Jamiyat | 12:15 / 18.05.2017
18971
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda er o‘z ayolini pichoqladi

Oiladagi surunkali janjal, bir-biriga nisbatan hurmatsizlik, o‘zaro ishonchning yo‘qligi, qolaversa, besabab rashk tufayli Mastura Aliyeva (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) bevaqt hayotdan ko‘z yumdi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Oilada erning xotinga, xotinning eriga nisbatan ishonchi, mehr-muhabbati bo‘lmasa, oilada na baraka, na tinchlik bo‘ladi. O‘rinsiz rashk tufayli bo‘ladigan janjalu to‘polonlardan er ham, ayol ham charchagan edi. Chetdan qaraganda ham ularning oilasiga allaqachon putur yetgan, parokandalikka yuz tutgandi.

Kozim Aliyevning miyasiga o‘rnashib olgan fikr uni ham, turmush o‘rtog‘ini ham ado qildi...

O‘sha kuni spirtli ichimlik ta'siridan mast bo‘lib qolgan Kozimning miyasi yana “aynidi”. Xayolida xotini unga xiyonat qilayotgandek tuyulaverdi. Keyin esa he yo‘q, be yo‘q janjal chiqardi.

Kunda-kunora bo‘ladigan bu kabi janjallardan bezib ketgan ayol akasining yoniga borib, hammasini aytib berish niyatida yo‘lga tushdi. Ammo, M.Aliyeva manziliga yetib borolmadi. Ayolining bu harakati Kozimga haqoratdek tuyuldi. Shu bois, xotinining ortidan borib, yo‘lda uni to‘xtatdi. Janjal yana davom etdi. Turmush o‘rtog‘ining ortga qaytish niyati yo‘qligini anglagan Kozim o‘zi bilan olib kelgan oshxona pichog‘ini ishga soldi. Mastura og‘ir jarohatlar olib, hushini yo‘qotdi.

Yordamga yetib kelganlar Masturani zudlik bilan shifoxonaga olib borishdi, lekin uning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmadi.

Aybini tan olgan Kozim qilmishi oqibatini anglab yetgandir. Biroq, endi juda kech...

Kozim Aliyev sud hukmiga ko‘ra uzoq yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid