Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mahalladagi muammo: 40 yillik daraxtlar nega kesib tashlandi?
Kun.uz tahririyatining elektron pochtasiga bir necha kun avval Marg‘ilon shahrida istiqomat qiluvchi fuqarodan murojaat kelib tushgan edi. Unda mazkur mahalla bilan bog‘liq muammolar tilga olingan ekan.
Jumladan, murojaat muallifi shunday deydi: “Farg‘ona viloyati, Marg‘ilon shahrida joylashgan “Zuhro” MFY, Zuhro ko‘chasida istiqomat qilaman. Mahallamiz hududida arzon turdagi turar-joy binolari qurilayapti. Ular ko‘p qavatli bo‘lib, yetti qavatli uylar massiviga qo‘shimcha zichlantirish usulida qad rostlamoqda. Muammo shundaki, bizning Ipakchilar shaharchasiga kelish uchun Burhoniddin Marg‘iloniy ko‘chasi orqali 500 metrdan ziyod yo‘lni bosib o‘tish kerak. Ana shu yo‘l chetida o‘sib turgan 36 to‘p chinor va 40 yilgi boshqa daraxtlar kesib tashlandi. Endilikda bizning massivga borish uchun mutlaqo oftob ostida yurib kelishi kerak. Bu ko‘chalar salqin bo‘lishi uchun hokimlik vakillari qandaydir harakatda bo‘layaptilarmi?”


Muammo yuzasidan shikoyat muallifi bilan uchrashdik. Manzilni ko‘zdan kechirdik. Chindan ham mahallada istiqomat qiluvchi keksalar uchun bu yo‘lda yurish biroz noqulay. Chinorlar kesilgan va ular qachonlardir soya-salqin qilib turgan joy, bugun jaziramadan yonaman deydi.
Mazkur masala yuzasidan Marg‘ilon shahar hokimi o‘rinbosari Azizbek Abdullayev bilan uchrashdik.

“Bu muammo bilan avval ham tanishib chiqqanmiz. Mahalla ahliga xorijdan yangi lola daraxtlarini olib kelib ekamiz, deb aytganmiz ham”, dedi biz bilan suhbatda hokimiyat vakili A.Abdullayev. “Bu daraxt nafaqat salqinlik beradi, balki o‘zining xushmanzaraligi bilan ham boshqa daraxtlardan ajralib turadi. Ayni vaqtda aholi bilan uchrashib, ularni qiynayotgan muammolarni bartaraf etish yo‘lidamiz. Mazkur muammoni hal etamiz. Biz kichikroq daraxtlarni ham olib kelib ekishimiz mumkin, biroq bu yerdagi keksalarni hisobga olib, kattaroq daraxtlarni olib kelish istagidamiz. Shu sababli daraxtlar xorijdan kelishini kutayapmiz”.

Marg‘ilon shahar hokimligi bosh mutaxassisi Sardor Abdurahmonov esa bizga quyidagilarni gapirib berdi:
“Ayni vaqtda huddi shu mahalla hududida qurilish ishlari olib borilmoqda. Ekologiya xodimlari bu daraxtlarni kesish uchun tavsiya berishgan. Qolaversa, qurilish bo‘layotgan manzilda daraxtlar bo‘lishi mumkin emas. Katta mashinalar turli qurilish materiallarini olib kiradilar. Bu jarayonda daraxtlar xalaqit beradi. Biz aholiga yangicha manzilni taqdim etish maqsadidamiz. Nahotki, buni istamasalar. Marg‘ilon shahar hokimi o‘rinbosari ta'kidlaganidek, qurilish ishlari tugallanganidan so‘ng kashtan, lola singari manzarali daraxtlarni olib kelib ekish maqsadidamiz”.
Hududni ko‘zdan kechirganimizda chindan ham yetti qavatdan iborat arzon turdagi turar-joy binolari qurilayotganiga guvoh bo‘ldik. Bu Marg‘ilon ahlini yangi ko‘rinishdagi uylardan bahra olishlaridan dalolat. O‘ylaymizki, kelgusida mahalla hududi salqinlashtiruvchi daraxtlar bilan yanada barq uradi. Umid bilan maktub yo‘llagan fuqaroning muammosi shu kuni shahar hokimlik vakillari tomonidan o‘z yechimini topdi. Demak, Marg‘ilonda barpo etilayotgan yangi ko‘p qavatli binoning yonginasida ko‘zni quvontiruvchi manzarali daraxtlar o‘tqaziladi. Bu uchun mahalla hududidagi aholi biroz sabr qilsalar bas.
Ahror Ziyo, Farg‘ona
Mavzuga oid
08:24 / 04.06.2026
Farg‘onada membranali suv havzasida bir kishi cho‘kib ketdi
16:15 / 23.05.2026
“Maqsad sari” shina tortgan bola: uning otasiga chora ko‘rilishi mumkin
08:24 / 20.05.2026
Farg‘ona va Namanganda yirik miqdordagi narkotik moddalar musodara qilindi
11:41 / 19.05.2026