Kogda?» ko‘rsatuvining muqobili efirga tayyorlanayotgani haqidagi xabarga fikr bildirib, bu ko‘rsatuvga omad tilagan.
«Bu format eng qulay, eng kamxarajat va nisbatan eng osoni hisoblanadi. Chunki bir necha reytingbop jamoalar shakllantirib olinsa, savollar oqimi nazorat qilinsa, qolgani texnik ishlar (albatta, bu gaplarim bilan bu turdagi ko‘rsatuvlar mualliflari va qatnashchilariga salbiy baho bermoqchi emasman, aslo, aksincha shunday g‘oyani yo‘lga qo‘yganlariga tasanno). Qolganlarida muntazam sifatli ma'lumotlar (savollar) tayyorlash, eng muhimi doimo almashib boruvchi qatnashchilarni moslashtirish behad og‘ir kechadi. «Intelektual ring»da rosa «enamni ko‘rganman». Vahimasidan tog‘ni yorib tashlaydigan odamlarning yodlatilgan to‘rtta so‘zni eplab gapirolmasligidan asabing buziladi. Bitta son uchun mingdan ortiq savolni qayta ishlab chiqish kerak. Shuning uchun ham «Zakovat»ning umri uzun bo‘ldi va yanada bardavom bo‘lsin», degan u.
Shundan so‘ng, ushbu fikr qoldirilgan post muallifi Xushnud Xudayberdiyev undan fikriga aniqlik kiritishni so‘ragan. Abror Zohidov esa o‘z yozganini yana bir bor tasdiqlagan.
«Yillar o‘tdi, endi ayrim sirlarni ochsa bo‘lar... Savollarning javobi bilan bergan paytlarimiz bo‘lgan. Esingizda bo‘lsa, birinchi turda hammaga navbati bilan beshta savol berilardi. Bir marta yetti qatnashchining oltisi berilgan beshta savoldan birontasiga (!) javob bera olmadi... Bu bir sinovligi bilan birgalikda shou ham, g‘olibni aniqlash bilan birga ko‘rsatuvning reytingini ham o‘ylash kerak. Qolaversa hamma «dumbul»larni to‘plab olib chiqishdan maqsad nima, degan haqli savol tug‘ilardi. Va yana eng muhimi bu qatnashchilar rosa saralab olingan odamlar. Shunda bir ish qilganman: hamma qatnashchilarga beshta savolning uchtasining javoblarini berib boshqatdan yozganmiz. Uzr endi», deyilgan javobda.

«Intellektual ring»da ishtirok etgan inson sifatida guvohlik berishim mumkin, menga ham bitta savolning javobini oldindan aytishgandi», deydi muhokamaga qo‘shilgan yana bir internet foydalanuvchisi.

Sobiq boshlovchining bu iqrori nafaqat «Intellektual ring» ko‘rsatuvida, undan oldin va undan keyingi intellektual loyihalarda ham shunday ko‘zbo‘yamachilik holatlari bo‘lgani ehtimolini ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yillar davomida O‘zbekiston telekanallarida hamon efirga chiqishda davom etayotgan «Zakovat» hamda «Intellektual ring»dan tashqari «Qilni qirq yorib», «Iqtidor», «Zinama-zina», «Labirint», «Antiqa mantiq», «Breyn-ring» va boshqa turli ko‘rinishdagi intellektual ko‘rsatuvlar ekran yuzini ko‘rdi. Bu ko‘rsatuvlarning deyarli hech qaysisi ko‘p vaqt «yashab keta olmagan».
Xushnud Xudayberdiyev yuqoridagi iqrorga munosabat bildiradi. Shu bilan birgalikda intelektual o‘yinlarning barchasida ham bunday holatlar bo‘lmasligini qayd etgan.
«13 yildan buyon «Zakovat» klubi a'zosi sifatida intellektual klub rivojida yana bir jihat asosiy o‘rin tutishini bilganman. Bu aynan savollarni oldindan berib qo‘ymaslik, ishtirokchilar oldindan biladigan savoliga soxta o‘yin qilmasligini ta'minlash.
Intellektual o‘yinlarda vaziyatdan kelib chiqib har qanaqa usulda bilimdonlarga yordam berish mumkin, masalan javobni topa olmayotganda «podskazka» bilan yordam berish, savolni biroz yengilroq tarzda berish va h.k.
Ammo savollarni oldindan berib qo‘yish - bu hech qanaqa qolipga tushmaydi!
Faqat shou uchun oldindan bersa bo‘ladi, masalan «Imkon shou»ga o‘xshab. Ammo intellektual o‘yinlar uchun mumkin emas.
Bunday intellektual o‘yinlarning umri uzoq bo‘lmaydi. Masalan, «Qilni qirq yorib» yaxshi loyiha edi, ammo kursdoshlarim chiqishganda javoblarni oldindan sotib olishgan. Baribir bir kun ko‘rsatuvga bunaqa qing‘irlikni kasri uradi.
«Zakovat»ning men eng qattiq hurmat qiladigan tomoni ham aynan shunda, savollarni hech qachon oldindan berib qo‘yilmasligida», degan u.
Mavzuga oid
18:24 / 23.08.2022
Qadimda yomg‘ir chaqirish uchun o‘tkaziladigan “Sust xotin” marosimiga qanday ayollar tanlangan? “Zakovat”ning navbatdagi sonidan reportaj
18:42 / 19.06.2022
G‘alaba va mag‘lubiyat onlari. OAV vakillari o‘rtasidagi «Zakovat» turnirida finalchilar va sovrindorlar aniqlandi
10:45 / 12.03.2021
«Zakovat» turniri g‘oliblariga pul mukofotlari topshirildi
00:05 / 01.03.2021